Yiriklashtirib yigʼish Elementlarning gabaritli oʼlchamlari yoki massalari tufayli ularni qurilish maydoniga tayyor, yigʼilgan holatda yetkazib boʼlmaydigan vaziyatlarda yiriklashtirib yigʼish lozimdir. Qurilish maydoniga keltirilgan yigʼma temirbeton elementlardan uzunligi 24 m va undan yuqori boʼlgan fermalarni va ogʼir turdagi bir qavatli sanoat binolarning baland ustunlari yigʼiladi. Baʼzan temirbeton ustunlar va rigellardan ramali sistemalar tashkil qilinib, ikkita yarimta holatda keltiriladigan tom yopish fermalarini birlashtirib, devor panellar va boshqa konstruktsiyalarni yigʼib yassi bloklar hosil qilinadi. Qurilish maydonida metall konstruktsiyalarni yigʼish uchun oʼsha konstruktsiyalar uchun hamda yorugʼlik va aeratsion fonarlarga ega boʼlgan fermalar uchun bajariladi.
Yiriklashtirib yigʼish ishlari asosan konstruktsiyalar saqlanadigan omborlarda yoki statsionar (koʼchmas) stellajlar oʼrnatilgan maxsus maydonlarda amalga oshiriladi. Uzunligi boʼyicha yiriklashtiriladigan elementlar kran yordamida ombordan koʼtariladi va tayanchlarga yoki kassetalarga shunday tarzda oʼrnatiladiki, bunda ularning boʼylama oʼqlari bir-biriga mos tushmogʼi taqozo etiladi. Undan keyin elementlarning bosh va oxirgi qismlari (uchlari) toʼgʼirlanadi va elementlardagi chiqib turgan armaturalar yoki alohida sterjenlar oʼqlari bir-birlariga moslab toʼgʼirlanadi. Qoʼshimcha xomutlar oʼrnatilgandan va sterjenlar payvandlangandan keyin elementlarning tutashgan joylariga qolip oʼrnatiladi va unga beton aralashmasi qoʼyiladi. Bu betonning klassi va uning qotgandan keyingi mustahkamligi loyiha boʼyicha oʼrnatiladi. Odatda, tutashgan joylarga qoʼyiladigan beton klassi tutashtirilayotgan elementlar betonining klassi bilan bir xil boʼladi yoki bir klass yuqori boʼladi.
Keyingi yillarda konstruktsiyalarni montajli va montaj-texnologik bloklarga yiriklashtirib yigʼish keng qoʼllanilmoqda. Bunday yiriklashtirib yigʼish qurilish muddatini sezilarli ravishda qisqartiradi, chunki bunda binoni barpo etish parallel ravishda va hattoki ilgarilab olib boriladi. Konstruktsiyalarni yigʼish boʼyicha bajariladigan katta hajmli ishlarda yiriklashtirib yigʼish stendlar yoki konduktorlar bilan jihozlangan yigʼish maydonlarida olib boriladi, konduktorlarda konstruktsiyalarni yigʼish jarayoni ularni mahkamlash va toʼgʼirlash, tekislashni amalga oshirish imkonini beradi; baʼzan bunday yigʼish maydonlari konveyerli liniyalar bilan ham jihozlanadi. Yigʼish maydonlari montaj kranlarining harakatlanish zonasiga yoki montaj qilinayotgan obʼekt atrofiga, yoxud omborga yaqin joylarga joylashtiriladi, konveyerli liniyalar esa obʼektlar yaqiniga oʼrnatiladi.
Bloklarni yiriklashtirib yigʼish ayniqsa bir qavatli binolarning metall fermalari va bloklari boʼyicha tom yopmasini montaj qilishda koʼp qoʼllanadi. Bino yacheykasiga mos (toʼgʼri) keladigan oʼlchamdagi blok fermalarni tugunlar, progonlar bilan birlashtirib juftlashtirish orqali yiriklashtirib yigʼiladi, kam hollardagina yerda shtampovkalangan metall toʼshamalar yoki yengil materiallardan ishlangan tayyor shchitlardan foydalaniladi. Koʼpincha fazoviy blok quyidagi elementlar: ikkita stropila osti fermalari, uchta stropila va fonar fermalari, fermalar boʼyicha progonlar va fonarlar, tom yopmasi elementi sifatida qoʼyiladigan poʼlat profil toʼshamalardan tashkil topadi.
Temirbeton fermalar va ustunlar qurilish konstruktsiyalari omborlarida yiriklashtirilib yigʼiladi va u yerdan montaj qilishga yiriklashtirilgan holatda beriladi. Bunday yigʼilgan elementni montaj joyiga yetkazish murakkablik tugʼdirganda yoki ularni yetkazishning iloji boʼlmagan hollarda konstruktsiyalarni yigʼish ularni oʼrnatish joylarida, yaʼni montaj kranining harakatlanish zonasida amalga oshiriladi. Biroq konstruktsiyalarni montaj kraning harakatlanish zonasida yigʼish koʼp hollarda kam unumdorlidir. Shuning uchun, tashish sharoitlari mavjud boʼlgan vaziyatlarda konstruktsiyalarni yiriklashtirish ishlarini yuk koʼtaruvchi jihozlar va yigʼish-payvandlash moslamalari bilan taʼminlangan maxsus maydonlarda bajarish maqsadga muvofiqdir. Transport xarajatlarni kamaytirish maqsadida bu maydonlarni mumkin qadar montaj qilinadigan obʼektlar yaqiniga joylashtirish taqoza etiladi.
Yigʼish maydonlariga xizmat koʼrsatish uchun “toʼrt oyoqli” kranlardan foydalanish ratsional boʼlib, bunda konstruktsiyalarni taxlab joylashtirish sezilarli darajada soddalashadi va qanday massaga ega boʼlishidan qatʼiy nazar konstruktsiyalarni butun maydon boʼyicha bir tekisda taqsimlash mumkin. Yiriklashtirib-yigʼish operatsiyalarini mexanizatsiyalashtirish uchun “toʼrt oyoqli” kranlarni qoʼllash bunday ishlarning narxini arzonlashtiradi va ekspluatatsiya-foydalanish narxi 1,5...2 marta yuqori, katta yuk koʼtaruvchanlikka ega boʼlgan temiryoʼl va gusenitsali kranlarga boʼlgan ehtiyojni kamaytiradi.
Temirbeton fermalar kasseta tipidagi maxsus stellajlarda vertikal holatda yiriklashtiriladi. Kassetalar har bir yarim fermaning ikkita tugunlari ostiga oʼrnatiladi (8.4-rasm). Ularni kassetalarni tayanch tugunlar ostida ikki tomoni toʼliq yopilgan holatda va regulirovka qilish moslamalarisiz, oraliqlar uchun qoʼyiladigan kassetalar regulirovkalovchi moslamalar bilan oʼrnatiladi. Yigʼiladigan elementlarning tutashadigan joylarining holati mexanik yoki gidravlik domkratlar bilan regulirovka qilinadi (toʼgʼirlanadi). Temirbeton ustunlarni yiriklashtirish gorizontal holatda amalga oshiriladi, ularning tutashadigan elementlarini bir-biriga toʼgʼirlash maxsus konduktorlar orqali taʼminlanadi.