Pantda sayr
Ana shu kichik chekinishdan so'ng, uch qirollik kolleji haqida yozsam. Hikoyani Trinity kollejidan boshlayman.
|
Trinity Kolleji asosiy darvozasi
|
Trinity nafaqat Kembrij, balki butun Oksbrijdagi (Oxbridge, ikkala universitetning qo'shma nomi) eng badavlat va talabalar soniga ko'ra eng katta kollej bo'lib, Kembrij va dunyo tarixida o'chmas iz qoldirgan ko'plab insonlar ana shu yerda o'qishgan. Masalan, fizik olim Isaak Nyuton, buyuk ingliz shoirlari Lord Bayron (Byron) va Lord Tennison (Tennyson), 20 asrning buyuk faylasuflaridan Lord Rassel (Russell) va Lyudvig Vitgenshtayn (Wittgenstein), yadroviy fizika asoschisi Ernest Rezerford (Rutherford), Hindistonning birinchi bosh vaziri Javaharlal Neru va o'nlab boshqa yetuk odamlar o'qigan kollejdir. Kembrij universitetiga aloqador 80 tacha Nobel mukofoti sovrindorlarining 35 tasi Trinityda yo o'qishgan, yo ishlashgan.
King's College ham o'zining taniqli talabalari bilan mashhur: iqtisodchi Jon Meynard Keyns, yozuvchilar E.M.Forster va Salmon Rushdiy, zamonaviy kompyuter fanining otalaridan bo'lgan Alan Tyuring. Lekin King's Kembrijga kelganlarning xotirasida o'zining ajoyib binolari bilan esda qoladi, ayniqsa dunyodagi eng katta cherkovlardan bo'lgan King's College Chapel bilan.
Ushbu bino qurilishi qariyb bir asr davom etgan - uning salobatini so'zda emas, suratda ham yetkazib berish qiyin. Kapellaning ichida suratga olish mumkin emas, shuning uchun bu yerda faqat uning tashqi ko'rinishlarini namoyish qila olaman. Binoning ichiga kirgan odam birinchi navbatda yuqoriga, baland shipga, unda solingan naqshlarga qaraydi, keyin "Shuncha yil oldin (15-16 asrlarda) qanday qilib shunday narsarni qurishdi ekan?" degan hayolga boradi.
St John's College (Avliyo John kolleji) Kembrijning talabalar soni bo'yicha eng yirik ikki kollejidan biri bo'lib, azal-azaldan Trinity bilan raqobatchi bo'lib kelgan. Bu kollejga Trinityga asoschisi qirol Henry VIII ning buvisi Lady Margaret Beaufort ismli ayol asos solgan. Trinity bilan yonma-yon joylashgan bu kollej binolari ham juda chiroyli, lekin eng esda qolarli yodgorlik bu "Xo'rsinishlar ko'prigi" (The Bridge of Sighs) bo'lsa kerak.
Ushbu ajoyib ko'prikning nomi Venetsiyadagi shu nomli ko'prikdan olingan. Ko'prik ikkala qirg'oqdagi kollej binolarini bir-biriga bog'lab turadi va undan o'tishga ruxsat faqatgina kollej a'zolariga berilgan. Kembrijda keng tarqalgan mish-mish va afsonalardan biriga ko'ra, 19-asrda hukmronlik qilgan qirolicha Viktoriya ushbu ko'prikni shunchalik yaxshi ko'rgan emishki, bir necha oyda bir marta uni ko'rish uchun kelib turgan ekan.
Va nihoyat, uch qirollik kolleji haqida gapirib bo'lib, hikoyani tugatishdan oldin o'zimning kamtargina kollejim haqida yozaman.
Do'stlaringiz bilan baham: |