8-seminar. Mavzu: Amiriy ijodida janrlar takomili.
Reja:
1. Amiriy shaxsiyatiga bir nazar.
2. Amiriy ijodida mumtoz janrlar xususiyati.
Tayanch so‘z va iboralar:
Umarxon, Amir Umarxon, Amiriy (1787 – Qoʻqon – 1822) – Qoʻqon xoni (1810–1822), oʻzbeklarning Ming sulolasiga mansub, zullisonayn shoir. Norboʻtabiyning oʻgʻli. Oʻzbeklarning ming urugʻidan. Boshlangʻich savodini oilada chiqarib, keyin madrasada tahsil olgan. Yoshligidan saroy xizmatiga jalb qilingan: akasi – Qoʻqon xoni Olimxonning davlatni boshqarish ishlarida faol ishtirok etgan. Olimxon 1807–1808-yillarda unga Fargʻona hokimligini topshirgan. Shu yillarda u Andijon hokimi Rahmonqulibiyning qizi Mohlaroyim (Nodira)ga uylangan. Umarxon vafotidan soʻng taxtga oʻgʻli Muhammad Ali-xon chiqdi.[1]
Hokim tabaqalar Olimxonning Toshkentda koʻtarilgan gʻalayonni bostirish uchun qoʻshin tortganligidan foydalanib, fitna uyushtiradilar va 1810-yil Umarxonni xon qilib koʻtaradilar, Olimxon esa oʻldiriladi. Umarxon Qoʻqon xonligi hududini kengaytirish, hokimiyatni mustahkamlash siyosatini olib boradi. Buxoro amiriga qarashli Turkiston shahar (1815), Oʻratepani (1817) bosib olgan. Sirdaryo boʻyidagi yerlarda Yangiqoʻrgʻon, Julek, Qamishqoʻrgʻon, Oqmachit, Qoʻshqoʻrgʻon nomli harbiy istehkomlar qurdirgan. Ular Oʻrta Osiyoni Rossiya bilan bogʻlaydigan muhim savdo yoʻlida joylashgan edi. U Rossiya bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatishga harakat qilgan. Umarxon davrida Qoʻqon, Toshkent, Turkiston, Chimkent, Sayram, Avliyootada masjid va madrasalar qurilib, qabristonlar tartibga keltirilgan. Shahrixon shaharchasi barpo etilgan, yangi qishloqlar vujudga kelgan. Xon amaldorlarining talonchilik siyosatiga qarshi Chimkent va Sayramda koʻtarilgan qoʻzgʻolon bostirilgan. 19-asrning 1-yarmida Qoʻqonda oʻziga xos ilmiy-madaniy muhit vujudga kelgan – uning boshida turgan maʼrifatparvar hukmdor Umarxon ilm, madaniyat, sanʼat, adabiyot, turli kasb-hunarlarning rivojiga katta eʼtibor bergan, madrasalarda oʻqish-oʻqitish ishlarini yaxshilagan, turli hunar maktablari ochilishini qoʻllab-quvvatlagan.
Umarxon Amiriy taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Uning atrofida 70 dan ortiq shoir yigʻilgan. 1821-yilda Fazliy Namangoniy Umarxon amriga binoan, 63 shoirning sheʼrini oʻz ichiga olgan „Majmuai shoiron“ toʻplamini tuzgan. Uni ulugʻlab qasidalar yozish, gʻazallariga tatabbuʼlar bogʻlash bu shoirlar ijodida yetakchi oʻrin tutgan.
Umarxon Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Bedilni oʻziga ustoz sanab, ulardan ijod sirlarini oʻrgangan, ularga ergashib ijod qilgan, gʻazallariga muxammaslar bogʻlagan. Aruzning turkiy adabiyotda mashhur, xalq ijodida ham keng tarqalgan yengil va oʻynoqi vaznlaridagina yozilgan bu sheʼrlarning barchasi ishqu muhabbat mavzuida. Ularda anʼanaviy motivlar va tasavvufiy ruh ustun. Oʻzbek va forstojik tilidagi sheʼrlarini toʻplab, devon tartib bergan. Devon gʻazal, muxammas, musaddas, tuyuq janrlaridagi 10 ming misradan ortiq sheʼrni oʻz ichiga olgan. „Devon“ida Navoiy anʼanalarini davom ettirgan, sheʼriyatning 12 janrida qalam tebratgan. Gʻazallarida dunyoviy ishq tavsifi bilan bir qatorda soʻfiyona talqindagi gʻoyalar ham mavjud. „Devon“ning qoʻlyozma va bosma nashrlari OʻR FA ShIda 3642, 4419, 90, 9993, 5065, 7489 II, 9917, 6745 I, 6672, 1880, 177, 98 III, 9765, 44, 4727 va Adabiyot muzeyida 99, 153 raqamlari ostida saqlanadi.
Oʻzbekiston FA Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyining matnshunoslik va yozma yodgorliklarni nashr etish boʻlimining ilmiy xodimlari tomonidan Umarxonning turli davrlarda koʻchirilgan 26 ta qoʻlyozma devoni hisobga olinib, ularning ilmiy tavsifi berilgan. Bu qoʻlyozmalar Sankt-Peterburg, Toshkent, Samarqand va Buxoro kutubxonalarida saqlanadi. Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida Umarxonning 17 ta qoʻlyozma devoni mavjud. Bundan tashqari, litografik usudda chop etilgan devonlari va shoir sheʼrlaridan namunalar berilgan bayozlar bor.
Oʻzbek mumtoz soʻz sanʼati tarixida alohida hodisa boʻlgan Qoʻqon adabiy muhitining vujudga kelishi hamda rivoj topishida Amir Umarxonning ham xizmati katta boʻlgan. U Amiriy taxallusi bilan oʻzbek va fors-tojik tillarida birday mahorat bilan qalam tebratgan zullisonayn shoirdir.
Mumtoz adabiy anʼanada boʻlgani kabi uning ijodida ham majoziy va haqiqiy ishq bir-birini toʻldiradi, biri ikkinchisiga vosita sifatida qaraladi. Ishqni hayotning maʼnosi, ijodning ilhomchisi hisoblagan shoir koʻplab gʻazallarida oʻzini “ishq mulkining amiri”, “mulki dil amiri”, “koʻngil taxti amiri”, “junun shahri amiri”, “iqlimi vafo amiri” sifatlari bilan lutf etadi.
Amiriy devonidan joy olgan lirik turning qator janrlariga oid namunalar obraz va obrazlilik bilan ziynatlangan. Ularda insonning insonga, tabiatga, jamiyat va ilohiyotga munosabati aks etadi, shoir ularda asrlar davomida shakllanib kelgan anʼanaviy obraz va badiiy tasvir vositalariga qaysidir jihatdan yangicha maʼno yuklaydi.
Xususan, quyidagi gʻazalni koʻzdan kechirganda uning boshqa gʻazallardan zohiran uncha katta farqqa ega emasligini koʻrish mumkin. Ammo, botinan shoir muqoyasa usulini qoʻllash orqali yor jamoli, uning malohatini oʻta serzavq, taʼsirchan baytlar mazmuniga singdiradi:
Menikim mastligʻdin koʻzlaring oʻlturdi, sogʻ oʻlsun,
Koʻzum sarchashmasi ul ikki ohugʻa bulogʻ oʻlsun. (Amiriy. Devon. OʻzRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, inv. – №642. – 149a varaq. Bundan keyin ushbu manbadan gʻazal olinganda, shartli ravishda T deb va qoʻqonlik adabiyot ixlosmandi S. Yoʻldoshev shaxsiy kutubxonasidagi devondan gʻazal olinganda esa, S deb, sahifasi qavs ichida koʻrsatiladi.)
Bayt markazida maʼshuqaning koʻzini vasf etish turibdi. Maʼshuqaning koʻzi xumor boʻlmaganida, oshiqning koʻzi buloq boʻlmas edi. Natijada, ikkinchi misradagi “ohu” tashbehi oshiqning koʻzyosh toʻkish holati bilan birikib, maʼshuqa koʻzining goʻzal tasviri berilgan. Mastona koʻzlarning nigohi oshiqni oʻldirganday boʻldi. Baribir, ular sogʻ boʻlsinlar, deydi oshiq. Ikki ohu esa yorning oʻsha ikki koʻzi. Koʻzyoshini tinimsiz toʻkayotgan oshiqning koʻzlari esa oʻsha ikki ohu suv ichadigan buloq kabidir. Shoir bu yerda sarchashma soʻzini juda oʻrinli ishlatgan. Chunki u ham buloq maʼnosini beradi. (“Koʻzum sarchashmasi”.)
Ikkinchi baytning mazmuni esa bunday: “Shirin labingdan ozgina uyatchanlik bilan kulib qoʻygin. Oʻshanda shakarxand qilganday boʻladi. Undan esa gulgʻuncha bedimogʻ boʻladi (chunki uning oʻsha lab tabassumdagi goʻzalligiga rashki keladi). Shoir labni gʻunchaga oʻxshatish barobarida, tashxis sanʼati asosida, labning shirinligidan xijolat boʻlib, gʻunchaning latif hididan mahrum boʻlganligini mahorat bilan tasvirlaydi:
Tabassum zohir et, shirin labingdin infiol aylab,
Shakarxand aylasun, gulgʻuncha andin bedimogʻ oʻlsun. (T. – 149a.)
Labdan keyin tish tasviri keladi. Bunda yor tishlarining goʻzalligiga urgʻu berish bilan birga, gavhardek tishlarning goʻzalligidan mutaassir boʻlgan oshiqning holati ham koʻrsatiladi:
Koʻzum to koʻrdi gavhardek tishingni laʼli nob ichra,
Ajab ermas sirishkimdinki, durri shabchirogʻ oʻlsun. (T. – 149a.)
