Mavzu: Psixik rivojlanishning asosiy qonuniyatlari
Reja:
1. Bola psixik taraqqiyoti haqida tushuncha.
2. Bola psixik taraqqiyotida biologik va ijtimoiy omillar.
3. Psixik taraqqiyot, yosh bosqichlari va yosh inqirozlari.
Bola psixik taraqqiyoti haqida tushuncha
Bolaning o‘sishi, uning psixikasi va ongining taraqqiyoti jamiyat a’zosi sifatida
voyaga yetishida taraqqiyot qanday qilib yuzaga keladi? degan savolni hal qilish
muhim masaladir.
O‘sish - miqdoriy jihatdan ulg‘ayish, demakdir. Taraqqiyot-sifat jihatdan o‘zgarish
demakdir. Bolaning psixik taraqqiyoti ham qarama-qarshiliklar kurashi asosida yuz
beradi. Bu qarama-qarshiliklar:
Bolaning shu choqqacha erishgan darajasi, imkoniyatlari bilan yangi extiyojlar
o‘rtasida tug‘iladigan qarama-qarshiliklar. YA’ni bolalarning extiyojlari tez ortib
boradi. Lekin bu ehtiyojlarni qondirish imkoniyatlari juda sekinlik bilan yuzaga
keladi.
Bolaning eski xulq-atvori formalari bilan yangi xatti-harakatlari, yangi
tashabbuslari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar. Masalan: yosh bolaning asosiy
faoliyati kattalarga taqlid qilishdir. Taqlidiy harakatlarda mustaqillik,
tashabbuskorlik bo‘lmaydi. Bola o‘sib ulg‘aygan sari uning tajribasi, mustaqilligi,
tashabbusi orta boradi. Masalan: mustaqil yurish, ba’zi ishlarni bajarish.
3.Bola hayotining mazmuni bilan uning formasi o‘rtasida vujudga keladigan
qarama-qarshiliklar. Odatda hayotning mazmuni uning formasidan biroz oldinroq
vujudga keladi. Masalan: bola bog‘chaga qatnay boshlashdan oldin oiladagi
hayotga o‘rganib qoladi. Bog‘chada esa yangicha hayotning boshqacha talablari va
qoidalariga duch keladi.
Demak, bolaning psixik taraqqiyoti juda murakkab jarayondir. Lekin bu taraqqiyot
qanchalik murakkab bo‘lmasin uning qonuniyatlari fanga ayondir. Bolaning psixik
taraqqiyoti ijtimoiy hayot bilan bog‘liq bo‘lgan aniq shartsharoitning ta’siri tufayli
yuz beradi.
Bola yashaydigan muhit o‘zgarmas narsa emas, balki u kishilarning faol faoliyati
natijasida o‘zgara boradi. Har bir inson va bolaning ongi o‘zgarib boruvchi muhit
ta’siri ostida o‘sadi. Ammo muhit bolaning o‘sishi uchun qulay va noqulay bo‘lishi
mumkin. Qulay muhit kishining «mudroq» qobiliyatlarini ulg‘aytiradi. Noqulay
ijtimoiy muhitda tug‘ma qobiliyatlar «mudroq» bosgan holda qolaveradi. Bunday
muhit, hatto tasodifan namoyon bo‘lgan iste’dod va qobiliyatlarni ham nobud
qiladi.
Masalan: 1920 yillarda doktor Sang Hindistonda Kalkuttaning janubi- g‘arbidan 2
qizni bo‘rilar orasidan topadi. Qizlardan biri Amola 2 yosh, 1 oydan keyin vafot
etgan, ikkinchisi Kamola 7-8 yosh 17 yoshgacha yashagan, 45ta so‘zni o‘rgangan.
Organizmning o‘sishi, nerv sistemasining shakllanishi psixik hayotning shakl va
mazmuni uchun imkoniyatlar yaratib beradi. Bu imkoniyatlarning ruyobga chiqishi
kishining ijtimoiy muhitda yashashi va taraqqiy etib borishiga bog‘liqdir. Demak,
inson biologik mavjudot sifatida emas, balki ijtimoiy mavjudot sifatida taraqqiy
qiladi.
Demak, insonni inson qiladigan uning butun fazilatlarini yuzaga keltiradigan omil
tashqi ijtimoiy muhitning ta’siridir.
Bolalar psixologiyasi bolani har tomonlama rivojlanishida ta’lim-tarbiyani asosiy
harakatlantiruvchi kuch deb ta’kidlaydi, chunki jamiyatning bolalar ongiga ongli
ta’sir etishi ta’lim-tarbiya orqali amalga oshiriladi. Yosh psixologiyasida psixik
taraqqiyot bilan ta’lim-tarbiya o‘rtasidagi munosabat masalasi muhim masaladir.
Bu masalani olimlar turli nazariyalar bo‘yicha talqin qiladilar:
1) Birinchi nazariya tarafdorlari ijtimoiy ta’lim-tarbiya bilan bola psixik taraqqiyoti
o‘rtasida hech qanday munosabat yo‘q, psixik taraqqiyot o‘z yo‘liga, ijtimoiy
ta’lim-tarbiya o‘z yo‘liga bo‘ladi degan fikrni olg‘a suradi. 2) Ikkinchi xil nazariya
namoyondalari psixik taraqqiyot bilan ijtimoiy ta’lim-tarbiya orasida hech qanday
farq yo‘q degan fikrni bildiradilar.
3) Uchinchi xil nazariya namoyondalari ta’lim-tarbiya va psixik taraqqiyot boshqa-
boshqa jarayonlar bo‘lsa ham, bir-biriga mos keladigan, ya’ni bir-biriga ta’sir
o‘tkazadigan jarayonlardir degan fikrni ilgari suradilar.
Psixologlar jumladan L.S.Vigotskiyning fikricha ta’lim jarayoni taraqqiyot
jarayoniga mos kelmaydi, ta’lim jarayoni taraqqiyotdan ilgarilab ketadi va bolalar
psixikasining taraqqiy etishini o‘z orqasidan ergashtirib boradi. Unga eng yaqin
istiqbol ochib beradi, deb ko‘rsatadi. Vigotskiyning fikricha taraqqiyotning 2
bosqichi bo‘lib, ya’ni birinchisi, faol taraqqiyot bosqichi ( katta yoshli kishilar
yordamisiz mustaqil harakat qila olish;). Ikkinchisi, eng yaqin taraqqiyot zonasi
bosqichi (bolalarning katta yoshli kishilar yordami bilan qiladigan xatti-
harakatlari) bor. Vigotskiy bolalarning psixik rivojlanishi, ayniqsa shu taraqqiyot
jarayonida tezroq rivojlanadi deb ko‘rsatadi.
Taraqqiyotning bu ikki bosqichi bolaning hozirgi vaqtda qanday ekanligini, ya’ni
qanday bilim, malaka va ko‘nikmalarga, xarakter - sifatlarga ega ekanligini va
kelajakda bolaning qanday bilim, ko‘nikmalarga, xarakter sifatlarga ega bo‘la
olishini hisobga olish imkonini beradi.