Qu'ron va hadis Sharq xalqlarining diniy, ilmiy va ma'naviy merosi sifatida
Sharq mutafakkirlari, olim-u ulamolari tomonidan asrlar davomida odob-axloqqa oid minglab kitoblar, hikmatlar yaratilgan. Afsuski, totalitar tuzum tomonidan olib borilgan siyosat tufayli ulardan xalqimiz mahrum qilib qoʻyilgan edi.
Bugun, hurlik sharofati ila qanchadan-qancha ma’naviy, madaniy meroslarimiz qayta tiklanib, xalqimiz ma’naviy qiyofasini yanada boyitayotgani hamda mamlakatimizda keyingi yillarda mazkur masala boʻyicha oʻtmishda arab, fors va boshqa tillarda yozilgan diniy adabiyotlar bilan birga dunyoviy adabiyotlar ham oʻzbek tiliga tarjima qilinib, kitobxonlarimizga havola etilayotgani hech kimga sir emas. Shu oʻrinda mutafakkir Mahmudxoʻja Behbudiyning “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir. Zamona ilmi fanidan bebahra millat boshqa milatlarga poymol boʻlur”.1 degan fikrlarini eslash joizdir. Tarjima adabiyotlardan tashqari, oʻzbek olimlari, shoirlari tomonidan ham odob-axloq, ilm-ma’rifat, ma’naviyat masalalariga bagʻishlangan koʻpgina asarlar nashr qilinmoqda.
Mazkur adabiyotlarda inson tugʻilganidan tortib to bandalikni bajo keltirganigacha amal qilishi kerak boʻlgan qoidalar, maslahatlar oʻz aksini topgan. Masalan, birgina shariat qoidalarining oʻzida musulmonlar amal qilishi zarur boʻlgan qanchadan-qancha talablar mavjud. Bular orasida insonparvarlik, insonni hurmat qilish va ulugʻlashga qaratilgan gʻoyalar alohida e’tiborga sazovordir.
“Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan koʻp asrlar mobaynida yaratib kelingan gʻoyat ulkan, bebaho ma’naviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani nihoyatda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Biz ma’naviy qadriyatlarni tiklashni milliy oʻzlikni anglashning oʻsishidan, xalqning ma’naviy sarchashmalariga, uning ildizlariga qaytishdan iborat uzviy, tabiiy jarayon deb hisoblaymiz” 1 deb ta’kidlaydi yurtboshimiz.
Darhaqiqat, boy madaniy merosimizni chuqur oʻrganish, milliy qadriyatlarimizni yanada rivojlantirish ma’naviy-ma’rifiy ishlarimizda benihoyat katta ahamiyatga ega. Yurtboshimiz Islom Karimov ta’kidlaganlaridek, oʻz taraqqiyot va islohot yoʻlimizdan tezkorlik bilan ilgari siljishga kuchli ruhiy quvvat beradigan milliy madaniyatimiz, sharq falsafasining hayotbaxsh va teran buloqlaridan bahramand boʻlish muhimdir.
Istiqlol yillarida madaniy, diniy, axloqiy qadriyatlarga nisbatan munosabatning bu qadar ijobiy tarzda oʻzgarishini muayyan sabablari, oʻziga xos zaruriy jihatlari bor. Chunki, dunyodagi dinlardan birortasi ham xalqlar va millatlarni, odamlarni yomon yoʻlga boshlamaydi, urushu-janjallar chiqarib qon toʻkishlarga, vayronagarchilik va ocharchiliklarga sabab boʻlishga, millat ajratishga, boshqa diniy mazhabdagilarni kamsitishga da’vat etmaydi, yoʻl qoʻymaydi. Aksincha, mehr-oqibatli, nomusli, oriyatli, oʻzaro izzat-e’tiborli, milliy hamkor-hamjihat boʻlishga undaydi, odamzotni ezgulik tomon boshlaydi. Muqaddas Islom dinining mustaqil Oʻzbekiston hayotidagi ahamiyati, uning odamlar ruhiy dunyosiga koʻrsatib kelayotgan ta’sirini Prezident Islom Karimovning “Turkiston-press” axborot agentligi muxbirining savollariga javoblaridan koʻrish mumkinki: “Aytmoqchimanki, biz oʻz millatimizni mana shu muqaddas dindan ayri holda aslo tasavvur qila olmaymiz. Diniy qadriyatlar, islomiy tushunchalar hayotimizga shu qadar singib ketganki, ularsiz biz oʻzligimizni yoʻqotamiz. Xoh yosh boʻlsin, xoh keksa boʻlsin, har bir oʻzbek nimagaki munosabat bildirmasin, albatta uni Yaratguvchining nomi bilan bogʻlaydi. Har bir soʻzimizni, ishimizni “Bismilloh” aytib boshlaymiz, yaxshi-yomon kunlarimizda Xudoga shukrona keltiramiz, tavba qilamiz. “Shukur” degan kalomni bilmaydigan biror inson Oʻzbekistonda bormikan oʻzi! Bilsangiz kerak, paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom ham “shukur” va “tavba” degan soʻzlarni eng koʻp ishlatar ekanlar. Tugʻilganda qulogʻimizga azon aytiladi, oila qurganimizda shar’iy nikoh oʻqitiladi, dunyodan koʻz yumganimizda janoza oʻqitiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |