Ko‘z birla qoshing yaxshi, qabog‘ing yaxshi,
Yuz birla so‘zing yaxshi, dudog‘ing yaxshi.
Eng birla menging yaxshi, saqog‘ing yaxshi,
Bir-bir ne deyin, boshdin-ayog‘ing yaxshi .
Navoiy mazkur she’rida tavzi’ san’atidan ham ustalik bilan foydalanib suyuklining “boshdin-ayog‘” go‘zal qiyofasini mohirlik bilan tasvirlagan.
Inglizcha tarjimasi:
Your eyes and brows are good, eyelids are good,
Your appearance and words are good, your lips are good,
Your cheeks with marks are good, chins are good,
Shall I name one by one, you are good from head to foot .
Asliyatdagi otlarning uyushib kelishi tarjimaga ham ko‘chgan. Tarjimon radifdan oldin kelgan qofiyadosh qabog‘ing, dudog‘ing, saqog‘ing, ayog‘ing so‘zlarini ingliz tilida eyelids, lips, chins so‘zlari bilan berib, til imkoniyatidan kelib chiqqan, natijada o‘zaro ohangdoshlik hosil qilishga intilgan va bunga erishgan. Tarjimada ruboiy ohangi to‘liq saqlab qolingan va inglizcha bo‘yoqdorlikdan xoli. Ingliz poeziyasida aruz bo‘lmaganidek, o‘zbek she’riyatida ham yamb yo‘q. Bunday qaraganda, yamb bilan aruz o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Bir-biridan yiroq bo‘lgan ikki she’riy sistema va an’anani “omixta” qilishda tarjimon jur’at bilan qalam surgan. U ingliz yambiga asl nusxadagi ixchamlik va emotsionallikni saqlay oladigan, yangi ohang beruvchi radifli qofiya kiritgan. Natijada esa qandaydir uchinchi – ona tili va bo‘lak tildagi she’riy unsurlar omixtasidan iborat nazmiy mushtaraklik barpo etilgan. Eng qizig‘i shundaki, asliyatdagi tavzi’ san’ati tarjimada qayta yaratilgan.
Alisher Navoiy yorni yanada jozibaliroq tasvirlash maqsadida tashbih san’atidan va uning turlaridan ham keng foydalanadi:
Dedim zaqaning tutub, saqog‘ingni o‘pay,
Ko‘z qoshingga surtubon qabog‘ingni o‘pay,
Guldek yuzung islabon dudog‘ingni o‘pay,
Yo‘q, yo‘q, yo‘q, agar desang ayog‘ingni o‘pay .
Alisher Navoiy bu tashbihda -dek qo‘shimchasidan foydalanib tashbihi mutlaq (aniq o‘xshatish) xilini xosil qilmoqda. “O‘pay” radifli ruboiy tarjimasiga ham ohang va jarangdorligi jihatidan Sharqona uslubning G‘arbcha jarangi deya baho berish mumkin.
Inglizcha tarjimasi:
I said, holding by your chin your cheeks I kiss,
Licking your eyes with eyelids your brows I kiss,
Smelling your rosy cheeks your lips I kiss,
If you say: No, No, No, your foot I kiss.
Tarjima shu darajada aniq va tushunarli chiqqanki, inglizcha matndanoq Navoiy ohangi sezilib turadi. Oshiqning yor labi, yonoqlari, ko‘zu-qoshlaridan o‘pish orzusi va bu orzuga erisholmasa, ya’ni ma’nan balandda turgan ma’shuqa ruxsat bermasa, hech bo‘lmasa, oyog‘idan o‘pish va yor vasliga qonish ilohiy va majoziy ishq savdosi dardiga malham bo‘lishi ikkala matnda (asliyat va tarjimada) birdek tushunarli va chiroyli ifoda etilgan. Ruboiyda qo‘llangan savolu javob san’ati ham tarjimada qayta yaratilgan. Inglizcha tarjimaga Navoiy ruboiylarining ohangi va ruhiyatining ko‘chganligiga, tarjimonning o‘zbek millatidan ekanligi va bu ohang uning shuuriga singib ketganidan tarjimon bu qadar muvaffaqiyatga erishgan bo‘lishi mumkin.
Albatta, tarjimada ohang muhim. O‘ziga xos jarangga ega lirik janr chet el kitobxonida ko‘proq qiziqish uyg‘otadi. Qo‘shiq misolida aytadigan bo‘lsak, uning matnidan ko‘ra birinchi navbatda yoqimli ohangi e’tiborni tortadi. Navoiy ijodiyotini ingliz tiliga tarjima qilishda ma’no bilan bir qatorda ohang birinchi o‘ringa qo‘yilishi zarur deb o‘ylaymiz. Keyingi ruboiyda ham Alisher Navoiy tashbehning tashbihi mutlaq (aniq o‘xshatish) xilini xosil qilmoqda:
G‘urbatda g‘arib shodumon bo‘lmas emush,
El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emush,
Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa,
Do'stlaringiz bilan baham: |