Bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish zarurati
Respublikamizda vujudga kelgan vaziyatga nazar solar ekanmiz, O`zbekiston qisqa davr ichida o`zining davlatchilik, siyosiy va iqtisodiy qurilishida mutlaqo yangi bosqichga o`tganligini, milliy iqtisodiyot taraqqiyotida real ijobiy o`zgarishlarga erishganligini ko`ramiz. Xususan, mamlakatimizda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikka erishildi, iqtisodiyotning barcha sohalarida tub o`zgarishlar sodir bo`ldi, ko`p ukladli iqtisodiyot shakllandi. Yalpi ichki mahsulotning 70 foizdan, sanoat mahsulotining 65 foizdan ziyodroq qismi va qishloq xo`jalik mahsulotlarining 99 foizi nodavlat sektori ulushiga to`g`ri kelayotgani fikrimizning dalilidir.
Eng muhimi, o`tgan davr ichida mamlakatimizda bozor munosabatlariga o`tish va ularning samarali amal qilishini ta`minlash uchun zarur bo`lgan huquqiy-me`yoriy baza yaratildi. Qabul qilingan qonunlar iqtisodiy islohotlarni o`tkazishda muhim rol o`ynadi.
Markazning xomashyo bazasi va tayyor mahsulotlar bozori rolini bajarib kelgan O`zbekistonda mustaqillikning qisqa davri ichida bunday muvaffaqiyatga erishilishi, avvalambor, davlatning oqilona iqtisodiy siyosati natijasidir. Bu siyosat o`zining mazmun va mohiyatiga ko`ra bozor munosabatlariga inqilobiy yo`l bilan (birdaniga) emas, balki evolyutsion yo`l bilan, bosqichma-bosqich o`tishni nazarda tutadi. O`tgan davrga shu nuqtai nazardan baho beradigan bo`lsak, iqtisodiy islohotlarni izchillik bilan amalga oshirilayotgani va o`tish davrining asosiy qiyinchiliklari ortda qolganini ko`ramiz.
Shu bilan birgalikda, mamlakatimizda bozor munosabatlarining qaror topishi nihoyasiga etdi va ular to`laqonli tarzda amal qilmoqda, deb bo`lmaydi. Mamlakatimiz oldida turgan bir qator dolzarb ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal etish ko`p jihatdan iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishga bog`liq.
Qishloq xo`jaligida islohotlarni chuqurlashtirishda aniq dastur tadbirlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishning tashkiliy, huquqiy, mexanizmlarini yaratish lozim.
Bu tadbirlar qatoriga paxta va g`alla etishtirish bo`yicha davlat buyurtmasini aniq shartnomalar asosida belgilash, qishloq xo`jaligi mahsulotlari tannarxini kamaytirish, tabiiy monopoliyalar faoliyatini davlat tomonidan boshqarish, marketing va baholar kon`yukturasini o`rganishni tashkil qilish, kredit va moliya tizimlarini takomillashtirish masalalarini hal qilishni kiritish mumkin.
Davlat qishloq xo`jaligida islohotlarni amalga oshirishda, tovar ishlab chiqaruvchilarni qo`llab-quvvatlash va yordam berishda muhim rol o`ynashi kerak. Ayniqsa, investitsiya siyosatini amalga oshirishda, soliq va kredit imtiyozlarini qo`llashda, suv inshootlarini samarali ishlatishda, sanatsiya jarayonlarini amalga oshirishda o`zining aniq rejalarini amalga oshirishi lozim.
Bozor munosabatlarining samarali amal qilishida raqobat muhitining ahamiyati, ayniqsa, katta. Raqobat yo`q joyda iqtisodiy o`sish ham bo`lmaydi. Shu munosabat bilan monopoliyalarga qarshi kurashning aniq va ta`sirchan chora-tadbirlarini ishlab chiqish va hayotga tadbiq etish talab qilinadi.
Ishlab chiqarishga va tadbirkorlikka xizmat qiladigan keng tarmoqli bozor infratuzilmasini barpo etish bo`yicha olib borilayotgan ishlarni nihoyasiga etkazish bozor munosabatlarini rivojlantirishning muhim yo`nalishi hisoblanadi. Ayniqsa, moliya va bank tuzilmalari, ulgurji bozorlar, investitsiya fondlari, lizing va konsalting kompaniyalari, sug`urta tashkilotlari ishining ham samaradorligini oshirish talab qilinmoqda.
Iqtisodiyotni boshqarishning tashkiliy tuzilmasini bozor munosabatlariga to`la-to`kis javob berishini ta`minlash, ishlab chiqarishni boshqarishning xalqaro standartlarini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bugungi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Karimov I.A. O`zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo`lida. T.: “O`zbekiston”, 1995.
2.Karimov I.A. Iqtisodiyotni erkinlashtirish, resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish – bosh yo`limiz. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisida so`zlangan nutq. “Xalq so`zi”, 2002 yil, 15-fevral.
Do'stlaringiz bilan baham: |