Gialin tog’ay to’qimasi
Gialin tog`ay ko`p uchraydigan tog`ay turidir. Embrion skeletining ko`p qismi voyaga yetgan organizmda esa qovurg`alarning to`sh suyagiga tutashish joyi, bo`g`imlar yuzasi va havo o`tkazuvchi yo`llar devori gialin tog`aydan tuzilgandir. U ko`kimtir rangi bilan farqlanadi.
Tog`ay tashqi tomondan biriktiruvchi to`qimaning yupqa qavati - perixondr bilan qoplangan (79 - rasm). Tog`ayning yuqori qavatidagi xondrotsit hujayralari xondroblast hujayralaridan ko`p farq qilmaydi, chuqurroq savatida esa tog`ay hujayralari asta-sekin kattalashadi. Xondrotsitning yuzasi tekis bo`lmay elektron mikroskopda ko`rinuvchi mikrovorsinkalari bor (80-rasm). Bu hujayralar yadrosi yumaloq bo`lib, xromatini kamdir. Sitoplazmasida kontsentrik sisternalar shaklida endoplazmatik to`r joylashganligi ko`rinadi.
79- rasm. Gialin tog`ay. Kekirdakdan tayyorlangan. Gematoksilin-eozin bilan bo`yalgan. 0b. 10. ok.10.1 - togay ustki pardasi; 2 - yosh tog`ay hujayralar; 3 - izogen gruppa; 4 - oraliq asosiymodda.
80- rasm. Xondrotsit. O`pka bronxidagi gialin tog`ay. Elektron mikrofotogramma.
1 - yadro; 2 - Golji zonasi; 3 - lipid tomchilari; 4 - glikogen donachalari; 5 - mitoxon- driyalar; 7 - donador endoplazmatik to`r; 7 - sitoplazmatik tolalar; 8 - vakuola; 9 - hujayraning arrasimon qirrasi; 10 -kapsula sohasi; 11 - asosiy modda; 12 - qo`shni xondrotsitning bir qismi (Rodindan).
Xondrotsit mitoz yo`li bilan bo`linadi. Hosil bo`lgan yangi hujayralar atrofida zich hujayralararo modda bo`lgani uchun ular bir-biridan uzoqlashmay izogen gruppalarni hosil qiladi. Shuning uchun qari tog`aylardagi izogen gruppalar 8-10 tagacha xondrotsitlar tutadi.
Hujayralararo moddaning holatiga ko`ra tog`ay hujayrasining shakllari turlicha bo`lishi mumkin. Yoshtog`aydagi hujayralararo modda suvga va proteoglikanlarga boy, bu yerda tog`ay hujayralari shakli yumaloq. Qari tog`aylarda hujayralararo modda zichlashgan bo`lib, hujayralari odatda disk shaklini oladi. Yakka yoki izogen gruppalar atrofida yotgan hujayralararo modda turlicha bo`yaladi, chunki uning tarkibida oqsillar va proteoglikanlar miqdori turlicha bo`ladi. Hujayralararo moddaning hujayralar atrofida bevosita joylashgan, ko`p miqdorda glikozaminoglikan va proteoglikanlar saqlovchi zonasi keskin bazofil bo`yaladi. Bazofil bo`yaluvchi moddalar izogen gruppalarni har tomondan bir tekisda o`ragani uchun ular sharsimon tanacha-larni hosil qiladi. Yirik va qari tog`ayda bazofil tanachalar atrofida halqa singari oksifil zona shakllanadi, chunki yosh ulg`ayib borgan sari tog`ay hujayralarining soni va amorf moddada glikozaminoglikanlar miqdori kamayadi. Pirovardida hujayralararo modda bazofiliyasining susayishi va unda kaltsiy tuzlari o`tirishi (ohaklanish) kuzatiladi.
Hamma gialin tog`aylar ham bir xil tuzilishga ega emas, masalan, bo`g`imlar yuzasidagi tog`ay perixondrga ega bo`lmaydi. Bo`g`im tog`aylarida uch zona ajratiladi. Tashqi zona mayda, yassilashgan, kam differensiallangan xondrotsitlardan, o`rta zona nirik, yumaloq hujayralardan, ichki zona esa kaltsiy tuzlari o`tirgan tog`ay moddasidan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |