Budjet munosabatlari - jamiyat iqtisodiy tizimining elementidir. Iqtisodiy kategoriya sifatida budjet munosabatlari moliyaviy munosabatlarning tarkibiy qismi hisoblanadi. Budjetning moliyaga xos sifat belgilari birinchidan, ijtimoiy mahsulot qiymatining taqsimlanish jarayonida, aniqrog‘i, qayta taqsimlanishi jarayonida vujudga kelib, pul munosabatlarining o‘ziga xos shakli hisoblanadi. Ikkinchidan, budjet markazlashtirilgan moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va undan foydalanishga yo‘naltirilgan fond hisoblanadi.
Budjet munosabatlarining o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iboratdir:
-budjet davlat qo‘lida milliy daromadni bir qismini jamlash va ijtimoiy ehtiyojlar va alohida davlat-xududiy tuzilmalar uchun undan foydalanish bilan bog‘liq qayta taqsimlash munosabatlarining aloxida iqtisodiy shakli hisoblanadi;
-budjet yordamida milliy daromadning bir qismi va ayrim holatlarda milliy boylik xalq xo‘jaligining tarmorqlari, mamlakat xududlari, ijtimoiy faoliyat sohalari o‘rtasida qayta taqsimlanadi;
-qiymatni budjet orqali qayta taqsimlash nisbati moliyaning boshqa bug‘inlariga nisbatan yirik miqdorni tashkil qiladi va kengaytirilgan takror ishlab chiqarish ehtiyojlari va jamiyat rivojlanishining har qaysi tarixiy bosqichlarida uni rivojlanishi oldida turgan vazifalari orqali aniqlanadi;
-budjetning taqsimlash sohasi davlat moliyasida markaziy o‘rinni egallab, uning boshqa bo‘g‘inlariga nisbatan muhim ahamiyatga ega.
Demak, budjet iqtisodiy mohiyati nuqtai-nazaridan mustaqil iqtisodiy kategoriya sifatida ko‘rib o‘tiladigan bo‘lsa, davlatning moliyaviy asosini, qonuniy o‘rnatilishi nuqtai-nazaridan esa, davlatning asosiy moliyaviy rejasi sifatida ko‘rib o‘tiladi.
Bizning fikrimizcha, birinchidan, budjet munosabatlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri sifatida davlat bilan xo‘jalik yurituvchi subyektlar, aholi o‘rtasidagi imperativ xarakterga ega bo‘lgan pul munosabatlari hisoblanishidir. Ikkinchidan, budjet munosabatlari moliyaviy munosabatlarning tarkibiy qismi sifatida markazlashtirilgan pul fondlarini tashkil qilish va undan foydalanish bilan bog‘liq pul munosabatlarini o‘zida aks ettiradi. Xo‘jalik mexanizmining tarkibiy elementi hisoblangan budjet mexanizmidagi yuqorida ta’kidlangan 2 xususiyatli sifat belgilari budjetning moliyadan V. Rodionova ta’kidlagan 4 asosiy farqli jihatlariga ega bo‘lish imkoniyatlarini shakllantiradi.
Qonunlar, monografiyalar, darsliklar, ilmiy maqolalar kabi iqtisodiy adabiyotlarda “budjet” terminini qo‘llashga alohida e’tiborni qaratish lozim.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasining „Budjet tizimi to‘g‘risida”gi qonunida budjetga quyidagicha ta’rif berilgan: ”Davlat budjeti - davlat pul mablag‘larining (shu jumladan davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘larining) markazlashtirilgan jamg‘armasi bo‘lib, unda daromadlar manbalari va ulardan tushumlar miqdori, shuningdek moliya yili mobaynida aniq maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lar sarfi yo‘nalishlari va miqdori nazarda tutiladi”. Professor L.A. Drobozina “pul mablag‘larining asosiy markazlashtirilgan fondi”-deb ta’kidlaydi. Professor A.Yu. Kazak esa “…asosiy moliyaviy reja sifatida… muhim moliyaviy to‘g‘rilovchi sifatida… pul munosabatlarining… majmuasidir”- deb ta’kidlaydi.
Mamlakatimizning iqtisodchi olimlaridan prof. M.Yo‘ldoshev va Y. Tursunovlar esa, byujetga quyidagicha ta’rif berganlar: „Budjet – bu, turli darajadagi markazlashgan pul mablag‘lari fondini vujudga keltirish, taqsimlash va foydalanishga oid asosiy moliyaviy reja bo‘lib, u tegishli davlat yoki mahalliy idora tomonidan ishlab chiqiladigan hamda tasdiqlanadigan yuridik hujjatdan iborat”4.
Shuningdek, iqtisodchilar Z.X. Srojiddinova, A.V. Vahobov va J.R. Sidiqovlar ham davlat budjetining mohiyatini ochib berish uchun qator ta’riflar keltirganlar. Ularda: „Davlat budjeti – davlatning pul mablag‘larini markazlashgan fondi (davlat maqsadli fondlari mablag‘lari bilan birgalikda) bo‘lib, moliya yili davomidagi daromadlar manbalari va aniq maqsadlarga ajratiluvchi mablag‘lar hajmlarini nazarda tutadi”. „Davlat budjeti – davlatning asosiy moliyaviy rejasi bo‘lib, moliyaviy rejalar tizimida muhim rol o‘ynaydi”5.
Iqtisodchi U.A. Burxanov esa: „Davlat budjeti – umumjamiyat xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida tuziladigan, hokimiyatning qonun chiqaruvchi oliy organi tomonidan tasdiqlanadigan davlatning markazlashtirilgan pul fondidir” – deb ta’rif beradi6.
Yuqoridagi olimlarning davlat budjetiga bergan ta’riflarini o‘rganish, solishtirish va tahlil qilish natijasida biz bu kategoriyaga quyidagicha ta’rif berishni ma’qul, deb topdik: «Davlat budjeti – bu tegishli darajadagi (markaziy yoki mahalliy) davlat boshqaruv organi tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan moliyaviy reja bo‘lib, unda davlatning o‘z funksiyalaridan kelib chiqib amalga oshiradigan asosiy xarajatlari hamda ularni moliyalashtirish uchun zarur daromadlari o‘z aksini topadi». Budjetning qaysi darajada ekanligidan qat’i nazar unga uch jihatdan yondashish mumkin7:
Iqtisodiy kategoriya sifatida budjet obyektiv xarakterga ega bo‘lgan pul munosabatlari tizimi sifatida qaraladi.
Moddiy ma’noda budjet - tegishli darajadagi davlat va mahalliy hokimiyat idoralari faoliyatini ta’minlovchi, ular oldiga ko‘yilgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy vazifalarni bajarish imkonini beruvchi markazlashtirilgan pul mablag‘lari fondidan iboratdir. Davlat tomonidan rejalashtirilgan tadbirlarni budjet hisobidan moliyaviy ta’minlash deganda budjetning aynan ana shu moddiy ma’nosi ko‘zda tutiladi.
Xuquqiy kategoriya sifatida budjet tegishli hudud doirasida markazlashtirilgan pul mablag‘larini shakllantirish, taqsimlash, foydalanishga qaratilgan va tegishli davlat yoki mahalliy hokimiyat idorasi tomonidan tasdiqlangan asosiy moliyaviy reja, yuridik me’yorlardan iboratdir.
Asosiy moliyaviy reja sifatida shuni ta’kidlash joizki, unda moliyaviy rejalashtirishga tegishli bo‘lgan: tushumlarning aniq manbalari bo‘yicha pul daromadlari (budjet fondini shaklantirish); aniq yo‘nalishlar va tadbirlar bo‘yicha pul xarajatlari (budjet fondidan foydalanish) kabi alomatlari o‘z aksini topadi.
Budjet asosiy moliyaviy reja sifatida quyidagi belgilar bilan tavsiflanadi:
budjet universal moliyaviy reja sifatida tegishli hududning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotining barcha sohalari va yo‘nalishlarini to‘la qamrab oladi;
budjet boshqa turdagi moliyaviy rejalarga nisbatan muvofiqlashtiruvchi vazifani bajaradi.