Millatlararo va fuqarolararo hamjihatlik – jamiyat va davlatning muhim qadriyatlari
Partiya bag‘rikenglik, insonparvarlik, millatlararo va fuqarolararo totuvlikning mustahkamlanishi, do‘stlik, hamjihatlik, tinchlik va barqarorlik muhiti bardavom bo‘lishini davlat hamda jamiyat rivojlanishining eng muhim va zaruriy sharti, deb biladi.
Biz mamlakatimizning quyidagilarga asoslangan milliy siyosatini qo‘llab-quvvatlaymiz: teng huquq va erkinliklarning amalda bo‘lishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy maqomidan qat’i nazar, fuqarolarning qonun oldida tengligi, siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligi sharoitida ijtimoiy hayotni rivojlantirish, turli millatlar va elatlar vakillarining tili, urf-odatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning taraqqiy etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish. O‘zbekistonda qaror topgan ijtimoiy va siyosiy barqarorlik, millatlararo tenglik va fuqarolar totuvligi olib borilayotgan oqilona siyosat samarasidir.
Biz fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlarining mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millatlar va elatlarning o‘ziga xos milliy an’analari, urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish borasidagi ulkan xizmatlarini e’tirof etamiz. Biz xorijiy davlatlar bilan millatlararo munosabatlar va do‘stlik aloqalarini uyg‘unlashtirish masalalarini hal qilishda parlament va xalq diplomatiyasi salohiyatidan yuqori darajada foydalanishga ko‘maklashadi.
Biz “Inson e’tiqodsiz yashay olmaydi”, “Dunyoviylik – dahriylik emas” tamoyillarini izchillik bilan hayotga tatbiq qilinishi, e’tiqod va vijdon erkinligi, davlatning dunyoviy xarakteri to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy me’yorlarning to‘la-to‘kis amalga oshirilishi tarafdorimiz. Turli diniy birlashmalar bilan ularning imkoniyatlaridan ma’naviy yuksalish, umumiinsoniy qadriyatlarni qaror toptirish maqsadida muloqot qilish siyosati tarafdorimiz. Din xalqning ma’naviy tayanchi va poklanishining haqiqiy vositasi bo‘lib xizmat qilishi, odamlarni tinchlikka, xayrli va savobli ishlarga undashi, etnik, lisoniy, diniy farqlarga qaramay, o‘zaro hurmat va hamjihatlik kabi azaliy qadriyatlarga da’vat etishi kerak.
Biz jamiyatda bag‘rikenglik muhitining yanada mustahkamlanishi, turli dinlarni noto‘g‘ri talqin qiluvchi, ularning niqobi ostida tinch va osoyishta hayotga rahna solishga intiluvchi buzg‘unchi kuchlarga qarshi qat’iy kurash tarafdorimiz. Biz madaniy va diniy ekstremizmga qarshi kurash siyosati, eng avvalo, “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan”, “Ma’rifat va ta’lim – tinchlik va bunyodkorlik yo‘li” tamoyillarining hayotga izchil tatbiq qilinishi asosida olib borilishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Aynan ma’rifat va ta’lim xalqlarning gullab-yashnashiga xizmat qiluvchi, odamlarni xayrli ishlarga, mehr-muruvvatga, bag‘rikenglikka yetaklovchi omildir. Bizning fikrimizcha, bunday yondashuv – davr talabi.
Davlat buyuk ajdodlarimiz merosini, ularning jahon sivilizatsiyasi ravnaqiga qo‘shgan bebaho hissasini chuqur o‘rganish, anglash va keng ommalashtirish, konfessiyalararo, millatlararo va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, tinchlik va hajihatlikni ta’minlash tarafdori.
Ishonchimiz komilki, yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va konfessiyalar vakillari O‘zbekistonni o‘z uyi deb hisoblaydi, mamlakatimiz yagona xalqini tashkil etadi, o‘zaro hurmat va ishonch muhitida yashashga, jamiyatdagi tinchlik, hamjihatlik va barqarorlikni asrashga intiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |