Andijon davlat universiteti magistranti Ahmedova Zarnigorning “Fotoelementlar parametrlariga radiatsiyaning ta’sirini o’rganish” mavzusidagi “5A140204 – Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va atrof-muhit fizikasi” mutaxassisligi bo’yicha magistr darajasini olish uchun yozgan magistrlik dissertatsiyasiga
T A Q R I Z
Quyosh energiyasidan foydalanish kishilik jamiyati oldidagi dolzarb masalalardandir. Axolining tez ko’payib odamlar moddiy va madaniy extiyojining o’sib borishi ularni energiya bilan ta’minlash muammosini vujudga keltiradi. Bu muammoni yechish quyosh energiyasidan foydalanish bilan ko’p darajada bog’langan. Jahonning rivojlangan mamlakatlaridan ko’pida quyosh energiyasidan turli maqsadlarda foydalanish tadqiqotlari va amaliyotiga katta e’tibor berilmoqda. O’zbekistonda ham kelajakda quyosh energiyasidan foydalanish masalalari bo’yicha muxim rejalar tuzilgan va ularni amalga oshirish borasida jiddiy ishlar olib borilmoqda.
Kremniyli quyosh elementlari yoki ulardan hosil qilinadigan batareyalar radiatsiyaga sezgir bo’lgan qurilmalar toifasiga kiradi. Shuning uchun radiatsiyaga chidamli kremniyli quyosh batareyalarini yaratish muammosi juda dolzabdir.
Shu o’rinda magistrant Z.Ahmedovaning yozgan magistrlik dissertatsiyasi oddiy quyosh elementlarini va bu elementlar asosida tayyorlangan fotoelektrik modullar chiqish parametrlariga gamma nurlanishining ta’sirini o’rganishga bag’ishlanganligi mavzuning dolzarbligini belgilaydi.
Magistrlik dissertatsiyasi unga qo’yilgan talablar asosida rasmiylashtirilgan bo’lib, kirish, 3 ta boblar, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan tashkil topgan.
Dissertatsiya ishining kirish qismida mavzuning dolzarbligi asoslangan, maqsad va vazifalar qo’yilgan, tadqiqotning ob’ekti va predmetlari belgilab olingan hamda ishda olingan tajriba natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati keltirilgan. Ishning birinchi bobida zamonaviy quyosh elementlari va ularning chiqish parametrlariga tashqi omillarning ta’siriga oid adabiyotlar tahlil qilingan. Jumladan, kremniyli quyosh elementi foydali ish koeffitsiyentining va fotovolt-amper xarakteristikasining temperaturaga bog’liqligi hamda kremniyning elektrofizik hususiyatlariga gamma nurlanishining ta’siri bayon etilgan. Ikkinchi bobda fotoelement namunalar tayyorlash usullari, gamma nurlari bilan nurlantirilgan va nurlantirilmagan namunalarning chiqish xarakteristikalarini o’lchash usullari bayon etilgan. Bunda Suns – VoC Sinton instruments qurilmasi va EDIBON SCADA EEFSC qurilmasi haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Magistrlik dissertatsiyasining 3-bobida zamonaviy o’lchov qurilmalari yordamida polikristal kremniy asosli quyosh elementlarining chiqish parametrlarini turli dozalardagi gamma nurlanishlari ta’sirlarida o’zgarishini tadqiq etilib quyidagi yangi ilmiy natijalar olingan:
- gamma nurlanish dozasini 106 dan 107 rad gacha ortishi kremniyli quyosh elemntlaridagi qisqa tutashuv tokini 0.0368 A/sm2 dan 0.0316 A/sm2 gacha, ya’ni 0.0052 A/sm2 ga kamayishiga sabab bo’ldi;
- gamma nurlanish dozasini 106 dan 107 rad gacha ortishi kremniyli quyosh elemntlaridagi salt ishlash kuchlanishi 0.6215 V dan 0.5841 V gacha, ya’ni 0.0374 V ga kamayishiga sabab bo’ldi;
Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati shundaki, olingan natijalar kremniyli quyosh elementlari va ular asosida tayyorlanadigan quyosh batareyalarda radiatsiyaviy nurlanishlar ta’sirida sodir bo’ladigan fizik jarayonlar haqidagi yangi tasavvurlarni kengaytirish imkonini beradi. Olingan tadqiqot natijalaridan amaliy jihatdan nurlanishga sezgir va parametrlari barqaror bo’lgan quyosh elementlarini yaratishda foydalanish mumkin.
Dissertatsiya ishi xato va kamchiliklardan ham holi emas, lekin ular ishni umumiy mazmuniga ta’sir qilmaydi.
Magistrant Ahmedova Zarnigorni yuqorida keltirilgan fikrlarga asoslanib magistr akademik darajasiga loyiq deb hisoblayman, “Fotoelementlar parametrlariga radiatsiyaning ta’sirini o’rganish” mavzusidagi magistrlik dissertasiyasi tugallangan tadqiqot ishi bo’lib, Davlat Attestatsiya Hay’ati talablariga to’liq javob beradi va ishni ijobiy baholash mumkin.
O’zR FA Ion plazma va lazer texnologiyalari instituti
katta ilmiy hodimi, texnika fanlari bo’yicha falsafa
doktori (PhD) Kuchkanov Sh.K
Do'stlaringiz bilan baham: |