2. Saylov huquqi prinsiplari
Prinsip atamasi o’zbek tilida ko’pincha tamoyil deb yuritiladi. Bularning
ma’nosi deyarli bir xil. Lekin shunday atamalar borki, ular barcha tillarda aslicha
qo’llaniladi. Bu atama O’zbekiston Konstitusiyasida ham qo’llanilgan, masalan, 14-
moddada. Prinsip ijtimoiy kategoriya bo’lib, eng muhim g’oyalarni qoida sifatida
namoyon bo’lishidir. Davlat va huquqning turli sohalarida prinsip tushunchasi
qo’llaniladi. Masalan, qonuniylik prinsipi, tashqi siyosat prinsipi. Saylov huquqida ham prinsip atamasi qo’llanilib, u eng avvalo saylovlarning adolatliligini, qonuniyligini ko’rsatuvchi asosiy mezon sifatida namoyon bo’ladi.
Saylovlar eng qadimiy hodisalardan ekanligini aytib o’tgan edik. Ular kishilik
jamiyatining hamma bosqichlarida qo’llanilib kelingan bo’lib, jamiyat rivojiga mos
ravishda takomillashib bordi. Uning takomillashuvida ma’lum qoidalarni vujudga
kelishi, ularni bajarilishi, qo’llanilishi shart etib belgilanishi muhim rol o’ynaydi.
Saylov huquqining asosiy prinsiplari muhim ahamiyatga ega “Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi”da xalqaro miqyosda o’z ifodasini topdi. Uning 21 - moddasida: “har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillari orqali o’z mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga ega. Xalq irodasi davriy va
soxtalashtirilmagan, yalpi va teng saylov huquqidan yashirin ovoz berish yo’li bilan, ovoz berish erkinligini ta’minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o’tkaziladigan saylovlarda o’z aksini topishi zarur” – deb belgilab qo’yildi
O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasida va saylov qonunlarida
umumiy, teng, to’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi prinsiplari, saylovlarning yashirin
o’tishi, oshkora o’tishi, xohish-irodani erkin bildirish saylov huquqining asosiy
prinsiplari sifatida belgilab qo’yildi. Bu prinsiplar asosiy prinsiplar bo’lishi bilan
birga umum e’tirof etilgan prinsiplardir. Ayrim adabiyotlarda saylov huquqining muhim, umum e’tirof etilgan prinsiplari deb faqat umumiy, teng, to’g’ri va yashirin ovoz berish ko’rsatilgan. Ayrimlarida esa saylovda ishtirok etish erkinligi, oshkoralik ham saylov huquqining asosiy prinsiplaridan deb baholangan. O’zbekiston Konstitusiyasining 117-moddasida: “saylovlar umumiy, teng,
to’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkaziladi” degan qoida kiritilib, umumiy, teng, to’g’ri, yashirin ovoz berish konstitusiyaviy prinsip darajasida mustahkamlangan. Fuqarolarning o’z xohish-irodasini bildirishda tengligi va erkinligi ham Konstitusiyaning shu moddasida mustahkamlab qo’yildi. Saylov to’g’risidagi qonunlarda ham bular saylov huquqining asosiy prinsiplari sifatida qayd qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |