2.Qohira nusxasi. 1896-yili asarning arab yozuvi asosidagi turkiy alifboda ko‘chirilgan nusxasi Qohirada topildi.
3.Namangan nusxasi. Sharqshunos Valizoda 1914-yilning 20-aprelida Qozon universiteti qoshidagi Arxeologiya, tarix va etnografiya jamiyatiga Farg‘ona ekspeditsiyasi haqida yozgan hisobotida namanganlik Muhammad hoji Eshon Lolaresh degan kishining qo‘lida «Qutadg‘u bilig»ning yana bir nusxasi mavjudligi haqida ma’lumot beradi. Atoqli adabiyotshunos Abdurauf Fitrat 1924-yili Muhammad hoji Eshon Lolareshdan shu qo‘lyozmani olishga muyassar bo‘ladi.
«Qutadg‘u bilig» zamonning ijtimoiy-siyosiy ehtiyoji yanglig‘ yaratilgan. Ya’ni Qoraxoniylar davlati va bu mamlakat xalqining bir g‘oyaviy-mafkuraviy, ma’naviy-axloqiy dasturga, o‘ziga xos milliy ta’limotga katta zarurati bor edi. Shoir ana shu buyuk va sharafi vazifani bajarishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
Asarning tub mohiyatida markazlashgan davlatni idora qilish, yana-da mustahkamlash, turli xon va beklar o‘rtasida o‘zaro og‘iz birchilikka erishish, adolatli va oqilona siyosat yuritish, umrning o‘tkinchiligi, ma’naviyat, yashash tartib-tamoyillari bilan bevosita bog‘liq g‘oyalarni badiiy tarzdagi bir qomusiy dastur sifatida ilgari surish niyati yotadi. Unda qaysidir ma’noda xalqning maqsad-muddaolari, orzu-intilishlari, maslak-g‘oyalari ifodalangan. Shu nuqtayi nazardan u qoraxoniylar davrining mafkuraviy ta’limoti sifatida ham alohida ahamiyatga ega.
Doston masnaviy, ya’ni o‘zaro qofiyalangan ikki misradan iborat baytlar yo‘li bilan yozilgan. Vazni – mutaqoribi musammani mahzuf, ya’ni «faulun–faulun–faulun–faul» (V – – / V – – / V – – / V –) yoki maqsur, ya’ni «faulun–faulun–faulun–faol» (V – – / V – – / V – – / V ~). Mutaqoribi musammani maqsur vazniga tushadigan misralarda oxirgi hijo o‘ta cho‘ziq – «sabr», «qand», «tog‘», «tor» kabi so‘zlardan tashkil topadi. Masalan, asardagi: Biliglik, biligsiz, chiqay bar ya bay, Uqushliq, uqushsiz, otun bir gaday, – bayti mutaqoribi musammani mahzuf, ya’ni «faulun–faulun–faulun–faul» (V – – / V – – / V – – / V –) vaznida bitilgan bo‘lsa, mana bu qo‘sh misra mutaqoribi musammani maqsur, ya’ni «faulun–faulun–faulun–faol» (V – – / V – – / V – – / V ~) vaznida yozilgan:
Qayu begda bo‘lsa bu arquq qilinch,
Ishi barcha tetru sevinchi saqinch.
Turkiy va forsiy mumtoz adabiyotda shohlar haqidagi asarlar, davrlar mobaynida shakllangan an’anaga ko‘ra, asosan, shu vaznda bitilgan. Masalan, Firdavsiyning «Shohnoma»si, «Xamsa» turkumining Iskandar Maqduniy (Aleksandr Makedonskiy) hayoti va faoliyatini asos qilib olib yaratilgan oxirgi dostonlari, jumladan, Abdurahmon Jomiyning «Xiradnomayi Iskandariy» («Iskandar aqlnomasi»), Alisher Navoiyning «Saddi Iskandariy» asarlari ham aynan shu vaznda yozilgan.
«Qutadg‘u bilig» kam nusxada saqlanib qolgan bo‘lsa ham, muallif uning o‘z davrida ancha mashhur ekani haqida faxrlanib so‘z yuritadi. Chinliklar uni «Adab ul-muluk» («Podshohlar odobi»), mochinliklar «Amin ul-mamlakat» («Mamlakat omonliklari»), Sharq elining ulug‘lari «Ziynat ul-umaro» («Amirlar ziynati»), eronliklar esa «Shohnoma»yi turkiy» («Turkiy «Shohnoma»), turonliklar «Qutadg‘u bilig», ba’zilar esa «Pandnomayi muluk» («Podshohlar pandnomasi») deb atayotganini alohida qayd etadi.
«Qut» – baxt, saodat, «bilig» esa bilim degani. Shunga ko‘ra, asarning nomini «Baxtga eltuvchi bilim» yoki «Saodatga yo‘llovchi bilim» deb tarjima qilish mumkin. Abdurauf Fitrat uni «Baxtliklanish bilimi» deb o‘girgan.
Albatta, XI asrga qadar ham tilimizda dostonlar bitilgan bo‘lishi kerak. Lekin hozircha bizgacha yetib kelgan ilk turkiy doston – aynan ana shu «Qutadg‘u bilig».
Dostonda to‘rt asosiy qahramon bor. Ularning har biriga ramzan muayyan bir ezgu tushuncha – ma’naviy qadriyatning timsoli yanglig‘ qaralib, alohida ma’no-mazmun yuklatilgan. Kuntug‘di (chiqqan Quyosh) – elig, ya’ni hukmdor. U adolat ramzi bo‘lib kelgan. Oyto‘ldi (to‘lgan Oy) – vazir. U baxt va davlat ramzi hisoblanadi. O‘gdulmish (aqlga to‘lgan) – vazirning o‘g‘li. U aql va zakovat ramzi yanglig‘ tasvirlangan. O‘zg‘urmish (uyg‘ongan) – vazirning qarindoshi. U asarda qanoat, ofiyat, ya’ni sog‘lomlik ramzi sifatida qalamga olingan. Men shu to‘rt tushuncha ustida fikr yuritdim, deydi shoirning o‘zi:
Bu to‘rt nang uza so‘zladim men so‘zug,
O‘qisa ochilg‘ay yetig qil ko‘zug.
(So‘zni shu to‘rt narsa ustida yuritdim,
Uni o‘qib, tushunilsa, ro‘shnolik bo‘ladi, ko‘zingni och.)
Doston – sof badiiy asar. Bunday deb urg‘u berib aytishimiz bekorga emas. Adabiyot tarixida Kaykovusning forsiy tilda yozilgan «Qobusnoma»si kabi nasihatnomalar ham, Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma»si singari tarixiy-memorial asarlar ham mavjud, ularning ham badiiy ahamiyati – juda katta. Biroq «Qutadg‘u bilig» – pandona (didaktik) ruhdagi, ta’limtarbiya, odob-axloq mavzusiga bag‘ishlangan tipik badiiy asar. Unda, shaxs tarbiyasi, uning jamiyatdagi o‘rni, komillik shartlari, umrni bekorga o‘tkazmaslik, turli ijtimoiy tabaqaga mansub kasb-kor egalarining ma’naviy-axloqiy mezonlari, davlatchilik qat’iyat va tamoyillari asosiy yo‘nalishga aylangani bilan, bu g‘oyalarning bari badiiy bo‘yoq va timsollarga burkangan holda taqdim etilgan.
Asar, nasriy hamda she’riy muqaddimadan tashqari, 71 maxsus bobdan tashkil topgan. Boblarda ko‘proq savol-javob, munozara olib boriladi. Shu tariqa shoir oldiga qo‘ygan masalalarga o‘z hissiy munosabatini bildirib boradi. Ko‘tarilgan masalalarning barida aynan qanday bilim kishini baxt-saodat sari yetaklashi oydinlashadi. Bu esa asar nomi naqadar oqilona tanlanganini ko‘rsatadi.
Yalpi olib qaraganda, bu doston orqali XI asrda xalqimizning qanday yuksak ma’naviy mezonlarni ulug‘lab yashaganini ham to‘liq tasavvur qilish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |