2. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (Asosiy qonuni).
Har bir suveren davlatning huquqiy asoslaridan biri-uning Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni) hisoblanadi. Konstitutsiya tushunchasida davlatni boshqarish, mamlakat yaxlitligini, uning mustaqil davlat sifatida e’tirof etilishini ta’minlash, ijtimoiy hayotni takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari mujassamlangan.
Inqilobdan keyin Turkistonda jahon tajribalari asosida Konstitutsiyalar ishlab chiqilgan. Jumladan, Turkiston ASSRning 1918, 1920 yillarda, Xorazm va Buxoro Xalq Respublikalarining 1920-1921 yilda, O‘zbekiston SSRning 1927, 1937, 1978 yillarda qabul qilingan Konstitutsiyalari shaklan respublikaning Asosiy qonunlari bo‘lsada, biroq ular mazmun-mohiyatiga ko‘ra o‘zining haqiqiy mustaqilligiga ega bo‘lgan Davlatning Asosiy Qonuni emas edi. Aniqrog‘i ular avval RSFSR, SSSR Konstitutsiyalarining respublikalar sharoitiga moslashtirib ko‘chirilgan, ammo ularning tub manfaatlari aks ettirilmagan nusxalari edi.
1990 yili 20-iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining 12-chaqiriq 2-sessiyasida qabul qilingan “Mustaqillik deklaratsiyasi”da O‘zbekiston Respublikasi yangi Konstitutsiyasini yaratish bo‘yicha 64 kishidan iborat komissiya tuzilgan edi. Komissiya AQSH, Fransiya, Kanada, Germaniya, Shvetsiya, Yаponiya, Italiya, Ispaniya, Gretsiya, Turkiya, Eron, Hindiston, Pokiston, Misr, Vengriya, Bolgariya, Litva davlatlarining konstitutsiyalarini o‘rganib chiqdi va qiyosiy tahlil qildi. MDH davlatlarining Asosiy qonunlari va konstitutsiya loyihalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, buyuk ajdodlarimizning davlatchilikni mustahkamlash yo‘lidagi g‘oya va fikrlari Asosiy Qonunda o‘z ifodasini topdi. Jumladan, Amir Temurning “tuzuklari”da davlatni idora qilishga oid “kuch adolatda”, “rosti durusti” kabi mulohazalariga ham e’tibor qaratilgan. Xususan, Amir Temur umrining so‘nggi yillarida qilgan vasiyatlari orasida quyidagi fikrlar ham bor: “Millatning dardlariga darmon bo‘lmoq vazifangizdir. Zaiflarni ko‘ring, yo‘qsullarni boylar zulmiga tashlamang, adolat va ozodlik dasturingiz, rahbaringiz o‘lsun...”. Konstitutsiyamizda ham adolat va ozodlik g‘oyasi asosiy mezon qilib olindi.
Konstitutsiyaviy komissiya O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini yaratish ustida 2,5 yil ishladi. Loyihaning dastlabki varianti 1991-yilning oktabr-noyabrigacha tayyorlab bo‘lindi. U muqaddima, olti bo‘lim va 158 moddadan iborat edi. Bu loyiha hali mukammal emasligi bois, uning ustida yanada jiddiyroq va talabchanlik bilan ishlash zarur edi. 1992-yil bahorida esa loyihaning 149 moddadan iborat ikkinchi varianti ishlab chiqildi. Mazkur tajribalar asosida 1992 yil sentyabr oyigacha Konstitutsiyaning 3-loyihasi yaratildi. 1992-yilning kuz oylarida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi loyihasi umumxalq muhokamasi uchun 2-marta matbuotda e’lon qilindi. Umumxalq muhokamasi davrida 6 mingdan ortiq taklif va mulohazalar bildirildi.
Konstitutsiya Oliy Kengashning XI sessiyasi (1992 yil 8 dekabri)da qabul qilindi. U 6 bo‘lim, 26 bob va 128 moddadan iborat bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘ziga xos xususiyati, uning huquqiy va siyosiy tafakkurning eng yuksak yutuqlarini hamda hozirgi zamon konstitutsiyaviylik ilmini mujassam etgani, o‘zbek xalqi madaniyati va milliy an’analarining chuqur ildizlariga suyanganligidan iboratdir. U mazmunan yangi, prinsipial siyosiy hujjat bo‘lib, uning qoidalari doimiy qonun ustivorligiga asoslangan, ta’sis kuchiga egadir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy tamoyillari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
davlat suvereniteti;
xalq hokimiyatchiligi;
fuqaro (inson)lar erkinliklari va huquqlarining dahlsizligi va ustuvorligi;
demokratizm, davlat va shaxsning o‘zaro mas’ulligi;
qonuniylik, konstitutsiyaning ustuvorligi;
hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi;
mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish;
sud tuzilishi va sudlov.
Fuqarolik jamiyatini shakllantirish asosida huquqiy demokratik davlatni barpo etish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida qonun tusini olgan. Uning 2-moddasida “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi”, deb ta’kidlangan. Konstitutsiyaning 7-moddasida “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir”, - deb ko‘rsatib o‘tilgan.
2002 yil 27 yanvarda o‘tkazilgan referendum natijalari asosida O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 24 aprelda Oliy Majlisning VIII sessiyasida “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy Qonun qabul qilindi. Bu qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining beshinchi bo‘limi XVIII, XIX, XX va XXIII boblariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Prezident vakolatlarining bir qismi, birinchi navbatda, davlat, sud tizimi va maxsus xizmatlarning rahbarlarini, chet ellar va xalqaro tashkilotlardagi diplomatik vakillarni tayinlash va tasdiqlash masalalari, amnistiya e’lon qilish vakolati Oliy Majlisning Senatiga o‘tkazildi.
1991 yil 15 fevralida O‘zbekiston Oliy Kengashi “O‘zbekistonning davlat ramzlari to‘g‘risida” qabul qilgan maxsus qarorida shunday deyilgan:
“Mustaqillik to‘g‘risidagi Deklaratsiyaga amal qilib, O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. O‘n ikkinchi chaqiriq Oliy Kengash II sessiyasida tuzilgan O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ning yangi loyihasini tayyorlovchi komissiyasiga O‘zbekiston SSRning Yangi Davlat bayrog‘i, Gerbi va Madhiyasiga doir takliflar hamda ular to‘g‘risida Nizomlar tayyorlash topshirilsin. Komissiya respublika jamoatchiligi va deputatlarining fikrlariga tayanib ish ko‘rsin.
2. Bu borada takliflar matbuotda e’lon qilinib, umumxalq muhokamasi uyushtirilsin”.
O‘zbekison mustaqilligiga erishgandan keyin o‘zining Davlat ramzlarini joriy qilish to‘g‘risida amaliy choralarni ko‘rdi. Oliy Kengashining VIII sessiyasi (1991 yil 18 noyabr)da Davlat bayrog‘i to‘g‘risida, Oliy Kengashning X sessiyasi (1992 yil 2 iyul)da Davlat gerbi to‘g‘risida, Oliy Kengashining XI sessiyasi (1992 yil 10 dekabr)da Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilindi. Sessiyada shoir Abdulla Oripov (1941–2016) va bastakor Mutal Burhonov (1916–2002) tomonidan tayyorlangan madhiya varianti tasdiqlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |