Asar mazmunini shartli uch qismga bo‘lish mumkin:
Farg‘ona va Movarounnahr voqealari davri (1494-1504 yy.);
Kobul va Xuroson voqealari davri (1504-1525 yy.);
Hindiston voqealari davri (1525-1530 yy.).
Siyosiy voqealar bayonidan tashqari, asar geografik hamda etnografik ma’lumotlarga boy. Undan Farg‘onaning turk-mo‘g‘ul qabilalari, ko‘chmanchi o‘zbeklar qo‘shini tuzilishi, Movarounnahr, Xuroson va Hindiston xalqlarining urf-odatlari, hayvonoti, nabototi, parrandalari va boshqalar to‘g‘risida tafsilotlar ham o‘rin olgan.
“Vaqoyi’” asari asl matni uch marta, birinchi marta 1857 yili Qozonda N.I.Ilminskiy tomonidan Buxoro qo‘lyozmasi va ikki marta 1905 va 1970 yillari Angliyaning poytaxti London shahrida A.Beverij xonim tomonidan Haydarobod qo‘lyozmasi asosida chop qilingan edi.
1995-1996 yillari yapon olimi Eyji Manu “Vaqoyi’” asari matnini to‘rtta turkiy va uchta forsiy qo‘lyozmalari asosida tuzib, unga mukammal ko‘rsatkichlarni alohida jild sifatida ilova qildi. Bu tadqiqotchi keyincha yapon tilida tarjima va ko‘rsatkichlarni ikki jildda chop etdi.
Kirill-rus alifbosida 1948-1949 yillari ikki jildda S.Mirzayev va P.Shamsiyev tomonidan birinchi bor va 1960 yili bir jild sifatida chop qilingan edi.
2002 yili S.Hasanov tomonidan P.Shamsiyev, S.Mirzayev va Eyji Manu nashrlari asosida “Vaqoyi’” asar matnini chop etdi. Ammo bular va boshqa nashrlar ushbu jahonga mashhur asarning asl nusxasining ilmiy akademik nashri emas.
Garchi “Vaqoyi’” asl nusxa matni ilmiy asosda tiklanmagan bo‘lsa-da, uni tarjima qilish, o‘rganish hali asar to‘la tugamasdan oldin boshlangan edi.
Ilk marti “Vaqoyi’” asarini fors tiliga tarjima qila boshlagan va bir qismini tarjima qilgan shaxs Boburning safdoshi va sadri Shayx Zayn Xavrfiy (vaf.1534 y.) edi.
Asar butunlay tugamasdan turib, undan bir nusxani Bobur ko‘chirtirib Movarounnahrga jo‘natgan edi.
“Vaqoyi’” bilan tasodifan tanishgan Boburning chevarasi Sulton Salim, bo‘lg‘usi Jahongir otalig‘i, ma’naviy ustozi Qutbiddin Muhammad Beklarbegi o‘g‘li Behruzxon Navrangxondir. U Mirzo Poyanda Hasan G‘aznaviydan asarni fors tiliga tarjima qildira boshlaydi. Ammo tarjimon vafot etgach, Muhammad Quli Hisoriyni bu ishga jalb etib, 1586 yili tarjima nihoyasiga yetadi.
Uchinchi marta “Vaqoyi’”ni fors tiliga tarjima qilish tashabbuskori Boburning nabirasi Jaloliddin Muhammad Akbar (1556-1605 yy.) edi. U asarni Bayramxon o‘g‘li Abdurahimxonga tarjima qildirib, uning ko‘plab nusxalarini nafis mo‘jaz rasmlar bilan bezattirgan. Forsiy tildagi ushbu uchchala tarjima asl matnni tiklashda katta ilmiy ahamiyatga ega.
“Vaqoyi’” asari g‘arb olimlari ichida mashhur va juda katta obro‘-e’tiborga molik. Asar ingliz tiliga uch marta 1826, 1921 va 1990 yillari to‘la tarjima qilingan bo‘lsa, uning ixcham va qisqartirilgan nashrlari o‘n beshdan ziyoddir. Aytish mumkinki, so‘nggi ikki yuz yil davomida ingliz sharqshunoslari “Vaqoyi’” asarini juda jiddiy o‘rganmoqdalar va maxsus Boburshunoslik ilmiy yo‘nalishiga asos solganlar.
Asarning forsiy toshbosma matni ham mavjud. Kitob yana ikki marta fransuz tiliga, nemis, turk, yapon, hind, urdu, turk, qozoq tillariga tarjima qilingan.
Umuman, sharq tarixiga oid asarlar ichida “Vaqoyi’” bksak mavqega ega. Shunday tarixiy obida to‘g‘risida uch marta akademik S.Azimjonova tomonidan rus tilida kitoblar chop etilgan bo‘lsa-da, o‘zbek tilidagi tadqiqotlar asosan filologik yo‘yealishda amalga oshirilgan.
“Vaqoyi’” birinchi galda tarixiy manba va u boshqa soha mutaxassislari uchun ham bebaho obida va ibratli namunadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |