Barqarorlik - jamiyat taraqqiyotining tadrijiy rivojlanishi, ijtimoiy tizimning muayyan darajadagi bir tekis faoliyat ko`rsatish imkoniyatidir. U turg’unlik tushunchasidan keskin farqlanadi. Ijtimoiy-siyosiy turg’unlik tushunchasi jamiyatdagi mavjud siyosiy, iqtisodiy, ma`naviy tizimning tanazzuli alomatidir.
Beqarorlik ichki va tashqi jarayon va tahdidlar natijasida vujudga keladi. Beqarorlik bir ijtimoiy-siyosiy tuzumdan boshqa bir ijtimoiy-siyosiy tuzumga o`tish davrida keskinlashishi mumkin. Jamiyat barqarorligining izdan chiqishi kishilar psixologiyasidagi salbiy o`zgarishlarda, qonunlarning ishlamasligida, ijtimoiy burchning ado etilmasligida, ijtimoiy ideallarning yo`qolishida, g’oya va mafkuraga loqaydlikning kuchayishida, turli jinoiy guruhlarning paydo bo`lishida, ijtimoiy adolat mezonlarining buzilishida, davlat idoralarining aholini boshqarish qobiliyati kuchsizlanishida, turli ziddiyatlarning keskinlashuvida o`z ifodasini topadi.
Jamiyat moddiy va ma'naviy omillar birligidan iborat. Hozirga qadar adabiyotlarda moddiy va ma’naviy hayot bir-biridan keskin farqlanar edi. Holbuki, jamiyatning tub mohiyati uni tashkil etuvchi inson mohiyati bilan uzviy bog‘liq. Xuddi inson tanasini uning ruhidan ajratib bo‘lmagani singari, jamiyatning moddiy va ma'naviy jihatlarini ham bir-biridan ajratish va ularning birini ikkinchisidan ustun qo‘yish mantiqqa zid. Shuning uchun ham hozirgi davrda xalq ma'naviyatini yuksaltirishga, milliy g‘oya va mafkura asoslarini mustahkamlashga katta e’tibor berilyapti. Zero, kishilar iqtisodiy jihatdan qashshoq bo‘lgani uchun ilmsiz bo‘lmaydi, balki, aksincha ilmsiz bo‘lgani uchun qashshoq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun yurtimizda xalq ma’naviyatini yuksaltirish orqali iqtisodiy farovonlikni ta’minlashga katta e’tibor berilyapti.
Taraqqiyotning o`zbek modeli – jamiyatning tadrijiy (evalyutsion) rivojlanish kontseptsiyasi. Ijtimoiy rivojlanishning o`zbek modeli insoniyatning rivojlanish borasidagi ilg’or tajribasiga, milliy davlatchilik tajribalarimizga va xalqimiz mentalitetiga tayanadi.
Ijtimoiy rivojlanish borasida xalqlar odatda ikki yo`ldan — inqilobiy va tadrijiy yo`ldan borgan. Insoniyat tajribasi ijtimoiy rivojlanishning keskin inqilobiy o`zgarishlar yo`li nomaqbul va yaroqsiz ekanini, jamiyatning tadrijiy taraqqiyoti barqaror — tabiiy rivojlanish yo`li ekanini ko`rsatdi.
O`zbek modelning asosiy tamoyillari quydagilardir:
iqtisodning siyosatdan ustuvorligi;
davlatning bosh islohotchi ekanligi;
qonun ustuvorligi;
kuchli ijtimoiy himoyalash;
bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich, tadrijiy yo`l bilan o`tish.
O`zbek modelining o`ziga xos xususiyatlari davlatchilik asoslarining, milliy qadriyatlarning qayta tiklanishi, o`zlikni anglash, umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi, milliy mentalitetimizga xos xususiyatlarining tiklanishi va rivojlanishi, demokratik qadriyatlarning rivojlantirilishi va inson huquqlarining kafolatlanishi va boshqalarda o`z ifodasini topmoqda.
Mustaqillik yillarida o`zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, tilimiz xususiyatlariga mos bo`lgan yangi alifboga o`tish uning mavqeini oshirish va yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu esa, o`z navbatida, ijtimoiy rivojlanishga ijobiy ta`sir ko`rsatdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |