Yusuf Xos Hojib XI asrda yashab, turkiy tilda ijod etgan buyuk shoir hisoblanadi. Yusuf – asl ismi. Aynan «Qutadg‘u bilig» dostoni zamon hukmdori tahsiniga sazovor bo‘lgani uchun muallifga «xos hojib», ya’ni eshik og‘asi rasmiy lavozimi berilgan. Shoir buni o‘ziga taxallus qilib olgan. Yusuf qadimiy Bolosog‘un shahrida tug‘ilgan. Bolosog‘uniy deyilishi – shundan. Ba’zi manbalarda bu shahar Quzo‘rda deb ham tilga olinadi.
Bizga Yusuf Xos Hojibning birgina «Qutadg‘u bilig» asari yetib kelgan. Shoir hayotiga oid ma’lumotlarni ham faqat shu dostondangina topamiz. Asar hijriy 462, ya’ni milodiy 1069–1070-yili Koshg‘arda yozib tugallangan. Hajmi – 6 ming 409 baytdan iborat. Muallifning o‘zi uni bir yarim yil mobaynida bitganini aytadi:
Tegurdi menga algi ellik yoshim,
Qug‘u qildi quzg‘un tusitek boshim.
Oqir ellik emdi mengar kel teyu,
Pusug‘ bo‘lmasa, bordim emdi naru.
(Ellik yoshim menga qo‘l tegizdi,
Qora quzg‘un tusidek boshimni oq (qush) qildi /ya’ni sochim oqardi/.
Ellik /yosh/ endi men tomon kel, deb chorlamoqda,
Pistirma /ya’ni nogahoniy o‘lim/ bo‘lmasa, endi u tomon boraman.)
Shu misralarga tayanib, olimlar, Yusuf Xos Hojib bu kitobini ellik yoshlarida yozgan, deb hisoblashadi.
Doston yaratilgan XI asr Qoraxoniylar davlatining eng gullagan davri edi. Yuqori Chindan Kasbiy dengiziga qadar bo‘lgan juda katta hudud shu saltanat hukmi ostida edi. Koshg‘ar (ikkinchi nomi O‘rdukent) shu ulug‘ saltanatning poytaxti edi. Bolosog‘un mamlakatning muhim markazlaridan biri hisoblanardi.
Yusuf Xos Hojib dostonini tugallagach, uni zamon hukmdori (elig) Tavg‘achxon Ulug‘ Bug‘ra Qoraxonga taqdim etadi.
Asar garchi XI asrda yaratilgan bo‘lsa-da, u haqida o‘zbek adabiyotining keyingi asrlardagi namunalarida hech qanday ma’lumot uchramaydi. Hatto, turkiy tildagi har bir asarga alohida mehr va e’tibor bilan munosabatda bo‘lgan buyuk Alisher Navoiy, shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur ham «Qutadg‘u bilig» yoki uning muallifini mutlaqo tilga olmagan. Shundan kelib chiqib, bu bobokalon shoirlarimiz «Qutadg‘u bilig» haqida bilgan-bilmagani borasida bir narsa deyish qiyin.
Bunga sabab – asarning bor-yo‘g‘i quyidagi uch nusxasigina saqlanib qolganligi:
1.Vena nusxasi. U milodiy 1439-yili (Alisher Navoiy tavalludidan ikki yilgina oldin) Hirotda uyg‘ur yozuvi bilan ko‘chirilgan. (Uyg‘ur yozuvi arab alifbosi asosida shakllantirilgan sof turkiy yozuv edi.) Kitob Turkiyaning Tugot shahriga, 1474-yili esa Istanbulga keltirilgan. Uni keyinchalik Istanbulda mashhur sharqshunos Hammer Purgshtall sotib olib, Venadagi Saroy kutubxonasiga keltiradi. 1823-yili fransuz sharqshunosi Jaubert Amadee bu buyuk asar haqida ma’lumot e’lon qilib, uni ilm ahliga tanishtiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |