O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-noyabr,
PQ-4035-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
AVTOMOBIL YO‘LLARI INFRATUZILMASINI YANADA RIVOJLANTIRISH VA YO‘L HARAKATINI TASHKIL ETISH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Respublikada oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan va mintaqalarning sanoat salohiyatini oshirishga, shaharlar va qishloq aholi punktlari qiyofasini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar iqtisodiy aloqalar intensivligini oshirishning va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning muhim omili sifatida yo‘l-transport infratuzilmasini yanada jadal rivojlantirishni talab qiladi.
Bu yo‘nalishda yirik infratuzilma obyektlarini qurish, zamonaviy avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish, eng muhim tranzit transport yo‘llarini, shu jumladan “Toshkent — Termiz”, “Samarqand — Buxoro — Olot”, “G‘uzor — Buxoro — Qo‘ng‘irot — Beynau”, “Toshkent — Chimyon — Chorvoq dam olish zonasi” transport yo‘llarini kompleks rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi.
Sirg‘ali mavzesini aylanib o‘tadigan yangi yo‘nalish bo‘ylab Toshkent avtomobil halqa yo‘lida to‘liq qatnov ta’minlandi. Toshkent, Nukus, Buxoro shaharlarida murakkab transport chorrahalari, shuningdek yirik aholi punktlarini aylanib o‘tish yo‘llari qurildi. 2017-2018-yillarda mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturi doirasida 4 ming kilometrdan ziyod xo‘jaliklararo avtomobil yo‘llari ta’mirlandi, shuningdek, 265 kilometrli umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llarini qayta qurish ishlari bajarildi.
Shu bilan birga, avtomobil yo‘llarini qulay va shinam qilish, yo‘l harakatini axborotlar bilan ta’minlash, yo‘l bo‘yidagi infratuzilmani xalqaro standartlar talablariga muvofiq rivojlantirish bilan bog‘liq ko‘plab masalalarga hanuzgacha lozim darajada e’tibor qaratilmayapti. Quyidagilar bunday holatning asosiy sabablari hisoblanadi:
birinchidan, avtomobil yo‘llarini qulay va shinam qilish hamda rivojlantirishga doir normativ hujjatlar xalqaro standartlarning zamonaviy talablariga mos kelmaydi. Jumladan, 1970 — 80 yillarda ishlab chiqilgan amaldagi standartlarni yangilash, shu jumladan svetofor bilan tartibga solish, yo‘ldagi to‘siqlarni, yo‘l ustiga chiziqlar tortish va yo‘l belgilarini qo‘llashga doir standartlarni yangilash talab etiladi;
ikkinchidan, yo‘l belgilarini ishlab chiqarish va o‘rnatishga doir ishlarni tashkil etish hamda o‘tkazishga, yo‘l ustiga nur qaytaruvchi xususiyatga ega zamonaviy texnologiyalar asosidagi bo‘yoqdan, shuningdek, boshqa sifatli materiallardan foydalangan holda o‘chib ketmaydigan chiziqlar tortishga tizimli yondashilmayapti. Respublika avtomobil yo‘llarida o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra 70 mingdan ortiq eskirgan yo‘l belgilarini almashtirish, shuningdek, qo‘shimcha ravishda 136 mingdan ziyod yangi ko‘rsatkichlar o‘rnatish zarurligi aniqlandi;
uchinchidan, avtomobil yo‘llarini, ayniqsa xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘llarini ko‘rsatkich belgilari bilan, shu jumladan chet tillardagi ko‘rsatkich belgilari bilan jihozlash bo‘yicha ishlar yetarli darajada tashkil etilmagan;
to‘rtinchidan, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish sohasida malakali kadrlar yetishmaydi, yo‘l harakatini tartibga solish sohasida shu sohaga ixtisoslashgan yetakchi xorijiy tashkilotlar bilan tajriba almashishni tashkil etishga doir ishlar tizimli olib borilmayapti.
Yo‘l harakatini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, avtomobil yo‘llari infratuzilmasini ilg‘or xorijiy tajriba asosida rivojlantirish va yo‘l harakati ishtirokchilari uchun yuqori darajada qulaylik yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar amalga oshirilayotgan 2018 — 2022-yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasi doirasida yo‘l infratuzilmasini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
birinchi — yo‘l ustiga chiziqlar tortishda, yo‘lovchilar o‘tish joylarini, avtomobil yo‘llari kesishadigan va tutashadigan joylarni, avtomobillarning qisqa muddat to‘xtab turish va to‘xtash joylarini qurishda innovatsion ishlanmalarni hamda nur qaytaruvchi materiallarni qo‘llash asosida yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash;
ikkinchi — yo‘l harakati ishtirokchilarini yo‘nalish bo‘ylab sifatli navigatsiya bilan ta’minlaydigan yo‘l belgilari va axborot ko‘rsatkichlarini, shu jumladan chet tillardagi yo‘l belgilari va axborot ko‘rsatkichlarini yetarli miqdorda o‘rnatish orqali “gapiradigan yo‘l” prinsipi bo‘yicha yo‘l harakati ishtirokchilarining xabardorligini oshirish”;
uchinchi — avtomobil yo‘llari foydalanuvchilariga yuqori darajada qulaylik yaratish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yo‘l bo‘yi hududlarini to‘liq ko‘kalamzorlashtirish, obod qilish va me’moriy-landshaft loyihasini tuzish, mazkur hududlarda infratuzilma obyektlarini oqilona qurish hisobiga transport vositalarining ekologiyaga salbiy ta’sirini kamaytirish;
to‘rtinchi — axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, texnik vositalar va dasturiy mahsulotlarni avtomobil yo‘llarini qurish, to‘g‘rilash va ulardan foydalanish jarayoniga keng joriy etish;
beshinchi — yo‘llarni ta’mirlash ishlari sifatini oshirish va hududlarni obod qilish, shuningdek, tartibga solishning texnik vositalariga qo‘yilgan zamon talablariga javob beradigan, shuningdek, respublika hududlarining tabiiy-iqlim sharoitlariga moslashtirilgan zamonaviy chidamli materiallardan, butlovchi, tarkibiy qismlardan foydalanish hisobiga avtomobil yo‘llaridan foydalanishda xarajatlarni kamaytirish.
2. Quyidagilar:
2019 — 2023-yillarda yo‘l belgilari ishlab chiqarishni va ularni respublika avtomobil yo‘llariga o‘rnatishni, yo‘l ustiga chidamli chiziqlar tortishni tashkil etish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga* muvofiq;
2019 — 2023-yillarda yo‘l belgilarini ishlab chiqarishni va respublika avtomobil yo‘llariga o‘rnatishni, yo‘l ustiga chidamli chiziqlar tortishni tashkil etish dasturini moliyalashtirish parametrlari 2-ilovaga* muvofiq;
yo‘l belgilari ishlab chiqarishni va ularni respublika avtomobil yo‘llariga o‘rnatishni, yo‘l ustiga chidamli chiziqlar tortishni tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 3 ilovalar rus tili matnida berilgan.
3. Dasturni amalga oshirish doirasida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetini, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlarini, tumanlar va shaharlar budjetlarini shakllantirishda ularning parametrlarida yo‘l belgilarini ishlab chiqarish, ularni xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llariga, shaharlar, tuman markazlari va ularni boshqa aholi punktlari ko‘chalariga o‘rnatishni, yo‘l ustiga chidamli chiziqlar tortishni tashkil etishni moliyalashtirish uchun budjetdan ajratiladigan maqsadli mablag‘larni nazarda tutsin;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining asoslantirilgan talabnomalari bo‘yicha yo‘l belgilari ishlab chiqarishni va ularni umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llariga o‘rnatishni, yo‘l ustiga chidamli chiziqlar tortishni tashkil etish uchun zarur mablag‘larning o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlasin;
Dastur parametrlarining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini so‘zsiz ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining raisi, Moliya vaziri, Ichki ishlar vaziri, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari zimmasiga yuklansin.
4. “Uzavtoyo’lbelgi” DUK “O‘zeltexsanoat” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda energiya tejovchi texnologiyalar va quyosh energiyasi manbalaridan foydalangan holda elektron yo‘l belgilarining, eng avvalo, axborot-ko‘rsatkich va ogohlantirish belgilarining namunalarini ishlab chiqsin hamda 2019-yildan boshlab ularni ishlab chiqarishni hamda magistral avtomobil yo‘llari va markaziy shahar ko‘chalariga o‘rnatishni ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi:
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda zamonaviy xalqaro standartlarni va ranglar gammasiga toifalangan yondashuvni, ya’ni yashil rangli axborot-ko‘rsatkich belgilaridan ko‘proq foydalanilishini hisobga olgan holda avtomobil yo‘llarini yo‘l belgilari bilan jihozlash, yo‘l ustiga chiziqlar tortish va yo‘l harakatini tartibga soluvchi boshqa elementlarni o‘rnatishga qo‘yilgan talablarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
potensial xorijiy hamkorni aniqlagan holda yo‘l belgilarini, yo‘l ustiga tortiladigan chiziqlar va yo‘l harakatini tartibga soluvchi boshqa elementlar uchun bo‘yoqlar va termoplastni ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish yuzasidan bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga aniq taklif kiritsin;
yo‘l infratuzilmasini loyihalashtirish va undan foydalanish sohasidagi Sindao shahrining Loyihalash va rejalashtirish instituti (Xitoy Xalq Respublikasi) bilan hamkorlikni tashkil etish masalasini ikki oy muddatda ishlab chiqsin;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda yo‘l bo‘yidagi infratuzilma obyektlarini qurish uchun tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalari berish, shuningdek, ularning zimmasiga avtomobil yo‘llari atrofidagi hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va obod qilish majburiyatlarini yuklash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmini joriy etish bo‘yicha taklifni ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2019-yilda “Toshkent — Samarqand” yo‘nalishi bo‘ylab uzunligi 5 kilometr bo‘lgan M-39 avtomobil yo‘llari uchastkalarini va “Guliston — Dashtobod” yo‘nalishi bo‘ylab uzunligi 5 kilometr bo‘lgan M-34 avtomobil yo‘llari uchastkalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha dastlabki loyihalarni amalga oshirsin, energiyaning muqobil manbalari asosida ko‘cha chiroqlari va yo‘lni tartibga soluvchi texnik vositalarni, svetodiodlar va nur qaytargichlardan foydalangan holda yo‘l belgilarini, shuningdek, avtomobil yo‘llari atrofidagi hududlar landshaftini loyihalashtirish va ularni ko‘kalamzorlashtirishning zamonaviy elementlarini o‘rnatsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “O‘zbekneftgaz”, “O‘zqurilishmateriallari”, “O‘zeltexsanoat”, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatlari, O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi bilan birgalikda butun yo‘l infratuzilmasini kompleks takomillashtirish doirasida yo‘l ustiga chiziqlar chizishda ishlatiladigan bo‘yoqlar, termoplast, texnik vositalar va yo‘lni tartibga soluvchi boshqa elementlarni ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi, tarkibiy qismlarni, xomashyo va materiallarni mahalliylashtirish hamda tarmoqlararo kooperatsiya dasturini uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasining quyidagilar to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tarkibida:
“Maxsusyo‘lqurilish” davlat unitar korxonasini (keyingi o‘rinlarda “Maxsusyo‘lqurilish” DUK deb ataladi) tashkil etish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish doirasida sement beton qoplamali avtomobil yo‘llari qurilishini hisobga olib, zamonaviy ilg‘or innovatsion texnologiyalarni o‘rganish va joriy etishni mazkur DUK faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilash;
avtomobil yo‘llarini yo‘l belgilari bilan jihozlash, yo‘l ustiga chiziqlar tortish va yo‘l harakatini tartibga soluvchi boshqa elementlar o‘rnatish bo‘yicha ilg‘or xorij amaliyotini qo‘llash asosida loyihaviy ishlarni tashkil etishning zamonaviy texnologiyalari hamda progressiv usullarini joriy etgan holda yo‘l infratuzilmasi loyihalarini ishlab chiqish uchun javob beradigan “O‘zyo‘lloyiha” loyiha-qidiruv instituti” davlat unitar korxonasini (keyingi o‘rinlarda “O‘zyo‘lloyiha” DUK deb ataladi) tashkil etish;
b) yo‘l belgilari, yo‘l ustiga tortiladigan chiziqlar uchun bo‘yoqlar va termoplastning standartlarga javob berishini tahlil qilish va ularni sinovlardan o‘tkazish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan laboratoriyani “Uzavtoyo’lbelgi” DUK tuzilmasida tashkil etish, uni ko‘chiriladigan va turg‘un laboratoriyalar bilan jihozlash;
Do'stlaringiz bilan baham: |