2. Raqobatning shakllari va usullari Raqobat kurashining mazmuni to’g’risida to’laroq tushunchaga ega bo’lish uchun uning asosiy shakllari va belgilarini ko’rib chiqish zarur. O’z miqyosiga ko’ra raqobat eng avvalo ikki turga-tarmoq ichidagi raqobatga va tarmoqlararo raqobatga bo’linadi.
Iqtisodiy adabiyotlarda bir tarmoq ichidagi raqobatning to’rtta shakli alohida ajratilib ko’rsatiladi. Bular erkin raqobat, monopolistik raqobat, monopoliya va oligopoliyadir.
Erkin raqobat ikki darajada namoyon bo’ladi: tarmoq ichida, ya’ni bir xil tovarlar ishlab chiqaruvchi korxonalar o’rtasidagi raqobat va tarmoqlaro, ya’ni turli tarmoqlardagi korxonalar o’rtasidagi raqobat. Tarmoqlar ichidagi raqobat ishlab chiqarish va sotishning qulayroq sharoitiga ega bo’lish, qo’shimcha foyda olish uchun bir tarmoq korxonalari o’rtasida boradi. Har bir tarmoqda texnika bilan ta’minlanish darajasi va mehnat unumdorligi darajasi turlicha bo’lgan korxonalar borligi sababli shu korxonalarda ishlab chiqarilgan tovarlarning individual (alohida) qiymati bir xil bo’lmaydi.
Tarmoq ichidagi raqobat tovarlarning bozor qiymatini aniqlaydi va belgilaydi. Bu qiymat, odatda, o’rtacha sharoitda ishlab chiqarilgan va muayyan tarmoq tovarlarining anchagina qismini tashkil etadigan tovarlarning qiymatiga mos keladi.
Tarmoqlar ichidagi raqobat natijasida texnikaviy darajasi va mehnat unumdorligi yuqori bo’lgan korxonalar qo’shimcha foyda oladilar va aksincha, texnika jihatdan nochor korxonalar esa o’zlarida ishlab chiqarilgan tovar qiymatining bir qismini yo’qotadilar va zarar ko’radilar.
Tarmoqlararo raqobat turli tarmoqlar korxonalari o’rtasida eng yuqori foyda normasi olish uchun olib boriladigan kurashdan iborat. Bunday raqobat foyda normasi kam bo’lgan tarmoqlardan foyda normasi yuqori tarmoqlarga kapitallarning oqib o’tishiga sabab bo’ladi. Yangi kapitallar ko’proq foyda keltiruvchi sohalarga intilib, ishlab chiqarishning kengayishiga, taklif ko’payishiga olib keladi. Shu asosda, narxlar pasaya boshlaydi. Shuningdek, foyda normasi ham pasayadi. Kam foyda keltiruvchi tarmoqlardan kapitalning chiqib ketishi teskari natijaga olib keladi: bu erda ishlab chiqarish hajmi o’zgaradi, tovarlarga bo’lgan talab ular taklif qilishidan oshib ketadi, buning oqibatida narxlar ko’tariladi, shu bilan birga foyda normasi oshadi. Natijada tarmoqlararo raqobat ob’ektiv ravishda qandaydir dinamik muvozanatni keltirib chiqaradi. Bu muvozanat kapital qaerga sarflan-ganligidan qat’iy nazar, teng kapital uchun teng foyda olinishiga intilishni ta’minlaydi. Demak, tarmoqlararo raqobat kapital qaysi tarmoqqa solinmasin, xuddi shu tarmoq foyda normalarini o’rtacha foyda normasiga «baravarlashtiradi».
Erkin raqobat sharoitida bir xil mahsulot ishlab chiqaruvchi tarmoqda juda ko’p sonli korxonalar mavjud bo’ladi. Yuqori darajada tashkil qilingan bozorda ko’plab sotuvchilar o’zlarining mahsulotlarini taklif qiladilar.
Erkin raqobatli bozorda alohida korxonalar mahsulot narxi ustidan sezilarsiz nazoratni amalga oshiradi. Chunki har bir korxonada umumiy ishlab chiqarish hajmi uncha katta bo’lmaydi. Shu sababli alohida korxonada ishlab chiqarishning ko’payishi yoki kamayishi umumiy taklifga, demak mahsulot narxiga sezilarli ta’sir ko’rsatmaydi.
Erkin raqobat sharoitida yangi korxonalar tarmoqqa erkin kirishi, tarmoqda mavjud bo’lgan korxonalar esa uni erkin tashlab chiqishi mumkin. Xususan yangi korxonalarning paydo bo’lishi va ularning raqobatli bozorda mahsulotlarini sotishga huquqiy, texnologik, moliyaviy va boshqa jiddiy iqtisodiy to’siqlar bo’lmaydi.
Monopoliyada tarmoq bitta firmadan iborat bo’lishi sababli, u mavjud mahsulot (xizmat) ning yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi va yakka hukmronlik shakllanadi.
Monopoliya – iqtisodiy faoliyatining biror sohasida (ishlab chiqarish, xizmat ko’rsatish, tijorat va h.k.) korxona yoki davlatning tanho hukmron-ligini ifodalaydi.
Monopoliyalar bir qator yo’llar orqali kelib chiqadi. Bular:
Kapitalning to’planishi va markazlashuvi.
Fan texnika taraqqiyoti.
Davlatning ayrim faoliyat sohalarini qo’llab-quvvatlashi.
O’zaro kelishish.
Monopoliya bir qator turlarda mavjud bo’ladi:
Tabiiy monopoliyalar – iqtisodiy faoliyatning texnikaviy va texnologik xususiyatlari taqozo qilib, ular raqobatni qullash mumkin bo’lmagan yoki qiyin bo’lgan sohalarni o’z ichiga oladi:
Suv, energiya, gaz ta’minoti korxonalari;
Temir yul transporti;
Harbiy-mudofaa majmuasi korxonalari.
Iqtisodiy (sun’iy) monopoliyalar – ishlab chiqarish va kapitalning to’planishi hamda korxonalarning turli yo’llar bilan birlashishi natijasida vujudga keladi.
Monopoliya sharoitida firma narx ustidan sezilarli nazoratni amalga oshiradi. Buning sababi oddiy. U mahsulot (xizmat)ning yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi va demak, taklifning umumiy hajmi ustidan nazorat qiladi.
Monopoliyaning mavjud bo’lish tarmoqqa kirish uchun to’siqlarning mavjud bo’lishiga sabab bo’ladi. Iqtisodiy, texnik, huquqiy yoki boshqa to’siqlar yangi raqobatchilarning tarmoqqa kirishiga yo’l qo’ymaydi. Tarmoqqa kirish uchun to’siqlar har xil ko’rinishlarni oladi. Bularning asosiylari quyidagilar:
a) Ishlab chiqarish miqyosi keltirib chiqaradigan to’siqlar, shu jumladan, moliyaviy to’siqlar ko’p holatlarda shunchalik katta bo’ladiki bu tarmoqqa kirishni taqiqlash bilan barobar. Masalan, yirik ishlab chiqaruvchi hisoblangan avtomobil sanoatiga kirish, yangi texnologiyaga asoslangan zarur uskunalarni sotib olishga juda katta pul-kapitalni talab qiladi.
b) Tabiiy monopoliyalar vujudga keltiradigan to’siqlar. Buning mazmuni shundan iboratki, bir qancha tarmoqlarda raqobat mavjud bo’lmaydi, uni amalga oshirish mumkin emas. Ijtimoiy foydalanishdagi bunday tarmoq korxonalari tabiiy monopoliyalar deyiladi. Tabiiy monopoliyalarga elektr, gaz, suv ta’minoti va aloqa korxonalari misol bo’la oladi. Davlat bunday monopoliyalar faoliyatini tartibga solishda o’z huquqini saqlab qoladi. Agar tarmoqlar davlat mulkchiligiga asoslangan bo’lsa, bunday ijtimoiy foydalanishdagi korxonalar tartibga solinadigan yoki davlat tomonidan tuzilgan monopoliyalar deyiladi.
v) Patent va litsenziyalar kabi qonuniy to’siqlar. Davlat patent va litsenziyalar berib tarmoqqa kirish uchun qonuniy to’siqlar ham yaratadi. Patentlar uning egasiga mahsulotini to’liq nazorat qilish huquqini beradi. Tarmoqqa kirish yoki faoliyat turi bilan shug’ullanish davlat tomonidan litsenziya berish yo’li bilan cheklanishi mumkin. Masalan, davlat miqyosida radio va televizion eshittirishlarga tegishli vazirlik (mahkama) litsenziya beradi.
g) Xom ashyoning muhim turlariga xususiy mulkchilik monopoliyalar tomonidan potentsial raqobatchilar uchun samarali to’siq yaratish vositasi sifatida foydalanishi mumkin.
d) G’irrom raqobat. Firmalar o’z raqiblarining tarmoqqa kirib kelishini tajovuzkorona va shafqatsiz bartaraf qilishi mumkin. Bank va resurslarni etkazib beruvchilarni material va kredit berishdan voz kechirish, etakchi mutaxassislarni og’dirib olish, narxni keskin tushirish g’irrom raqobatning oddiy usullaridir.
Monopolistik raqobat erkin raqobat va oligopoliya o’rtasida joylashishi sababli, ularning belgilarini ifoda etadi.