Rasmiy uslubning sintaktik xususiyatlari
Siddiqova Mahliyo O‘tkir qizi
SamDU 1-kurs magistranti
farhodmamatqulov263@gmail.com +99899 777- 46- 40
Annotatsiya: Maqolada rasmiy uslubning sintaktik xususiyatlari bo‘yicha mulohazalar yuritilgan.
Kalit so‘zlar: rasmiy uslub, sintaksis, ariza, murakkab ariza, bayonnoma, bildirishnoma, vasiyatnoma
O‘zbek rasmiy uslubining tarixiy ildizlari uzoq davrlarga borib taqaqladi, xususan, ilk o‘rta asrlar, qadimgi turk xoqonliklari davriga tutashadi. Dastlabki turkiy yozma hujjatlrning ilk bosqichlarida yurt egasining ulusga chaqirig‘i, yorlig‘i, hatto davlatning qonuni, tuzuklari epigrafik shaklda bayon qilingan. Mazkur davrlarda yaratilgan hujjatlarning qolipi, leksikasi, morfologiyasi, sintaktik xususiyatlari ham bugungi kun hujjatlaridan birmuncha farq qilgan. Rasmiy uslub doirasida qaraladigan har bir janr yoki hujjat nafaqat mazmunan, balki shaklan ham sezilarli darajada bir-biridan farq qiladi. Shuning uchun o‘rganishni osonlashtirish maqsadida L.G.Barlas ularni ikkita katta janrga: qonunchilikka oid va idoraviy janrlarga bo‘lib, bu bilan rasmiy uslub janrlari tahlilini osonlashtirgan edi. O’zbek adabiy tilida rasmiy ish qog’ozlar uslubi mustaqillik davrida yanada takomillashdi, ishlatilish doirasi yanada kengaydi, lug’at tarkibi yangi so’z va atamalar bilan boyidi. Xususan, respublikaning markaziy matbuotida O’zbekistonning boshqa davlatlar bilan tuzgan shartnomalari matnining berib borilishi yozuvchilarimizning harbiy mavzuda asar yozishi, har xil harbiy qonun, qo’llanma va memuarlarning o’zbek tiliga tarjimasi rasmiy uslubning taraqqiyotiga yordam berdi. 2017-yilda “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti tomonidan chop etilgan “Ish yuritish” kitobida esa ma’muriy-boshqaruv faoliyatida xizmat mavqeiga ko‘ra hujjatlar hozirgi kunda, asosan, quyidagicha tasniflash mumkin: tashkiliy hujjatlar, farmoyish hujjatlari, ma’lumot-axborot hujjatlari va xizmat yozishmalari1. Darhaqiqat, qonunchilikka va uning ijrosi bilan bog‘liq hujjatlar ham, idoraviy hujjatlar ham sintaktik va lingvistik xususiyatlariga ko‘ra bir-biridan jiddiy farqlanib turadi. Ushbu uslub uchun jargonlar, oddiy so‘zlashuvga xos so‘zlar, emotsional-ekpressiv bo‘yoqqa ega bo‘lgan so‘zlarning ishlatilishi me’yor sanalmasligi uni boshqa uslublardan keskin farqlaydi. O‘zbek rasmiy uslubiga oid bir qator tadqiqotlar amalga oshirilgan, xususan, Sh. Ko‘chimov tomonidan 1995-yilda “O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining tili” mavzusida nomzodlik, 2004-yilda “Huquqiy normalarni o‘zbek tilida ifodalashning ilmiy-nazariy muammolari” mavzusida himoya qilingan doktorlik dissertatsiyalari ham mavjud. 1987-yilda D.Boboxonova “Hozirgi o‘zbek adabiy tilining rasmiy-ish uslubi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Dissertatsiya muallifi birinchilardan bo‘lib rasmiy uslub doirasidagi hujjatlar nomini batafsil keltiradi. Dissertatsiyada rasmiy uslubdagi har bir hujjatlarning o‘ziga xos va umumuslubiy xususiyatlarini leksik-semantik, morfologik, sintaktik jihatdan tahlil etilganligi bilan ilmiy ahamiyatga egadir. Rasmiy-idoraviy hujjatlarning sintaktik qurilishi ham o‘ziga xosdir, ya’ni qonunchilikka oid hujjatlarning sintaktik qurilishida ko‘proq ko‘proq ergashgan, bog‘langan qo‘shma gaplar qo‘llanadi. Rasmiy matnlarning uslubiy alomatlari uning leksikasi, morfologiyasi, sintaksisida ham o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Xususan, mazkur uslubning morfologik xususiyatiga e’tibor beradigan bo‘lsak, ot so‘z turkumiga oid so‘zlardan umumlashtiruvchi ma’nodagi so‘zlar faol, xususan, aholi, bolalar, xalq, shaxslar, saylovchilar va hokazo2. Shuningdek, otlarning ma’lum bir qismi rasmiy uslub ichidagi janr ko‘rinishiga mos tarzda qo‘llaniladi. Idoraviy uslubdagi ariza, dalolatnoma, tavsifnoma, tilxat singari otlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Noaniqlikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ular olmoshlar bilan almashtirilmaydi. Rasmiy uslubda olmoshlarning ishlatilishi rasmiy mazmundagi matnlarda bu olmoshlar qaysi so‘z turkumiga oid birliklarning o‘rnida kelishi bilan bog‘liq. Boshqacha aytganda, barcha matnlarda bo‘lgani kabi, bu uslubda ham ma’lum leksik birlik va uning o‘rnida qo‘llangan olmosh o‘zaro mantiqiy-grammatik oppozitsiyada bo‘ladi. Muallif nutq vaziyatidan kelib chiqib ularning birini tanlaydi. Mazkur uslubda kishilik olmoshi sanalgan men va biz olmoshi ham faol qo‘llanadi, xususan, men olmoshi ariza, ishonchnoma, tarjimai hol, tilxat kabi hujjatlarda faol qo‘llanadi3. Mazkur uslubning sintaktik qurilishi ham o‘ziga xos, ya’ni sintaktik qurilishi qat’iy va o‘zgarmas. Ega gapning boshida, kesim esa doim gap oxirida kelishi, to‘ldiruvchi hamda holning kesimga bog‘lanishi, aniqlovchining esa aniqlanmishga bog‘lanishi mazkur uslub uchun qat’iydir. Uyushiq bo’lakli va turli murakkablashgan qurilmalar, olmoshli va bog’lovchi sintaktik aloqalar rasmiy-yuridik matnlarga xos: yoyiq aniqlovchilar, uyushiq bo’laklar bilan kengayib keladigan muvofiq,-ga asosan,- binoan kabi kiritmalar rasmiy uslub sintaksisining asosiy lisoniy belgilaridir. Idoraviy yozishmalarga oid hujjatlarda, xususan, ariza, tilxat,e’lon, tushuntirish xati kabilarning sintaktik qurilishi birmuncha soddaroq. Mazkur uslubda murakkab tipdagi nomlar keng qo‘llanadi, gap tuzilishida o‘zbek tilidagi odatdagi me’yorga amal qiladi va shu jihatlari bilan ilmiy uslubga o‘xshab ketadi. Rasmiy hujjatlar matni uchun asosan ikki bosh bo’lakli sodda gaplar va murakkablashgan sintaktik butunliklar xosdir. Rasmiy-idoraviy hujjatlar sanalgan ma’lumot-axborot hujjatlari: ariza, bayonnoma, bildirishnoma, vasiyatnoma, dalolatnoma, ishonchnoma, ma’lumotnoma, tilxat, tarjimai hol, tushuntirish xati, e’lon kabilarning sintaktik qurilishiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, avvalo, bayonnomaning sintaktik qurilishiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bayonnoma ma’lum bir yig‘ilish, kengash va boshqa tur anjumanlarning borishini, majlis qatnashchilarining chiqishini va ular qabul qilgan qarorlarni qisqa, aniq holda qayd qiluvchi hujjatdir, unda “ Eshitildi”, “Qaror qilindi”, “ So‘zga chiqdilar” kabi sintaktik qurilmalar qo‘llanadi, yig‘ilish yoki anjumanda bildirilgan fikr aniq, gap bo‘laklari tartibi odatdagi tartibda bo‘ladi va mazkur hujjatda ifodalangan kesim ko‘proq buyruq hamda darak gap shaklida bo‘ladi. Arizaning sintaktik qurilishi haqida gapiradigan bo‘lsak, ariza mazmun va uslubiga ko‘ra bir xil emas: u bir nechta so‘zdan iborat bo‘lishi, masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilgan xat tarzida bo‘lishi ham mumkin. Shu nuqtai nazardan arizalar sodda va murakkab arzalarga bo‘linadi shu jihatdan ularning sintaktik qurilishi ham bir-biridan farq qiladi. Masalan, sodda arizaga misol keltiradigan bo‘lsak:
Toshkent shahar xalq ta’limi
Bosh boshqarmasi boshlig‘i
I.Murodovga Toshkent shahar
Kelajak ko‘chasi 55- uyda yashovchi
O.O.Raximovdan
Ariza
Meni Olmazor tumanida joylashgan 59- maktabga fizika o‘qituvchisi qilib yuborishingizni so‘rayman.
2020.18.02 (imzo) O.O.Raximov
Mazkur ariza namunasida ikkita sodda gap mavjud bo‘lib, hujjat turining nomi, ya’ni ariza so‘zi tarkibida -dir kesimlik shakli mavjud bo‘lib u belgisiz holatda qo‘llanadi va ot kesimni shakllantiradi. Ikkinchisi esa fe’l kesimli sodda gap sanaladi. Gapning ifoda maqsadiga ko‘ra darak gap shakli, his-hayajonsiz, sodda yoyiq, to‘liq, egali gap ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Murakkab arizalarning sintaktik qurilishi esa birmuncha murakkabroq, bunday arizalarda kiritma, uyushiq bo‘lak,ajratilgan bo‘laklar sodda arizalarga nisbatan ko‘proq ishtirok etadi. Umuman olganda arizalarda, asosan, darak gaplar ishlatiladi va eganing ishtirokiga ko‘ra doim egali gap shaklida shakllangan bo‘ladi.
Bildirishnomalarning ham sintaktik xususiyati o‘ziga xosdir. O‘z navbatida bildirishnomalar tashabbus, xisobot va axborot xususiyatiga ega bo‘lib, tashabbus bildirishnomasi matnida tegishli masala yuzasidan umumiy yoki aniq masalalar ilgari surilib rahbarni ularni xal qilishga undaydi. Axborot bildirishnomasida esa rahbarga muayyan jarayonning umumiy holati to‘g‘risida xabar beradi, hisobot bildirishnomasida ma’lum bir ishning tugallanishi haqida yoki biron-bir ko‘rsatma, tavsiya, rejaning ijrosi to‘g‘risida rahbarni xabardor qilishi kerak bo‘ladi. Yuqoridagi fikrlardan ko‘rinib turibdiki zaruriy qismlari jihatidan bildirishnoma ham ma’lumotnomalarga yaqin turadi, farqi shundaki,ma’lumotnomada asosan talab qilingan, so‘ralgan voqea-hodisalar haqidagina ma’lumotlar beriladi, bildirishnomalarda esa voqea-hodisalarni sanash bilan birga, ularni keltirib chiqargan omillar tahlil qilinadi va tegishli xulosalar qilinib, takliflar aytiladi.Bildirishnomada darak gap shakli ishlatiladi, so‘roq hamda buyruq-xitob mazmuni qo‘llanilmaydi. Shuningdek, bildirishnoma yo‘llayotgan korxona yoki muassasa rahbarining familiyasi chiqish kelishigida bo‘lishi, gap bo‘laklari tartibi esa odatdagi tartibga amal qilishi, his-hayajonsiz, egali gap shaklida bo‘lishi bildirishnoma uchun xos xususiyatdir. Bildirishnomalarda gap bo‘laklari bilan aloqaga kirishmaydigan kiritma hamda ajratilgan bo‘laklarning qo‘llanishi chegaralangan. Undalma va undov so‘zlar esa umuman qo‘llanilmaydi.
Rasmiy hujjatlardan biri sanalgan vasiyatnomalarning sintaktik qurilishida esa, ajratilgan bo‘lak ko‘p qo‘llanishini ko‘rishimiz mumkin. Xususan:
Vasiyatnoma
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri ikki mimg o‘n ikkinchi yilning birinchi iyun kuni
Men, Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahar Uvaysiy ko‘chasidagi 212-uyda yashovchi Solijon Olimovich G‘afurov ushbu vasiyatnomam orqali quyidagi topshiriqni beraman:
Mening vafotim oldidan menga tegishli bo‘lgan barcha mol-mulkim xotinim Salomatxon Sobirovna G‘afurovaga vasiyat qilib qoldiraman.
