§ 5. Tabiiy monopoliya holatini suiiste’mol qilish
Cheklangan raqobat muhitiga ega bo‘lgan bozorlarning, birinchi navbatda, tabiiy monopoliyalar sohalarining mavjudligi, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bozorlarga ta’sir qilib, aksariyat hollarda, ularni monopollashtiradi.
Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, tabiiy monopoliya subyektlariga tabiiy monopoliya sohasiga kiritilmagan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozorlaridagi raqobatni cheklash uchun o‘z mavqeyidan foydalanishni man etilganligiga qaramasdan, bugungi kunda bir qator o‘zaro bog‘liq raqobat ta’minlash imkoniyati mavjud bo‘lgan bozorlar, misol uchun, temir yo‘llari transporti sohasida — temir yo‘llari chiptalarini sotish, yuk vagonlarini ta’mirlash, vagon-restoranlar xizmatlari, vagonlarni tozalash va boshqa bozorlar amalda monopollashtirilgan.
§ 6. Raqobatga qarshi harakatlarga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari takomillashmaganligi
Bozorga kirish uchun to‘siqlarni bartaraf etishda, yirik korxonalar monopoliyasiga va “kartel” kelishuvlarga qarshi kurashishda, insofsiz raqobatning oldini olishda ta’sirchan mexanizmlar mavjud emas va amalda monopoliyaga qarshi organning qarorlar qabul qilishda mustaqilligi cheklangan.
Raqobatni cheklashga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha preventiv va oldini oluvchi choralar tizimi shakllanmagan, yirik korxonalarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olish bo‘yicha bitimlar ustidan tahlil o‘tkazish va samarali monopoliyaga qarshi nazoratni amalga oshirish mexanizmi o‘rnatilmagan, savdolar jarayonida raqobatni cheklashni oldini olishning huquqiy mexanizmlari samarasizligicha qolmoqda, monopoliyaga qarshi organ faoliyati samaradorligining eng muhim ko‘rsatkichlari ishlab chiqilmagan.
2-bob. Strategiyaning maqsadi va vazifalari
2.1. Strategiyaning asosiy maqsadi samarali faoliyat yuritadigan bozorlarni va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hisobiga iqtisodiy o‘sishni va innovatsiyalarni rag‘batlantirish, investitsiyalar oqimini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish hisoblanadi.
2.2. Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
raqobatni himoya qilish va rivojlantirish tizimini transformatsiya qilish;
shaffoflik va kirish uchun teng sharoitlarni ta’minlagan holda samarali faoliyat yuritadigan bozorlarni yaratish;
tadbirkorlik subyektlarining ma’muriy yukini va xarajatlarini, iqtisodiyotda davlatning ishtiroki darajasini kamaytirish, shuningdek, davlat ko‘magi taqdim etilishini tartibga solish;
narxlarni (tariflarni) davlat tomonidan oqilona tartibga solish tizimini yaratish;
tabiiy monopoliyalar sohalarining raqobat mavjud bozor holatiga o‘tishi uchun to‘siqlarni bartaraf etish;
raqobat cheklanishini oldini oluvchi vositalarni joriy etish;
raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilishiga nisbatan, birinchi navbatda, “kartel” kelishuvlar va til biriktirishlarga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini kuchaytirish;
raqamli iqtisodiyotni monopoliyaga qarshi tartibga solishning samarali vositalarini joriy etish;
monopoliyaga qarshi organ faoliyatining shaffofligini va samaradorligini ta’minlash, jamiyatda raqobat madaniyatini va raqobatga qarshi harakatlarning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasizlikni shakllantirish;
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining kadrlari salohiyatini tizimli shaklda oshirib borish.
Do'stlaringiz bilan baham: |