Kuzatish dasturi – bu kuzatish davomida yig’ilishi kerak bo’lgan savollar yoki qayd qilinishi lozim bo’lgan belgilar va ko’rsatkichlar ro’yxatidir. U qisqa, tushunarli bo’lishi kerak va faqat aniq javob olinishi mumkin bo’lgan, shubha tug’dirmaydigan va bir-birining javoblarini nazorat qila oladigan savollardan tashkil topgan bo’lishi kerak. Dastur tuzish statistik kuzatishning eng og’ir va mas’uliyatli bosqichidir.
Kuzatish ob’ekti - bu tekshirish o’tkaziladigan hodisa va jarayonlar yig’indisi yoki statistik ma’lumotlar qayd qilinadigan aniq chegara miqdori (oralig’i)dir. Masalan, aholi ro’yxati o’tkazilayotgan bo’lsa, biz aniq belgilab olishimiz kerak, qaysi aholini ro’yxatga olmoqchimiz: mavjud aholinimi? Yoki doimiy aholinimi?Tijorat korxonalarini ro’yxatga olish uchun, oldin aniq bilishimiz kerak, qaysi korxonalar tijorat korxonalari bo’lib hisoblanadi?
Kuzatish birligi – bu hisob asosi yoki kuzatishda qayd qilish belgisiga ega bo’lgan birlikdir. Kuzatish birligi bo’lib, aholi ro’yxatida har bir shaxs, korxonalar ro’yxatida har bir korxona hisoblanadi.
Kuzatish birligi bilan to’plam birligini almashtirmasligimiz kerak.Ular ayrim vaqtda bir-biriga teng.Masalan, aholi ro’yxatida har bir shaxs, ham kuzatish birligi, ham to’plam birligi hisoblanadi.Ayrim paytda, ular o’zaro teng emas. Masalan, sanoat korxonalarida jihozlar ro’yxatga olinganda sanoat korxonasi kuzatish birligi, har bir jihoz esa to’plam birligi bo’lib hisoblanadi.
Kuzatish formulyari – bu berilgan savollarga olingan javoblar to’ldirilgan hujjat. U ikki xil bo’ladi: a) alohida shakldagi formulyar. Unga tijorat korxonasining yillik hisobotini misol keltirish mumkin. b) ro’yxat shaklidagi formulyar. Unda bitta emas, balki bir nechta hisob birliklari haqida ma’lumot keltiriladi.
Yo’riqnoma - bu statistik kuzatish dasturidagi barcha savollarga to’g’ri, aniq va bir xilda javob qaytarishni ta’minlaydigan ko’rsatmalar, tushuntirish va talqinlar to’plami. Yo’riqnomada har savol va unga beriladigan javob turli variantlarda talqin qilinadi. Savollar bo’lmasa ma’lumotlarni qaerdan va kimdan olish, kuzatish ob’ekti va birligi, kuzatish muddati, kuzatish materiallarini rasmiylashtirish tartibi, topshirish va jo’natish muddati, ko’rsatkichlarni hisoblashni yagona texnologiyasi va boshqa masalalar batafsil yoritiladi.
Statistik kuzatishning tashkiliy masalalari quyidagilarni o’z ichiga oladi: kuzatish organi; kuzatish vaqti va muddati; kuzatish joyi; boshqa tashkiliy masalalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |