REFERAT
Mavzu: Badiiy uslub. Badiiy uslubga xos matn tahlili
Guruh:428
Bajardi:Maxamatova.M
Badiiy uslub. Badiiy uslubga xos matn tahlili
Tayanch so‘z va iboralar: tasviriy matn, bayoniy matn, mulohaza, tajnis (jinos), tuyuq, tazod (antiteza), omonim, sinonim, antonim, paronim, mubolag‘a (giperbola), sifatlash (epitet), trop (ko‘chim), metafora, metonimiya, sinekdoxa, vazifadoshlik.
Badiiy uslub nutqning boshqa uslublaridan dastlab o‘zining obrazliligi va estetik ta'sir etish vazifasi bilan ajralib turadi. Badiiy nutqda til leksikasining barcha qatlamlari ishtirok etadi. Chunki ilmiy va publitsistik uslublar ijtimoiy hayotning u yoki bu sohasini ifodalasa, badiiy uslub inson faoliyatining turli qirralarini o‘zida aks ettiradi, barchaga taalluqli bo‘ladi.
Badiiy asar kishiga ma'lumot berish bilan birga, timsollar (obrazlar) vositasida estetik ta'sir ham ko‘rsatadi: O‘lkamizda fasllar kelinchagi bo‘lmish bahor o‘z sepini yoymoqda. Badiiy uslubda qahramonlar nutqida oddiy nutq so‘zlari, sheva, vulgarizmlardan ham foydalaniladi. Shuning uchun badiiy uslub aralash uslub deb ham hisoblanadi, chunki bu uslubda so‘zlashuv va kitobiy uslublarga xos o‘rinlar ham uchraydi. Unda turli kasb-hunar, fan-texnika, xalqning maishiy hayotiga tegishli rang-barang so‘zlar qo‘llaniladi. Shu tufayli shoir va adiblar hammaga ma'lum til vositalaridan o‘zigagina xos usulda foydalanishga harakat qiladilar. Shaxsiy obrazlilik publitsistik uslubga ham xosdir. Obrazlilik so‘zlashuv uslubida ham bo‘ladi.
Badiiy adabiyot tili adabiy til bilan birga umumxalq tili boyliklarini ham qamrab oladi. Ya'ni asarning janr va mavzu talabi bilan yozuvchining individual uslubiga bog‘liq holda badiiy nutqda umumxalq tilidagi barcha lug‘aviy qatlamlar ishtirok etaveradi. Masalan, adabiy tilda dialektizmlar, jargonlar, varvarizmlar, dag‘al so‘zlar, eskirgan so‘zlar, oddiy so‘zlashuv tili elementlaridan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘lmagani holda ularni badiiy nutqda o‘rni bilan qo‘llash mumkin.
Badiiy uslubning fonetik xususiyatlari. Badiiy uslubda yozuvchi yoki shoir erkin ijod qiladi. Shuning uchun u boshqa uslublardan, ayniqsa, so‘zlashuv uslubidan keng foydalanadi. Yozuvchi yoki shoir o‘z qahramoni xarakterini yoritish maqsadida uning turli xil ko‘rinishlaridan foydalanadi. Badiiy uslubda tovush almashinishi, tovush tushishi, tovush ortishi, unli tovushlarning cho‘zilishi, undosh tovushlarning qavatlanishi shuningdek, alliteratsiya, assonans, kontaminatsiya va boshqa turli xil hodisalarni kuzatishimiz mumkin. Masalan, tovush almashinishi va ortishi: O‘rmonda otishdi, Qor edi qalin Yiqildi Hayqirib Yashash-shin Ishta-lin (M.Yusuf) YUqoridagi parchada s tovushining sh tovushiga almashinishi hamda so‘z boshida i tovushining ortishi orqali duduq odamning nutqi ko‘rsatib berilgan. Undosh tovushning ikkilantirilishi, geminatsiya hodisasi ham uchraydi.
Oh, mening ortimdan ovvora onam,
Bir parcha yuragi ming pora onam. (M.Yusuf)
Ushbu misradagi ovora so‘zida v tovushi ikkilantirilib achinish, ichki hayajon ifodalangan.
Badiiy matnda bir xil undoshning ketma-ket takrorlanishi, ya'ni alliteratsiya o‘ziga xos ritmni vujudga keltiradi.
Mohiru mehru mahorat,
Olimu ilmu amal,
Oshiqu ishqu mashaqqat,
Shoiru she'ru shuur. (E.Vohidov)
Bu she'riy parchaning dastlabki ikki misrasida m undoshi, keyingi ikki misrasida sh undoshi ketma-ket ishlatilgan: har ikkisi 6 marta qo‘llangan. Misralardagi tovushlar takrori she'rning nafaqat musiqiyligini, balki mazmunan yanada ta'sirchan bo‘lishini ta'minlagan.
Badiiy uslubning leksik xususiyatlari.
Ma'lumki, badiiy matnning ta'sirchanligini ta'minlashda ijodkorning leksik vositalardan foydalanish (so‘z qo‘llash) mahoratini belgilash muhim o‘rin tutadi. M.Yo‘ldoshevning qayd etishicha, badiiy matndagi poetik aktuallashgan leksik vositalarning lingvopoetik qimmatini belgilashda sinonim, omonim, antonim, polisemantik, tarixiy va arxaik so‘zlar, yangi yasalmalar shevaga oid so‘zlar, chet va vulgar so‘zlarga alohida diqqatni qaratish lozim. Masalan, nutqda omonimlardan foydalangan holda turli so‘z o‘yinlari hosil qilinadi:
Qo‘lingdan kelgancha chiqar yaxshi ot,
Yaxshilik qil, bolam, yomonlikni ot,
Nasihatim yod qilib ol, farzandim,
Yolg‘iz yursa chang chiqarmas yaxshi ot.
Bu o‘rinda ot omonim so‘zlari turlicha ma'nolarni ifodalamoqda. Omonim so‘zlardan foydalangan holda so‘z o‘yinlarini yaratish tajnis (jinos) san'ati deyiladi. Badiiy adabiyotda ushbu badiiy san'at qo‘llanib yaratilgan to‘rt qator she'r esa tuyuq deb ataladi.
Sinonim so‘zlar, garchi bir ma'noni ifodalasa-da, ma'no nozikliklari orqali darajalanish xususiyatiga ega. Ana shu darajalanish, ya'ni emotsional-ekspressivlikning kuchayib borishi konnotativ ma'noni hosil qilgan. Shoir Erkin Vohidov «Uch so‘zda bir ma'no» nomli she'rida sinonimik qatorni keltiradi. Shoir she'rning har bir misrasida sinonimik qatorni shunday beradiki, bunda so‘zlarning ma'nosi kuchayib boradi.
Seni ko‘rmishdir Aynu Chashmu Ko‘z.
Tush, Xob, Makominda
Labing, La'ling, Dudog‘ing.
Bu na daryo deb savol bermish.
Qo‘ling, Dasting, Yadinda.
May, Sharob, Sog‘ar tutib masrur
Lisoning, Til, Zaboningkim .
Asal, Shahd ila bol bermish.
Antiteza badiiy matnning ta'sir kuchini oshirishga xizmat qiluvchi vositadir. Quyida E.Vohidovning antitezadan foydalanish mahorati xususida fikr yuritamiz.
Ushbu she'riy parchaning birinchi va ikkinchi hamda ikkinchi va uchinchi misralari o‘zaro antiteza asosiga quriladi. Masalan:
Barcha shodlik senga bo‘lsin.
Bor sitam, zorlik menga.
Barcha dildorlik senga-yu,
Barcha xushtorlik menga. (E.Vohidov)
Bu she'riy parchada shoir birinchi misradagi shodlik so‘ziga ikkinchi misradagi sitam, zorlik so‘zlarini zidlagan. Ikkinchi misradagi dildorlik so‘ziga uchinchi misradagi xushtorlik so‘zini qarama-qarshi qo‘yib antitezani hosil qilgan. Birinchi holatda oldingi misradagi shodlik so‘ziga ikkinchi misrada ikkita so‘zni zid qo‘yadi (sitam va zorlik). Bu bilan ham she'rning ohangdorligi ortadi, ham ta'sir kuchi o‘zgaradi, ham she'rdagi o‘ynoqilik ta'minlanadi.
Shuningdek, shoir birinchi misradagi senga so‘ziga ikkinchi misradagi menga so‘zini zid qo‘yadi hamda she'rning badiiyligi, ta'sir kuchini oshirish uchun keyingi misrada senga so‘ziga yuklama qo‘shib, senga-yu tarzida beradiki, shoirning bor hayajonini ana shu yuklama ifodalagandek bo‘ladi. Bu tarzda qo‘llash orqali adib o‘quvchini o‘ziga jalb qiladi, o‘quvchi hayajonini kuchaytiradi.
Paronimlarni to‘g‘ri qo‘llamaslik natijasida ham xatoliklar kelib chiqadi: Shahrimizning nufuzi ikki milliondan oshdi. Mazkur gapda nufuz so‘zi noto‘g‘ri qo‘llangan, o‘rniga nufus paronimi qo‘llanishi kerak edi. (nufuz - obro‘, nufus - aholi).
Turli sabablarga ko‘ra qo‘llanishi chegaralangan so‘zlarga eskirgan va yangi so‘zlar, sheva, kasb-hunarga oid so‘zlar, atamalar, jargonlar kiradi. Nutqda bu kabi so‘zlar ham muhim uslubiy vazifalar bajaradi. Arxaizmlardan badiiy yoki ommabop asarlarda nutqqa kinoya, hajv ruhini kiritish uchun foydalanilsa, tarixiy so‘zlardan o‘tmish voqyeligini ifodalash maqsadida qo‘llaniladi. Sheva so‘zlari mahalliy ruhni ifodalashda ishlatilsa, atamalar ilmiy va badiiy asarlarda fan-texnikaga oid tushunchalarni ifodalash uchun ishlatiladi, jargonlar esa ma'lum toifaga mansub kishilar nutqini berish uchun zarurdir.
Nutqda ibora, tasviriy ifoda va maqollar ham ma'lum uslubiy vazifa bajaradi. Bir yoqadan bosh chiqarmoq iborasi badiiy nutqqa mansub bo‘lsa, bir jon, bir tan bo‘lmoq iborasi umumnutqqa xosdir. Yozuvchi va shoirlarimiz ham ibora va maqollar ijod qilishadi: O‘likning yog‘ini, tirikning tirnog‘ini yeydi bu. (Abdulla Qahhor) O‘qsiz soldat - qilichsiz qin. (Oybek)
Badiiy uslubning grammatik xususiyatlariga nazar tashlasak, badiiy matnda ta'sirchanlikni oshirishda morfologik vositalar alohida o‘rin tutadi. Morfologik vositalar ichida konnotativ ma'noni hosil qiluvchi maxsus so‘z shakllari, mustaqil va yordamchi so‘zlar, maxsus affikslar muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, grammatik shaklning barcha ko‘rinishlari - sheva va tarixiy variantlari ham asar mavzusi talabi bilan qo‘llanaveradi. Masalan:
Dunyo bo‘ldi chamanim manim,
O‘zbekiston vatanim manim.(A.Oripov)
Badiiy nutq uslubida so‘z turkumlarini qo‘llashda ham o‘ziga xosliklar mavjud. Masalan, sifatlarning ishlatilishi badiiy nutqda ot va olmosh kabi faoldir. Olmoshlardan kishilik va ko‘rsatish olmoshlarining qo‘llanishi mahsuldordir. Sonlar odatda aniq ma'nolarni anglatishi bilan birga ma'nosi kengaygan holda ham qo‘llanadi. Undov va taqlid so‘zlar ham badiiy uslubda uchrashi xarakterlidir.
Badiiy uslub sintaktik xususiyatlari bilan ham boshqa uslublardan farqlanadi. Shu sohada maxsus tadqiqot ishini olib borgan A.Abdullayev sintaktik vositalardan sintaktik gradatsiya, sintaktik sinonimiya, bog‘lovchilarning maxsus qo‘llanishi, antiteza, monolog, sukut, inversiya, takroriy gaplar, ritorik so‘roq kabilarning matn ta'sirchanligini ifodalashga xizmat qilishini qayd etadi.
M.Yo‘ldoshev esa o‘zbek tilida badiiy matnda aktuallashadigan sintaktik vositalarning quyidagi turlarini farqlashni tavsiya etadi: sintaktik parallelizm, emotsional gap, ritorik so‘roq gap, inversiya, ellipsis (antiellipsis), parsellyatsiya, atov gaplar (segmentatsiya), gradatsiya, oksyumoron, (g‘ayriodatiy birikmalar), antiteza (sintaktik konstruksiyalarda), farqlash, o‘xshatish, sukut, ulab ketish, korreksiya.
Badiiy nutq uslubida darak, so‘roq, buyruq gaplar matn sintaksisining ajralmas qismini tashkil qiladi. Undov gaplar ham badiiy nutq uslubi uchun xarakterlidir. Ular kitobxonga estetik ta'sir o‘tkazishda yozuvchi qo‘lida kuchli qurol hisoblanadi.
Badiiy nutq uslubida qo‘shma gapning barcha turlari aralash ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |