3. Asab tizimi qo`zg`aluvchanlik xususiyatlari Qo'zg'alishning o'tkazilishi. Yuqorida aytib o'tilgan jarayonlar tolalarning faol holatini saqlab turishda juda muhim. Ularning hammasi qo'zg'alishning o'tkazilishini ta'minlashga qaratilgan.
Ma'lum bo'lishicha, qo'zg'alishning toladan o'tish mexanizmlari ikki jarayondan iborat. Bular mahallaiy javob yuzaga keltirgan katelektrotonik signalni membrananing yon atrofdagi qismlariga ta'sir etishi va shu sohalarda harakat potensialining hosil bo'lishidir.
Yuqorida ko'rsatilganidek, membrananing ta'sirlangan qismida, masalan, unga o'rnatilgan katod ostida depolyarizatsiya rivojlanadi. Buning sababi tola ichiga natriy ionlarining zudlik bilan o'tishida. Tola ichida ko'paygan natriy ionlari tola bo'ylab ikki tarafga tarqaladi va membrananing qo'shni sohalarini depolyarizatsiyaga uchratadi. Elektroton deyiladigan bu passiv depolarizatsiya mahalliy javob paydo bo'lishiga va uning miqdori membrana depolyarizatsiyalanishini kritik darajaga yetishiga sabab bo'lishi mumkin. Bunda harakat potensiali vujudga keladi va u membrananing yondash qismlarini qo'zg'atuvchi kuch bo'lib xizmat qiladi. Demak, membrananing qo'zg'atilgan qismi yon-atrofdagi tinch holatda turgan qismlar uchun qo'zg'atuvchi rolini bajaradi va shu tarzda qo'zg'alish tola bo'ylab ikki tarafga tarqaladi.
Miyelinsiz tolalarda qo'zg'alish uzluksiz holda, tolaning boshidan oxirigacha harakat potensiallari vujudga kelishi tarzida tarqaladi. Ushbu hol harakat potensiali yuzaga kelishi uchun zarur bolgan natriy va kaliy kanallarining nerv tolasi membranasida tekis taqsimlanganligiga bog'liq. Tola membranasida potensiallarning rivojlanishi «Bor yoki yo'q» qonuniga bo'ysungani uchun ularning amplitudasi pasaymaydi, ya'ni qo'zg'alish masofada so'nmaydi.
Qo'zg'alishning miyelinli tolalardan o'tishida katta farq bor. Bu tolalardan qo'zg'alish sakrab-sakrab, saltator ravishda o'tadi. Saltator o'tkazishning sababi shundaki, miyelinli tolalarda potensialga bog'liq bo'lgan natriy va kaliy kanallari membranada tekis taqsimlanmagan. Ranvye bo'g'ilmalarida ularning soni miyelinsiz tola membranasidagi kanallar sonidan 200 marta ko'p. Tolaning miyelin bilan qoplangan qismida bunday kanallar deyarli yo'q, ya'ni tolaning bu qismlari qo'zg'aluvchanlikka ega emas. Bu sharoitda bir Ranvye bo'gilmasida vujudga kelgan harakat potensiali elektrotonik ravishda yondosh bo'g'imlarga tarqaladi. Bu yerda membranani kritik darajagacha depolyarizatsiyalayda va yangi harakat potensiali rivojlanishiga olib keladi. Agar qo'zg'algan bo'g'ilmaga eng yaqin turgan bitta yoki ikkita bo'g'ilma shikastlangan bo'lsa, qo'zg'alisg uchinchi, to'rtinchi bo'g'ilmalarga sakrab otib, ularda harakat potensialini hosil qiladi. Bu tolada rivojlangan va miqdori 80-100 mv ga teng bo'lgan potensiallarning bo'sag'a potensialidan 5-6 marta ko'p bo'lishiga bog'liq.
Qo'zg'alishning miyelinli tolalarda saltator o'tkazilishida ikkita afzallik bor. Birinchidan, bu o'tkazilish energiya sarfi nuqtai nazaridan tejamli, chunki faqat membrana yuzasining 1% ini tashkil qiluvchi Ranvye bo'g'ilmalari qo'zg'aladi. Ikkinchidan, qo'zg'alishning o'tish tezligi miyelinsiz tolalardagiga nisbatan juda yuqori. Shu sababdann, miyelinli tolalar nerv tizimi muhim faoliyatlarining aniq va tez boshqarilib turishini ta'minlovchi qismlarida ko'p.