Yuqoridagi misoldan ko‘rinib turibdiki, ajratilgan bo‘lak “ Solijon Olimovich G‘ofurov” kishilik olmoshi sanalgan men olmoshini yanayam aniqlab, izohlab kelganligini ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, sodda yoyiq, darak mazmunidagi kelasi zamon ma’nosini ifodalovchi eganing ishtirok etish etmasligiga ko‘ra esa egali gap ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Bunday holatni biz boshqa turdagi vasiyatnomalarda yoki shaxsiy ishonchnomalarda ham ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, tarjimai hol va tilxat namunalarida I shaxs birlikdagi kishilik olmoshi sanalgan men olmoshining qo‘llanishi mazkur hujjatlar uchun qolip sanaladi. Rasmiy-idoraviy hujjatlar, asosan, darak gaplardan tuziladi.Ammo bu rasmiy uslubda buyruq gaplar qo‘llanilmaydi degani emas. Masalan, farmoyish, buyruq va bayonnomalarda darak mazmunidagi gaplar bilan bir qatorda, buyruq gaplar ham qo‘llanadi va buyruq gapning kesimi uchinchi shaxsda birlikdagi buyruq mayli bilan ifodalanadi. Rasmiy matnlarda ega asosan gap boshida va kesimdan oldin keladi. Shuningdek, mazkur uslubda kerak,lozim, darkor, shart kabi modal so‘zlarning qo‘llanishi chegaralangan. Rasmiy uslub o‘ziga xos kiritma konstruksiyalariga ko‘ra boshqa funksional uslublardan yaqqol ajralib turadi. Rasmiy uslubda qo‘llanadugan kiritmalarni shartli ravishda ikkiga bo‘lish mumkin: kiritma so‘z, kiritma so‘z birikmasi. Ular asosiy gapdagi fikrga qo‘shimcha ma’lumot kiritadi. Asosiy gapdagi biror so‘zni, so‘z birikmasini yoki bir butun gapni izohlab keladi. Rasmiy uslubdagi matnlarda faqat ega va kesimning o‘zidan iborat bo‘lgan yig‘iq sodda gaplar deyarli ishlatilmaydi, chunki rasmiy hujjatlarda qayd qilinadigan ma’lumotlar aniq, tushunarli va tugal bo‘lish talab etiladi. Shu sababli rasmiy uslubdagi matnlarda yoyiq sodda gaplar ko‘p ishlatiladi. Shu bilan birga, rasmiy uslubdagi matnlarda shaxsi ma’lum gaplar ko‘p qo‘llanadi. Masalan, bildirishnoma, tilxat, ishonchnoma, ariza va yana boshqa ko‘plab rasmiy hujjatlarda shaxsi ma’lum gaplar qo‘llanadi.
Xulosa qilib aytadiga bo‘lsak , o‘zbek tili funksional stillari orasida rasmiy uslub alohida mavqega ega bo‘lib, uning leksik, morfologik, sintaktik qurilishi ham boshqa uslublardan o‘ziga xos tarzda ajralib turadi. O‘zbek vazifaviy uslublari orasidan rasmiy uslubning o‘ziga xos qirralari bir qator tilshunos olimlar tomonidan o‘rganilgan bo‘lsada, uning sintaktik xususiyatlari to‘la yoritilmagan. Biz yuqoridagi maqolamiz orqali rasmiy uslubning sintaktik xususiyatlari, xususan, mazkur uslubda sodda gaplar qo‘llanishining o‘ziga xos jihatlari: to‘liqsiz gaplarning qo‘llanilmasligi, his-hayajon gaplar, undalmali gaplarning qo‘llanishi juda cheklanganligi ba’zi hujjatlardagina qo‘llanilishi, xususan, xatlarda qo‘llanish holatlari mavjud. Shuningdek, gumon, taxmin, so‘roq ma’nosini ifodalovchi gaplarning ham mazkur uslubda qo‘llanilishi chegaralanganligi va boshqa bir qator xususiyatlari haqida o‘z mulohazalarimizni qayd etib o‘tdik.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
1.Каримов С. Ўзбек тили функционал стилистикаси.-Самарқанд, 2010.-Б. 25-29.
2. Шомақсудов А., Расулов И., Қўнғуров Р., Рустамов Ҳ. Ўзбек тили стилистикаси. – T.: Ўқитувчи, 1985. -25-29 б.
3. M. Mукаррамов. Ҳозирги Ўзбек адабий тилининг илмий стили. T.:Фан, 1984. -111-113 б.
4. Орзибони Юсупова. Ўзбек тилида олмошларнинг функсионал-стилистик хусусиятлари.автореф.-Cамарқанд,2017.74-75-b.
Do'stlaringiz bilan baham: |