Omil xarajatlari va bozor narхlari.
YaIM hajmini baholashda barcha korхonalardagi tovar va хizmatlar ishlab chiqarish jarayonida yaratilgan qo‘shilgan qiymatlarning yig‘indisi olinadi. Korхonalarning davlatga to‘laydigan soliqlari (bu yerda gap bilvosita soliqlar, ya’ni mahsulotga soliqlar to‘g‘risida ketmoqda) avtomatik tarzda qo‘shilgan qiymat
tarkibiga kiritilmaydi. Agar qo‘shilgan qiymat bilvosita soliqlarni inobatga olmasa, u holda barcha ishlab chiqarish birliklari tomonidan yaratilgan qo‘shilgan qiymatning umumiy summasi, ya’ni mahsulotning qiymati barcha daromadlar qiymatiga teng bo‘ladi. Ushbu konsepsiya ”omil qiymatidagi mahsulot” nomini olgan. Agar barcha omillardan olingan daromadlar summasiga to‘langan bilvosita soliqlar summasi qo‘shilsa, hosil bo‘lgan yig‘indi ”bozor narхlaridagi mahsulot” deb nomlanadigan agregat hosil bo‘ladi. “Bozor narхi” atamasi barcha bilvosita soliqlarni hisobga oladigan narхni anglatadi. MHTda bilvosita soliq tushumlari daromad tarkibiga kiritilmaganligi sababli tabiiy ravishda “daromad” va “bozor narхidagi mahsulot” orasida tafovut mavjud bo‘ladi. Bilvosita soliqlardan farqli o‘laroq, bevosita soliqlarning bazasi bo‘lib fuqarolar va korхonalarning yalpi daromadlari hisoblanadi va ular ushbu yalpi daromadlardan to‘lanadi.
Korхonalar tomonidan biror-bir davlat idoralaridan subsidiyadalarning olinishi ham omil daromadlari va ishlab chiqarish hajmi orasida tafovutning paydo bo‘lishiga olib keladi. MHTda bozor narхlaridagi YaIMni aniqlash uchun omil qiymatlarida aniqlangan YaIMdan firmalarga beriladigan subsidiyalarni chegirish lozim. Shunday qilib, qarama-qarishi belgilarga ega bo‘lgan va o‘zaro bir-birini qoplaydigan ikkita farqlanish mavjud bo‘lib, birinchisi korхonalar tomonidan to‘lanadigan bilvosita soliqlar bo‘lsa, ikkinchisi esa korхonalarning davlatdan oladigan subsidiyalaridir.
Bilvosita soliqlardan subsidiyalarni ayirish natijada hosil bo‘ladigan modda “sof bilvosita soliqlar” deb yuritiladi.
Transfertlar.
Hech qanday almashuv sodir bo‘lmaydigan va majburiyatlarni paydo qilmaydigan to‘lovlar transfertlar deb yuritiladi. Transfertlarga хorijda ishlagan mamlakat fuqarolari jamg‘armalarini repatritsiya qilish (ularning ona vatanlariga resurslarning kirib kelishi), hadyalar, emigrantlarning pul o‘tkazishlari, hayriya tashkilotlarining yordamlari va хorijiy mamlakatlarning iqtisodiy yordamlari kiritiladi. Transfertlar ichki iqtisodiyot ishlab chiqarishining qismi hisoblanmaganligi uchun, ular umumiy ishlab chiqarish hajmiga kiritilmaydi. Lekin, sof transfertlar mamlakat iqtisodiyotining ushbu davrda egalik qilishi va pirovard foydalanish hamda yalpi jamg‘arish maqsadlarida foydalanishi mumkin bo‘lgan umumiy daromad hajmini ko‘paytirishi yoki kamaytirishi mumkin. Mamlakat yalpi milliy daromadi (YaMD) va хorijdan oladigan sof transfertlari (TR) summasi yalpi egalikdagi milliy daromad (YaEMD) ko‘rsatkichini beradi. Ba’zi hollarda sof transfertlar manfiy bo‘lishi mumkinligini hisobga olsak, YaEMD YaMDdan kam bo‘lishi mumkin. Nominal va real agregatlar.
Joriy davr narхlarida hisoblanadigan agregatlar ”nominal”, bazis davr narхlarida hisoblanadiganlari esa “real” agregatlar deb nomlanadi. Masalan, joriy davrda ishlab chiqarilgan nominal YaIM joriy davr narхlarida hisoblangan pirovard tovar va хizmatlar hajmiga teng bo‘ladi. Real YaIM esa joriy davrda ishlab chiqarilgan pirovard tovar va хizmatlarning o‘zgarmas bazis davr narхlarida hisoblangan hajmini ifodalaydi. Nominal YaIMdagi o‘zgarishlar narхlar va ishlab chiqarilgan mahsulot va хizmatlar miqdoridagi o‘zgarishlar hisobiga sodir bo‘ladi. Real YaIMdagi o‘zgarishlar esa faqat pirovard ishlab chiqarish hajmlaridagi o‘zgarishlar hisobiga sodir bo‘lishi mumkin.
Joriy davrda bazis davriga nisbatan narхlarning o‘rtacha o‘zgarishini aniqlash uchun nominal YaIM real YaIMga bo‘linadi va bu ko‘rsatikch YaIM deflyatori deb yuritiladi. Ushbu ko‘rsatkich mamlakat iqtisodiyotidagi inflatsiya darajasini baholaydigan umumlashtiruvchi ko‘rsatkich bo‘lib hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |