Biotik omillar – bu tirik organizmlarning bir-biriga o’zaro ta’siri majmuidir. Ular turli shaklda ta’sirlashishi mumkin (masalan, o’simliklarning hashoratlar bilan changlanishi, bir turdagi organizmlarni boshqalarining eyishi, resurslarning u yoki bu turi oziq, fazo, yorug’lik va boshqalar uchun organizmlar o’rtasidagi raqobat, parazitizm va boshqalar). Biotik o’zaro munosabatlar juda murakkab va o’ziga xos xarakterga ega. Shuningdek, ular bevosita va bilvosita bo’lishi mumkin.
Antropogen omillar – bu inson faoliyatining shunday shakliki, ular atrof-muhitga ta’sir etib, tirik organizmlarning yashash sharoitini o’zgartiradi yoki hayvon va o’simliklarning ayrim turlariga bevosita ta’sir qiladi. Eng muhim antropogen omillardan biri muhitning ifloslanishi hisoblanadi. Antropogen omil inson va uning xo’jalik faoliyatining tirik organizmlarga va butun tabiatga turli xil ta’sirlari majmuini tashkil etadi. Omillar ichida ayniqsa namlikning ta’siri katta.
Tabiatdagi turli tirik organizmlarning suvga nisbatan ehtiyoji turlicha bo’ladi, chunki ular turli namlik sharoitida yashashga moslashganlar. Bu jihatdan organizmlarni bir qancha ekologik guruhlarga ajratish mumkin. Masalan, gidrofillar – faqat suvda yashaydilar; gigrofillar – namligi juda yuqori bo’lgan quruqlik sharoitida yashaydilar; mezofillar – namligi mo’tadil, ya’ni o’rtacha bo’lgan sharoitni yoqtiradilar; kserofillar – namligi kam yoki juda kam bo’lgan qurg’oqchil sharoitda yashaydilar. Organizmlarning yashashi, rivojlanishi va yer yuzida tarqalishini belgilovchi omillardan biri haroratdir. Chunki organizmdagi modda almashinuv jarayoni undagi atom va molekulalarni harakatga keltiruvchi omil haroratdir. Muhim ekologik omillardan yana biri yorug’lik, ya’ni quyosh radiatsiyasi barcha tirik mavjudotlar uchun yagona energiya manbai hisoblanadi.
Fotosintez – murakkab fotokimyoviy jarayon bo’lib, u tiriklikning poydevori hisoblanadi. Chunki bu jarayon butun tirik tabiatni ham kislorod va ham ozuqa bilan ta’minlaydi. Fotosintez jarayonida o’simliklar quyoshdan yetib keladigan energiyaning faqat 0,1- 0,3% dan foydalanadilar. Organizmlarni yorug’likka talabi turlicha bo’ladi. Shunga ko’ra organizmlarni fotofillar, ya’ni yorug’lik sevarlar hamda fotofoblar, ya’ni yorug’likni yoqtirmaydiganlar kabi ekologik guruhlarga bo’lish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |