1-mavzu:
QURUQ QURILISH QORISHMALARI VA ULARNING KLASSIFIKATSIYASI
Qurilish ashyolarining klassifikatsiyasi va asosiy xossalari
Qurilish ashyolarining klassifikatsiyasi
Qurilish materiallarini ularning kelib chiqishi, asosiy xossalari va ishlatilishiga ko‘ra quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin.
Qurilish ashyolari texnik xosalariga ko‘ra quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
Plastik ashyolar-kuch, temperatura yoki suv ta’sirida qayta ishlanish xususiyatiga ega bo‘lgan materiallar (gil, bitum, mis, qo‘rg‘oshin va boshqalar).
Elastik ashyolar-unga ta’sir etayotgan kuch olingandan so‘ng o‘z shakliga qaytadigan materiallar (rezina, po‘lat va yog‘och).
Mo‘rt ashyolar ta’sir etayotgan kuch natijasida o‘lchami va shaklini o‘zgartirmay to‘satdan buzilish xossasiga ega bo‘lgan materiallar (shisha, g‘isht va boshqalar).
Mustahkam (granit, temir, yog‘och) va mustahkamligi juda past (tosh, xom g‘isht, somon va boshqalar) materiallar.
Qattiq (cho‘yan, shisha, granit va boshqalar) va yumshoq (yog‘och, bitum va boshqalar) materiallar.
Jarayonlar ta’siriga chidamli va chidamsiz materiallar.
Izolyasiya ashyolari issiqlik o‘tkazmaydigan, tovush o‘tkazuvchi, gidroizolyasiya va elektroizolyasiya xossalariga ega bo‘lgan materiallar.
Qurilish ashyolarining fizik xossalari
Bino va inshootlar qurishda ishlatiladigan qurilish materiallarining xossalari turli tumandir. Bu xossalarga qarab materiallarning sifati va ishlatilish sohalari belgilanadi. Qator alomatlariga ko‘ra qurilish materiallarining asosiy xossalarini fizik, mexanik va kimyoviy xossalarga bo‘lish mumkin.
Ashyolarning fizik xossalari, uning tuzilishi yoki atrof muhitdagi fizik jarayonlarga munosabatini ko‘rsatadi. Materiallarning fizik xossalariga massasi, tabiiy va o‘rtacha zichligi, g‘ovakligi, suv shimuvchanligi, suv berishi, namligi, gigroskopikligi, suv o‘tkazuvchanligi, sovuqbardoshligi, xavo, bug‘, gaz o‘tkazuvchanligi, issiqlik o‘tkazuvchanligi va issiqlik sig‘imi, o‘tga chidamliligi va olovbardoshliligi kiradi.
Massa-jism tarkibidagi mineral zarrachalar (atom, molekula, ionlar) yig‘indisidir. Massa ma’lum hajmga ega bo‘ladi, ya’ni fazoda o‘rin egallaydi. U modda uchun o‘zgarmasdir, jismning harakat tezligi va fazodagi vaziyatiga bog‘liq emas. Turli moddalardan tashkil topgan bir xil hajmli jismlarning massasi ham bir xil emas. Hajmi bir hil bo‘lgan moddalar massasidagi tafovut zichlik tushunchasi bilan aniqlanadi. Zichlik tabiiy va o‘rtacha bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |