Dostonning birinchi bobi Qur’oni karimdagi bosh ilohiy jumla “Bismillohir rahmonir rahim” (“Mehribon va rahmli Olloh nomi bilan boshlayman”)ning poetik sharhiga bag'ishlangan. Bu bob nafaqat “Hayratu ul- abror” uchun, balki umuman “Xamsa” uchun ham kirish vazifasini o‘taydi, chunki keyingi dostonlarda biz bu ilohiy jumlani uchratmaymiz. Hazrat Navoiy bu jumlani ikki nuqtai nazardan tahlil qiladi, ya’ni qabul qiluvchilar va rad etuvchilar. Bunda ushbu jumladagi har bir harfga alohida ma'no yuklatiladi. Dastlab rad etuvchilarga to‘xtalinar ekan, ushbu jumladagi har bir harfning bu toifa kishilarini jazolantirishga xizmat qildirilganligini ko‘ramiz. Xususan, “ﺱ” – “sin” harfi haqida gapirilganda, uning shakli nahang balig‘ining umurtqa suyagidagi arradek bo‘lib, rad etuvchilar uchun ofatdek; “ﻢ” – “mim” harfi ilon nafasidek o‘t sochib, yo‘l boshida og‘zini ochgan holda yotadi degan tashbehlardan foydalaniladi. Shu tariqa Navoiy ushbu jumladagi qolgan harflarni ham ushbu maqsadga xizmat qildiradi va kitobot (harf) san'atining betakror namunasini yaratadi. Ikkinchi toifa, ya’ni qabul qiluvchilarga to‘xtalinganda endi bu harflarning ijobiy ma’no kasb etishini kuzatamiz. Xususan, “ﺱ” “sin” harfi endi salomatlik yo'lining zinasiga o‘xshatilsa, “ﻢ” – “mim” harfining maqsad manzilidagi buloq boshiga nisbat berilganligini ko‘ramiz. Bularning barchasida Navoiyning yuksak badiiy salohiyati namoyon bo‘ladi.
Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni 54 bob, 5782 baytdan iborat. Shundan muqaddima 11 bobni o‘z ichiga oladi. Doston an’anaviy hamd – Allohning maqtovi bilan boshlanadi. Dostonda ikkita hamd mavjud. Birinchi hamdda Alisher Navoiy yaratuvchining qudratini ta’riflab, uning irodasi bilan qalamga olmoqchi bo‘lgan g‘oyaviy niyati haqida so‘z yuritar ekan, birinchi misrani arabcha kalima bilan boshlaydi:
Bihamdik fath abvob ul maoniy,
Nasib et ko‘ngluma fath o‘lmak oni.
Ya’ni: Ma’nolar eshiklarining ochilishi sening maqtoving bilan va ko'nglumga ularni zabt etishni nasib qil.
Keyingi baytlarda Navoiy ma'nolar xazinasi qulfiga qo'lining kalit bo'lishini, shu vosita bilan barcha umidlariga yetishishni tilaydi, ana shu ma'nolar xazinasidan olam ahlini bahramand qilishni umid qiladi.
“Layli va Majnun” - Alisher Navoiy "Xamsa"sining uchinchi dostoni (1484). U 3622 baytdan iborat boʻlib, shu mavzudagi dostonlarga xos aruz vaznining “hazaji musaddasi axrabi mak,buzi mahzuf” bahrida yozilgan. Navoiy ushbu dostonni turkiy tilda yaratgan birinchi muallifdir. Alisher Navoiy Layli va Majnun sarguzashtlarining anʼanaviy syujet chizigʻini saqlab qolgan holda voqealarga yangicha ruh va mazmun baxsh etdi hamda dostonga yangi timsollar kiritdi. Alisher Navoiy Layli va Majnun afsonasidan libos sifatida foydalanib, doston mazmuniga oʻz falsafiy qarashlarini singdirib yuborishni maqsad qilganini taʼkidlaydi. Doston Sharq mumtoz adabiyotining anʼanalariga muvofiq ikkita: zohiriy (ochiq) va botiniy (yashirin) maʼnolarga ega. Zohiriy maʼno oddiy oʻquvchiga ham tushunarli boʻlib, unda ikki yosh muhabbati oʻz ifodasini topgan. Botiniy maʼno esa ramziy-majoziy tasvirlarga oʻralgan boʻlib, unda muallifning falsafiy qarashlari aks etgan. Navoiy dostonning ilk bobidayoq oʻquvchiga oʻz ramzlarining kalitini taqdim etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |