. Ishchi kuchi migratsiyasi va uning mehnat bozoriga ta’siri
Reja:
1. Aholining ish bilan bandligini ta’minlash borasida davlat siyosatining amalga oshirilishi
2. Mehnat migratsiyasining davlat tomonidan tartibga solinishi va uning asosiy ko‘rinishlari
3. Evroosiyo iqtisodiy hamjamiyatidagi mehnat migratsiyasining ko‘lami va geografiyasi
4. O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi bo‘yicha davlat siyosatining amalga oshirilishi
1.Ishchi kuchi migratsiyasining ijtimoiy-iqtisodiy mazmuni va mohiyati
XXI asrda jahon iqtisodiyotining integratsiyalashuvi va liberallashuvi jarayonida ishchi kuchi migratsiyasining ahamiyati muntazam oshib bormoqda. Aynan shu bois, ishchi kuchi migratsiyasining ijtimoiy-iqtisodiy mazmun va mohiyatini ochib berish uning qanchalik muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.
Migratsiya - aholining, shu jumladan ishchi kuchining bir hududdan ikkinchi hududga ko‘chib o‘tish harakati bo‘lib, uning miqyosi va sur’ati mamlakatdagi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vaziyat hamda mehnat bozori sig‘imini ham belgilab beradi. Ijtimoiy jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, ishchi kuchi migratsiyasi deganda mamlakat mehnat resurslarining bir hududdan boshqa bir hududga ko‘chib yurishi tushunilsa, iqtisodiy nuqtai-nazardan esa, ijtimoiy mazmuni bilan bog‘langan holda, iqtisodiyot tarmoqlarida ish bilan band aholining mintaqa va hududlararo ko‘chib yurishi tushuniladi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti va Xalqaro Migratsiya bo‘yicha Tashkilot tomonidan ishlab chiqilgan ta’rifga ko‘ra, mehnat-migrantlari deganda insonlarning biror bir hududdan u o‘zi istiqomat qiladigan mamlakat miqyosida yoki ruxsat etiladigan mamlakatga ko‘chib borib, u erda iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanadigan qismi tushuniladi.
Ishchi kuchi migratsiyasi deganda, odatda, mehnatga qobiliyatli aholining ishlab chiqarishni rivojlantirish va joylashtirishdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq makoniy ko‘chib yurishi tushuniladi. Aholining mazkur qismining ko‘chib yurishini talqin qilishda ikkita yondashuvdan foydalaniladi. Birinchi yondashuv ancha keng va umumiy bo‘lib, unda migratsiya aslida ishchi kuchining makonda harakat qilishga mos keladi, ikkinchi yondashuv ancha tor va maxsus yondashuv bo‘lib, bunda migratsiya makonda xarakat qilishning muayyan turlari bilan cheklanadi. Ikkinchi yondashuv migratio (lotincha «ko‘chib yurish», «joyini o‘zgartirish») so‘zining dastlabki ma’nosiga mos keladi.
Ishchi kuchi migratsiyasining, butun aholi migratsiyasi kabi, makonda xilma- xil ko‘chib yurish turlaridan ajratishning umumiy qabul qilingan mezonlari mavjud. Ularga doimiy yashash joyini o‘zgartirish, hududining majburiy chegaralarini kesib o‘tish, migrantning yangi yashash joyida uzoq muddat yoki doimiy turishi kiradi. Mehnat migratsiyasi vujudga kelishining asosiy motivlaridan biri bo‘lib, mehnatga yaroqli aholining yuqori ish haqi olish maqsadida o‘zi uchun qulay sharoitli ish joyiga ega bo‘lishi hamda o‘zining eng yaxshi mehnat faoliyatiga erishish istagi hisoblanadi.
Har bir xududda emigratsiya va immigratsiya tomonlari mavjud bo‘ladi. Emigratsiya - chegara ortiga chiqib ketish bo‘lsa, immigratsiya - chegara ortidan kirib kelish demak. Immigratsiya va emigratsiya o‘rtasidagi farq migratsiya saldosini beradi. SHu erda yana shuni ta’kidlash kerakki, «remigratsiya» atamasi ham bo‘lib, emmigrantlarni qaytadan o‘z makoniga qaytishini anglatadi. Qonuniy migrantlarning yana bir alohida turi mavjudki, bu chegara ortida ishlovchilardir. Buni shunday izohlash mumkin, ya’ni har kuni doimiy ravishda qo‘shni davlat chegarasini kesib o‘tib u erda ishlashdir. Bunga yaqqol misol qilib meksikalik ishchilarning har kuni AQSH hududiga o‘tib ishlashini yoki Belgiyaliklarni Fransiya hududiga o‘tib ishlashini aytishimiz mumkin.
Zamonaviy mehnat migratsiyasining Xalqaro Mehnat Tashkilot (XMT) tomonidan 5 ta asosiy turi ajratib ko‘rsatiladi:
1. SHartnoma asosida ishlovchilar. Bunda ishlovchilarning kirib kelish muddati qabul qiluvchi davlat tomonidan aniq qilib ko‘rsatadi. Bu holat asosan mavsumiy ishlar, jumladan, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ekish, parvarishlash va hosilni yig‘ib olish kabilar bilan bog‘liqdir. Mazkur turdagi faoliyatga odatda malakasiz yoki malakasi past bo‘lgan ishchilarning mehnat migratsiyasi misol bo‘la oladi.
2. Malakali kadrlar migratsiyasi. Bunga amaliy tajribasi va bilimi shuningdek tayyorgarligi yuqori bo‘lgan xodimlarning mehnat migratsiyasi misol bo‘la oladi.
3. Noqonuniy migrantlar. Mazkur toifaga tegishli rasmiy hujjatlarni rasmiylashtirmasdan xorijda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar kiradi.
4. Qochoqlar - bular hayoti va faoliyati xavf ostida bo‘lganligi sababli xorijga ketib qolgan kishilar.
5. Ko‘ chmanchilar - bular doimiy yashash uchun boshqa mintaqalarga ko ‘ chib yuruvchilar.
2. Mehnat migratsiyasining davlat tomonidan tartibga
solinishi va uning asosiy ko‘rinishlari
Ishchi kuchi migratsiyasi davlat qonunchiligi va xalqaro aktlar yordamida tartibga solib turiladi. Milliy qonunchilikda 2 xil tendensiya yonma-yon yuradi:
• ochiq iqtisodiyot sharoitida, ya’ni mehnat resurslarining erkin harakati;
• proeksionizm sharoitida, ya’ni migratsiya jarayonining cheklanganligi.
Davlat migratsiya siyosati - ishchi kuchi eksporti va importini tartibga solib turuvchi davlatning maqsadli faoliyati ishchi kuchi migratsiyasining davlat tomonidan tartibga solinishi bevosita mehnat migrantlarining manfaatlarini hamda ishchi kuchini eksport va import qiluvchi mamlakatlarning manfaatlarini himoya qilinishini ta’minlash bilan bog‘liq.
Davlat migratsiya siyosatini tartibga solishning turli maqsad va usullaridan kelib chiqib emigratsiya va immigratsiya siyosatiga ajraladi.
Davlatning emigratsiya siyosati - bilvosita tartibga solish ya’ni ma’qul bo‘lgan emigratsiya iqlimini yaratish va bevosita tartibga solish ya’ni emigratsiya oqimlarining hajmi va tarkibini maqsadli ravishda tartibga solishni ko‘zlaydigan sayosat.
Emigratsiya oqimlarini bilvosita tartibga solish usuli:
• xorijdan valyuta kirib kelishini ko‘zlagan valyuta va bank siyosati;
• hisob raqamida xorij valyutasini saqlash bo‘yicha tegishli imtiyozlar berish;
• mehnat migrantlariga qimmatli qog‘ozlarni sotish;
• bojxona siyosati, ya’ni bunda o‘z vataniga qaytayotgan mehnat migrantlariga boj to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar beriladi.
Emigratsiyani tartibga solishning bevosita usuli:
• mehnat migratsiyasi sub’ektlarini ya’ni vositachi firmalar yoki mehnat migrantlarini nazorat qilib turish;
• ekspansion siyosat, ya’ni xorij bozorlaridagi ish joylarini egallab olish uchun yo‘naltirilgan siyosat (masalan, o‘sha mamlakatda ishlab chiqarilib eksport qilinadigan mahsulotni ishlab chiqaruvchi mutaxassislarni ko‘proq jo‘natish orqali bozorni egallash);
• tuzilmaviy siyosatning asosiy elementlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi: xorij pasporti berilishini cheklash; ayrim toifadagi ishchilarning chiqib ketishini taqiqlash va emigratsiyaga kvota qo‘yish.
Davlatning immigratsiya siyosati - milliy mehnat bozori migrantlarining tartibsiz harakatidan va noto‘g‘ri foydalanilishidan himoya qilish siyosati. Migrantlar quyidagi 3 ta toifa bo‘yicha tasniflanadilar:
1) oilaviy emigratsiya, bunda oila a’zolarining ayrimlari xorijda yurganligi bois qolganlari ham ko‘chib borishga to‘g‘ri keladi;
2) iqtisodiy emigratsiya, katta mahorat va mehnatga layoqatlilik, xususiy tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha malaka talab qiladigan va iqtisodiyotning rivojlanishiga xissa qo‘shadigan migratsiya yo‘nalishidir. Bu turdagi iqtisodiy emigratsiya ham 4 xil ko‘rinishga ega:
• shaxsiy tadbirkorlik emigratsiyasi (o‘z tajribasi va kapitali orqali borgan joyida ish boshlaydi);
• yoshi kichikroq bo‘lgan, lekin yaxshi malakali bo‘lgan shaxslarning emigratsiyasi;
• ish beruvchi taklifiga binoan emigratsiya;
• xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan ya’ni ijod va sport kabilar tufayli emigratsiya;
3) gumanitar emigratsiya, qochoqlarning harakati sifatida namoyon bo‘ladi.
Davlatning immigratsiya siyosati quyidagilardan tashkil topadi:
• xorij ishchi kuchlarining sifatiga bo‘lgan talab. YA’ni bunda ishlashni xohlovchi xorij fuqarolarining ma’lumoti, kasb-kori, malakasi va ish stajiga alohida e’tibor qaratiladi. Masalan, Avstraliyada mutaxassisligi bo‘yicha kamida 3 yil, Ummon, Birlashgan Arab Amirligi, Qatar kabi davlatlarda hatto oshpazlikka ham kamida 5 yil stajga ega bo‘lganlar qabul qilinadi;
• yosh bo‘yicha tanlanishi. Buning mazmuni shundaki, import qilayotgan davlat, mehnatga layoqatli yoshdagilarning ayniqsa 20 yoshdan to 40 yoshgacha bo‘lganlarni qabul qilishni xohlaydi;
• salomatligi bo‘yicha. Xorijlik ishchilarning ko‘rikdan o‘tkazilishi bilan izohlanadi. Masalan, SHvetsiya va Norvegiyada yollovchi firmalar kirib kelayotgan ishlovchi nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi;
Evroosiyo iqtisodiy hamjamiyati mamlakatlarida mehnat migratsiyasi ommaviy tus oldi, bu esa ijtimoiy-iqtisodiy sohada jiddiy o‘zgarishlarga olib kelmoqda. Baholashlarga ko‘ra, unda 3,9-4,5 mln. kishi yoki ish bilan band aholining taxminan 4-5 % qatnashmoqda
Bu erda mehnat migrantlarining turli tomonga yo‘nalgan quyidagi ikki oqimini: mehnat immigratsiyasi va mehnat emigratsiyasini ajratib ko‘rsatish mumkin. SHu bilan birga, oqimlarning har biri legal (rasmiy xizmatlar tomonidan ro‘yxatga olingan) va nolegal (ro‘yxatga olinmagan) tarkibiy qismlarni o‘z ichiga oladi
Keyingi yillarda Evroosiyo iqtisodiy hamjamiyatining ba’zi mamlakatlari o‘z fuqarolarining huquqlarini himoyalash va mehnat emigratsiyasini uyushgan o‘zanga solish masalalarida o‘z pozitsiyalarini ancha faollashtirdilar. Masalan, Qirg‘izistonda Migratsiya va ish bilan bandlik davlat qo‘mitasi tashkil qilinib, unga vazirlik maqomi berildi, uning rahbari esa mamlakat hukumatining tarkibiga kirdi. SHu tariqa ushbu mamlakatdan mehnat migrantlari boradigan mamlakatlar bilan davlatlararo muloqot boshlanishi uchun shart-sharoitlar yaratildi. Migratsiya va ish bilan bandlik davlat qo‘mitasi Rossiyaning qator mamlakatlarida, shu jumladan, Moskvada o‘z vakolatxonalarini ochdi, ushbu vakolatxonalarga Rossiyaning mehnat bozoridagi vaziyatni o‘rganish topshirildi. Natijada Qirg‘iziston o‘z fuqarolarining ishga joylashish masalasini Rossiya mintaqalari bilan hal qila boshladi. Masalan, Penza viloyatining rahbariyati Qirg‘izistondan keladigan 2 ming mehnat migrantini qabul qilishga tayyorligini e’lon qildi. Ushbu viloyat rahbariyati mazkur mehnat migrantlari yordamida qishloq joylarda sabzavotchilik va chorvachilikni tiklash, shuningdek qishloq joylardagi sog‘liqni saqlash tizimidagi malakali kadrlar tanqisligini bartaraf etish umidida edi 17.
Jahonning turli mamlakatlaridagi vaziyatni tahlil qilish va mehnat migratsiyasini tartibga solish tajribasini umumlashtirish shuni ko‘rsatmoqdaki, jahondagi siyosiy ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini hisobga ola turib, mamlakatning ishchi kuchiga bo‘lgan konkret ehtiyojlarini aniqlash xorijdan keladigan mehnat migratsiyasiga oid siyosatni shakllantirish uchun negiz bo‘lib qolishi kerak. Bir tomondan, ish bilan band aholining sonini (jumladan, mehnat migrantlari hisobiga) oshirib borish mumkin. Ikkinchi tomondan esa, mehnat unumdorligini oshirish, uskunalarni yangilash va ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalashga mablag‘ sarflaydigan korxona egalarini soliq vositalari orqali rag‘batlantirib borish mumkin.
Mehnat migratsiyasining ko‘rib chiqilgan xususiyatlari va tendensiyalari uni tartibga solish tizimini takomillashtirishga oid qator tavsiyalarni ta’riflash imkonini beradi. Bu tavsiyalar shundan kelib chiqadiki, ushbu sohadagi Evroosiyo hamjamiyatiga kiruvchi mamlakatlarda davlat siyosatining maqsadi vaqtinchalikka kelgan mehnat migrantlarini kerakli miqyosda ishga jalb etish hisobiga mehnat resurslari balansini ta’minlashdan iborat bo‘lishi lozim. Mahalliy aholi ishga joylashish borasida ustuvor huquqqa ega bo‘ladigan tarzda ishchi kuchiga oid aniq asoslangan ehtiyojlar negizida MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlaridan vaqtinchalikka keladigan uyushgan mehnat migratsiyasining kelaverishini rag‘batlantirish, shuningdek vaqtinchalikka keladigan mehnat migrantlarini legallashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish bunday siyosatning ustuvorliklaridir.
Mehnat migratsiyasini tartibga solish yuzasidan quyidagi konkret chora- tadbirlarni taklif etish mumkin.
Mehnat migrantlarini uyushgan tarzda vaqtincha ishga jalb etish to‘g‘risida, bir tomondan, Evroosiyo davlatlarining eng yirigi bo‘lgan Rossiya mintaqalari va ikkinchi tomondan, ortiqcha mehnat resurslariga ega bo‘lgan MDH mamlakatlari o‘rtasida ikki tomonlama tuziladigan bitimlarni tayyorlash va imzolash zarur.
Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida migrantlarni izlash, qabul qilish, rasmiylashtirish va vaqtincha ishga joylashtirish bo‘yicha davlat va xususiy kapital qatnashadigan rekruting kompaniyalari tashkil etish maqsadga muvofiq.
Ish beruvchi uchun mehnat migrantlarini vaqtinchalik ishga rasmiylashtirish taomilini soddalashtirish va tezlashtirish muhim. Bunday taomil xabarlovchi tusda bo‘lishi, aholini ish bilan ta’minlash xizmati orqali amalga oshirilishi va vaqt jihatidan qat’iyan cheklangan (ko‘pi bilan 10-15 kunni egallaydigan) bo‘lishi lozim.
Mehnat qilish shartlariga, ishlab chiqarishdagi xavfsizlik texnikasiga rioya qilish, mehnat migrantlarining yashab turishlari uchun zarur bo‘ladigan ijtimoiy- maishiy sharoitlarning mehnat foliyatini amalga oshirishlari uchun qonuniyligini muntazam monitoringini tashkil etish zarur. SHu bilan bir yo‘la ish beruvchilarning migrantlar mehnatidan foydalanishlari ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek nolegal migrantlarning mehnatini ekspluatatsiya qiladigan ish beruvchilarni jazolashni (toki jinoiy javobgar qilishgacha) qattiqlashtirish lozim. Ayni chog‘da esa vaqtinchalikka kelgan mehnat migrantlarini ishga qonuniy rasmiylashtirishni amalga oshiradigan, ularning ijtimoiy sug‘urta qilinishi, normal turar joy sharoitlarida yashashi va xavfsiz sharoitlarda mehnat qilishini ta’minlaydigan ish beruvchilarni rag‘batlantirish kerak. Xorijlik mehnat migrantlarini ishga yollash qoidalaridan ish beruvchilarni xabardor qilib borish ham xuddi shu kabi muhimdir. Xorijlik xodimlarni legal ravishda rasmiylashtiradigan, ularga to‘lanadigan ish xaqini oshiradigan, ularning sug‘urta qilinishlarini taminlaydigan ish beruvchilarning ijtimoiy mablag‘ ajratmalari stavkasini pasaytirish mumkin.
Barcha Evroosiyo mamlakatlarining turli mintaqalarida ochiq maslaxat shoxobchalar tarmog‘ini tashkil etish asosida migrantlaming huquqlarini ta’minlash, ishga taklif etayotgan mamlakatda yashab turish shart-sharoitlariga rioya qilish masalalarida axborot va maslahatlar bilan qo‘llab-quvvatlab borish tizimini tashkil etish zarur. Ro‘yxatdan o‘tish, yashab turish va ishlash qoidalaridan migrantlarni iloji bo‘lgan barcha yo‘llar bilan: televidenie, radio, gazetalar, axborot tablolari va stendlar orqali xabardor qilib borish kerak. Bunday ko‘rgazmali axborotlar bozorlarda, avtobus bekatlarida ko‘zga ko‘rinadigan tarzda joylashtirib borilishi lozim. Mazkur axborotlar mehnat migrantlarining asosiy oqimlari qaysi mamlakatlardan kelayotgan bo‘lsa, o‘sha mamlakatlarning tillariga tarjima qilinishini ham ta’minlash zarur.
Evroosiyo mamlakatlari iqtisodiyotining rivojlanish darajasi o‘rtacha muddatli istiqbolda ikki toifadagi mehnat migrantlariga - past malakali ishchi kuchiga va muayyan kasblarning tajribali mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojning kuchayib borishi bilan xarakterlanadi. Birinchi toifadagi mehnat migrantlarini ishga jalb qilganda xorij mamlakatlar tajribasidan foydalanish kerak (xorijiy mamlakatlarda bunday toifadagi mehnat migrantlari fuqarolik berilmaydigan tarzda keyinchalik mamlakatdan chiqib ketish sharti bilan shartnomalarda aniq aytib o‘tilgan muddatlarga vaqtinchalikka qabul qilinadilar).
Ikkinchi toifadagi mehnat migrantlariga tatbiqan qattiqroq mezonlar qo‘llanilishi kerak: muayyan darajali ma’lumotga ega bo‘lish, mutaxassisligi bo‘yicha diplom va ish tajribasi bo‘lishi, muayyan yoshda bo‘lish talab qilinadi. Turli mamlakatlarning tajribasi ko‘rsatishicha, migrantlarning bu toifasi nafaqat mehnat resurslarining, balki shuningdek doimiy aholining soni to‘ldirib borilishining manbai bo‘ladi. Germaniya, AQSH, Avstraliya va ko‘plab boshqa mamlakatlarda yuqori malakali mutaxassislar mazkur mamlakatda bir necha yil mobaynida yashab turganlaridan keyin ularga istiqomat qilishga guvohnoma va fuqarolik beriladi. SHunda vaqtinchalik mehnat migratsiyasi doimiyga aylanadi, bu esa qisman bo‘lsa-da, mamlakatning mehnat resurslari va demografik muammolarini hal qilishga ko‘maklashadi.
O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi bo‘yicha davlat siyosatining
amalga oshirilishi
O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha faol davlat siyosati amalga oshirilib, mazkur siyosat tegishli qonunlar, Prezident Qarorlari va Farmonlari, hukumat qarorlari va shu kabi me’yoriy-huquqiy hujjatlar orqali amalga oshiriladi, boshqariladi va tartibga solinadi. O‘zbekiston Respublikasim Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 12 noyabrdagi 505-sonli qaroriga muvofiq, mamlakat fuqarolari ning xorijiy davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish tamoyillari va shart- sharoitlari belgilab berilgan. Unga muvofiq O‘zbekiston fuqarolari:
• mamlakat qonun hujjatlariga muvofiq hukumatlararo, idoralararo shartnomalar va bitimlar asosida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqish huquqiga egadirlar;
• xususiy mehnat kontraktlari bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga faqat O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bo‘yicha chiqish huquqiga egadirlar.
Tashqi mehnat migratsiyasi O‘zbekistonda ishchi kuchining tashqi migratsiyasini tartibga solish va boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat tuzilmasi hisoblanib, uning asosiy vazifalari hisoblanadi:
• mehnat migratsiyasi sohasidagi xalqaro hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
• O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda va xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasida ishga joylashtirish uchun kvotalar ajratish va ruxsatnomalar berish masalalari bo‘yicha xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish;
• O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini ro‘yobga chiqarishda ishga joylashtirish, xorijda ishga joylashtirishga nomzodlar bilan dastlabki ko‘nikuv tadbirlarini o‘tkazish yo‘li bilan ularga ko‘maklashish;
• O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijlardagi va xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasidagi mehnat faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
• Fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha xo‘jalik hisobidagi mintaqaviy byurolar, shuningdek xorijga ketayotgan fuqarolarni oldindan ko‘niktirish va o‘qitish markazi faoliyatini muvofiqlashtirish;
• xorijiy ishchi kuchlarini yollovchi xorij firmalari (korxonalar, muassasalar, kompaniyalar) bilan hamkorlikni rivojlantirish;
• O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijiy mamlakatlarga jo‘natish uchun nomzodlarni tanlab olishi bo‘yicha Idoralararo komissiyaning qarorlariga muvofiq ruxsatnomalar berish (ruxsatnomalarning amal qilish muddatini uzaytirish);
• yuridik shaxslarga xorijiy ishchi kuchlarini jalb etish uchun ruxsatnomalar berish (ruxsatnomalarning amal qilish muddatini uzaytirish), shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmalari takliflariga muvofiq hamda tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlari tahlili, aholi mehnat migratsiyasini rivojlantirishning uzoq muddatli va o‘rtacha muddatli prognozlarini hisobga olgan holda xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatiga tasdiqnomalar berish.
Do'stlaringiz bilan baham: |