2-davr: «Sanoat asri» XX asrning o’rtalarigacha davom etdi. Bu davrda iqtisodiy faoliyat tabiat qonunlaridan ustun bo’lib, inson tabiat ustidan hukmronlik qildi;
3-davr: «Noosfera», ya’ni yangicha fikrlash davri bo’lib, bu davr tabiiy muhitning zaiflashib qolganligi va uni asrash global ekologik muammoga aylanganligi bilan xarakterlanadi. Bu davrda bajariladigan barcha asosiy ishlar tabiatni insonning qudratli kuchi ta’siridan himoya qilishga qaratiladi.
Bu borada BMT ning say’-harakatlari katta bo’lmoqda. Uning 1992 y. Rio-de Janeyroda bo’lib o’tgan atrof-muhit va rivojlanishga bag’ishlangan konferensiyasida qabul qilgan Deklarasiyada ekologiya iqtisodiyoti uchun ahamiyatga ega bo’lgan quyidagi prinsiplar ifodalab berilgan:
- bir davlat boshqa davlat atrof-muhitiga ziyon yetkazmaslikka iqtisodiy javobgardir;
- rivojlanish huquqi hozirgi va kelajak avlodlar uchun tabiatni asrash tamoyiliga buysunishi kerak;
- barqaror rivojlanish atrof-muhit muhofazasi rivojlanishi bilan birga borishi kerak; - yer ekotizimlarining sog’lomligi va yaxlitligini saqlashda davlatlarning hamkorlik qilishi;
- barqaror rivojlanishda «ogohlantirish prinsipi»ni qo’llash, ya’ni ishlab chiqarish va iste’molning barqaror rivojlanishiga imkon bermaydigan modelni qo’llamaslik;
- barqaror rivojlanishda «kooperasiya prinsipi»ni qo’llash, ya’ni davlatlar fan, texnika va texnologiyalar rivojida hamkorlik qilishi;
- ekologik zararni bir-biriga to’lash prinsipi;
- atrof holatiga ta’sirni baholash prinsipi.
Yuqorida sanab o’tilgan barcha prinsiplarning mazmun-maqsadi yagona uyimiz hisoblangan biosferada barcha mamlakatlar o’z hududlaridagi tabiatni asrash bilan bir qatorda, o’zlarining barqaror rivojlanishlarini atrof-muhit muhofazasida hamkorlik qilish asosida amalga oshirishdir. Konferensiyaning asosiy hujjati «XXI asr kun tartibi» deb nomlangan bo’lib, unda ekologiya iqtisodiyoti uchun 40 dan ortiq tavsiyalar berilgan. Bu tavsiyalardagi ekologik-iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasi iqtisodiy o’sishni tezlashtirish, kambag’allikni bartaraf etish va atrof-muhit himoyasi masalalarini muvofiqlashtirishni nazarda tutadi. Ekologik - iqtisodiy harakat rejalarini ishlab chiqish barqaror rivojlanish ko’rsatkichlariga asoslanib tuziladi.