Baytda tish qizil laʼl ichidagi gavharga oʻxshatiladi. Uni koʻrgan koʻzyosh toʻkadi. Bu yoshlar shabchirogʻning duri kabidir. Agar “durri shabchirogʻ” birikmasi maʼshuqa tishining nur sochuvchilik xususiyatiga ishora qilsa, navbatdagi baytda tasvir doirasi yanada kengaytiriladi:
Seni gavhar tishingni vasfini daryogʻa arz aylay,
Sadaf oni eshitmoqgʻa saropo bir qulogʻ oʻlsun.(T. – 149a.)
Tishni dur (gavhar, inju, marvarid)ga oʻxshatish – anʼanaviy tashbeh. Lekin sadafga jon ato etish – tashxis sanʼatidan foydalanib, maʼshuqa goʻzalligiga urgʻu berish katta mahoratni taqozo etadi.
Yuz va gulshan – doimiy hamroh obrazlar. Amiriy gʻazalida gul oʻzining yor yuzi, chiroyi oldidagi notavonligidan yoqasini chok-chok etib, faryod koʻtaradi. Baytning badiiy qurilishidan shoirning tashxis sanʼatiga nihoyatda eʼtibor berayotganligining yana bir isbotini topish mumkin. Yana ham toʻgʻrirogʻi, bu gʻazal toʻlaligicha tashxis sanʼati asosiga qurilgan. Chunki baytning ikkinchi misrasida mahbuba yuzidagi xolni koʻrsa, alamdan lolaning koʻksidagi dogʻi ustiga dogʻ qoʻshiladi:
Yuzing gulshanda ochkim, gul yoqasin chok-chok etsun,
Qaro xolingni koʻrsat, lola dogʻ ustida dogʻ oʻlsun. (T. – 149a. )
Quyidagi bayt ham anʼanaviy tasviriy vositalar zamiriga qurilgan. Oshiq endi tashbeh sifatida ishlanuvchi tashqi vositalardan oʻz jismi maydonida mavjud maʼshuqaga aloqador vositalar tasviriga oʻtadi. Koʻngulning yor sochiga tarogʻ boʻlishi – azaliy tashbeh. Lekin, bu oʻrinda, Amiriy yanada yangicha yoʻl tutadi, bayt mazmuniga xalqona ruh beradi. Mashshota mumtoz adabiyotda anchayin keng qoʻllangan obraz. Mashshota – qiz va kelinlarning sochlarini tarab, oro beruvchi, bezantiruvchi pardozchi xotin. Demak, lirik qahramonning parishonligi, shu pardozchi ayol qoʻlidan-da rashk qilishi, tabiiy bir vaziyatni yuzaga keltiradikim, natijada, yor sochiga koʻngulning taroq boʻlishi hayotiy manzarani hosil qiladi:
Parishonholmen mashshota ilgi rashkidin har dam,
Ani sochigʻa, yo Rab, xasta koʻnglumdan tarogʻ oʻlsun. (T. – 149a.)
Keyingi baytda avvalgi fikr davom ettiriladi. Lirik qahramon maʼshuqa xoliga giriftor boʻlibdimi, sochning shu sayd (ovchi – oshiq) uchun tuzoq boʻlishi tasvirga yanada jonlilik baxsh etadi:
Meningdek kim damodam donai xolingni mayl aylar,
Koʻngul saydigʻa, yo Rab, halqai zulfung tuzogʻ oʻlsun. (T. – 149a.)
Maqtaʼda bu fikrlar oʻz yakunini topadi. Yor gulshani tevaragida maftunu mahliyo boʻlib uchib yurgan koʻngul qushlari bu gulshanning yagona, beqiyos gulzoriga shaydo. Bu qushlar – amirmi, podshohmi, bulbulmi, zogʻmi – ahamiyatli emas. Muhimi, maʼshuqa – tengi yoʻq goʻzal:
Bu gulshan qushlari gulzori ruxsoringni shaydosi,
Amiru yo gadodir, xoh bulbul, xohi zogʻ oʻlsun. (T. – 149a.)
Devonda bu kabi tavsifiy gʻazallar anchagina. Ular anʼanaviy xarakterda boʻlsa ham, shoir mahoratini belgilovchi ahamiyatga egaligi jihatidan ajralib turadi.
Mavzu yuzasidan topshiriqlar.
1. Amiriy hayotiga doir qisqacha ma‘lumot bering.
2. Amiriy yaratgan Qo‘qon adabiy muhitiga qaysi shoirlar kiradi?
3. Amiriy buyrug‘i bikan kimlar qanday asarlar yaratganligini ayting.
4. Amiriy ijod namunalaridan yod oling.
5. Amiriy ijodida qaysi janr yetakchilik qilganini aniqlang.
Do'stlaringiz bilan baham: |