Soliqdan chegirma Soliq Kodeksining 236-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan aksiz solig’ining summasi ushbu moddada belgilangan chegirma summasiga kamaytiriladi.
Aksiz to’lanadigan tovarlar olinayotganda yoki O’zbekiston Respublikasining bojxona hududiga import qilinayotganda, agar mazkur tovarlardan keyinchalik aksiz to’lanadigan tovarlar ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifatida foydalanilgan bo’lsa, O’zbekiston Respublikasi hududida to’langan aksiz solig’i summasi chegirib tashlanadi.
Aksiz to’lanadigan tovar (xom ashyo) yetkazib beruvchilar mazkur tovar (xom ashyo) bo’yicha aksiz solig’i summasini hisobvaraq-fakturada ajratib ko’rsatishlari kerak. Olinayotgan aksiz to’lanadigan tovar (xom ashyo) bo’yicha aksiz solig’i summasi hisobvaraq-fakturada ajratib ko’rsatilmagan bo’lsa, aksiz solig’ining mazkur summasi chegirib tashlanmaydi.
Chegirma soliq davrida realizatsiya qilingan aksiz to’lanadigan tovarlar hajmiga to’g’ri keladigan aksiz to’lanadigan tovar (xom ashyo) hajmidan kelib chiqqan holda aniqlangan aksiz solig’ining hisobvaraq-fakturada yoki bojxona yuk deklaratsiyasida ko’rsatilgan summasiga nisbatan amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning qoidalari qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallardan tayyorlangan aksiz to’lanadigan tovarlar topshirilayotganda ham qayta ishlashga berilgan aksiz to’lanadigan xom ashyo va materiallarning mulkdori aksiz solig’i to’laganligini tasdiqlashi sharti bilan qo’llaniladi.
Soliq davri Yil choragi soliq davridir.
Hisob-kitobni taqdim etish tartibi Aksiz solig’ining hisob-kitobi soliq bo’yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga yilning har choragida, soliq davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari bo’yicha esa yillik moliyaviy hisobot topshiriladigan muddatda taqdim etiladi.
Soliq to’lash tartibi Soliq to’lovchilar soliq davri mobaynida joriy to’lovlarni kiritish orqali aksiz solig’ini to’laydilar.
Aksiz solig’i bo’yicha joriy to’lovlarning summasini aniqlash uchun soliq to’lovchilar joriy soliq davri birinchi oyining 10-kunigacha davlat soliq xizmati organiga joriy soliq davri uchun aksiz to’lanadigan tovarlarni realizatsiya qilishning taxmin qilinayotgan hajmi hamda aksiz solig’ining belgilangan stavkasidan kelib chiqib hisoblangan aksiz solig’ining summasi haqida ma’lumotnoma taqdim etadilar.
Aksiz solig’i bo’yicha joriy to’lovlar har oyning 25-kunidan kechiktirmay yil choragi bo’yicha aksiz solig’i summasining uchdan bir qismi miqdorida to’lanadi.
Aksiz to’lanadigan tovarlarni realizatsiya qilishning taxmin qilinayotgan hajmidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan aksiz solig’i summasi soliq davri uchun byudjetga to’lanishi lozim bo’lgan aksiz solig’i summasiga nisbatan 10 foizdan ko’proq kamaytirilgan taqdirda, davlat soliq xizmati organi joriy to’lovlarni byudjetga to’lanishi lozim bo’lgan aksiz solig’ining haqiqiy summasidan kelib chiqib pena hisoblagan holda qayta hisoblashga haqli.
Aksiz solig’ini to’lash hisob-kitoblarni topshirish muddatlaridan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Import qilinadigan tovarlar bo’yicha aksiz solig’ini to’lash bojxona to’g’risidagi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
Qarang: BKning 108-moddasi Aksiz markalari bilan tamg’alanishi lozim bo’lgan import qilinadigan aksiz to’lanadigan tovarlar bo’yicha aksiz solig’i aksiz markalari olinguniga qadar to’lanadi.