Qoraqalpog’iston hududida qadim zamonlardan buyon aholi istiqomat qilgan. Ularning eng qadimiysi Paleolit, Neolit, Bronza davrida yashagan ovchilar va baliqchilardir
Qoraqalpog’iston hududida qadim zamonlardan buyon aholi istiqomat qilgan. Ularning eng qadimiysi Paleolit, Neolit, Bronza davrida yashagan ovchilar va baliqchilardir. Ular Sulton Uvays tog’ tizmasi va Amudaryo bo’yida oddiy tarzda hayot kechirganlar.
Bundan tashqari, Shimoliy Kavkaz va unga chegaradosh hududlardan Paleolit davriga mansub aholining ko’chganligi to’g’risida faraz mavjud. Ushbu ko’chish, Kaspiy dengizining sathi keskin pasayib, uning shimoliy qismi qurib qolishi sababli Shimoliy Kavkazni Mang’ishloq va Ustyurt bilan bevosita bog’lab turadigan quruqlikdagi chegaralar paydo bo’lgan davrlarda sodir bo’lgan bo’lishi mumkin.
Neolit davriga oid birinchi manzilgohlar miloddan avvalgi IV ming yilliklarga borib taqaladi. Ushbu davrda tabiiy sharoitlari, hayot tarzi va madaniyati bilan bir-biridan farq qiladigan ikki hudud ajralib turadi. Birinchi hudud Qoraqalpog’iston janubidagi qadimiy Amudaryo havzasi (Aqchadaryo janubiy havzasi) bo’lsa, ikkinchi hudud Ustyurt platosining bepoyon kengliklaridir.
Akchadaryo havzasi baliqlar, yovvoyi hayvonlar va qushlarga boy ko'llar, orollar va botqoqliklardan iborat tekislik bo’lgan. Ana shunday tabiiy muhitda qadimgi baliqchi va ovchilarning neolit davriga oid “kaltaminor madaniyati” (m.a. IV- III ming yillar) vujudga kelgan. Ushbu madaniyatga xos xususiyatlaridan biri bu butun bir qishloqlarda matriarxat urug’chilik tuzumining hukmronligi edi.
Bronza davrida Janubiy Orolbo’yi mintaqasidagi turli qabila va madaniyatlarning aralashuvi natijasida xorazmiylar xalqi vujudga keldi.
Miloddan avvalgi VI asrda hozirgi Xorazm viloyati va Turkmanistonning Toshhovuz viloyatida Xorazm shaharlari paydo bo’ldi. Bu davrda Xorazm, Ahamoniylar davlati tarkibida edi. Gerodotning yozishicha, Xorazm Fors imperiyasining 16 satrapligi tarkibiga kirgan, xorazmliklar esa Ahamoniylar qo’shinlari tarkibida bo’lishgan va Persopolis shahrini qurilishida ishtirok etishgan.
Miloddan avvalgi V-IV asrlarda Qadimgi Xorazm davlati birlashadi. Ushbu davrga oid ko’plab yodgorliklar hozirgi Qoraqalpog’istonning chegara hududlarida joylashgan. Bu davrda yagona qal’alar tizimida bir qancha mustahkam shaharlar qurilgan.
Garchi milodiy ilk asrlarda Xorazm rasman Kushon imperiyasi tarkibiga kirganligi ma’lum bo’lmasada, Qadimiy Xorazm tarixi davridagi ushbu davr “Kushon davri” deb yuritiladi.
Milodiy IV asrdan X asrgacha Xorazm Afrig’iylar sulolasining hokimiyati ostida bo’lgan. Arablar istilosidan so’ng, Xorazm ikki qismga: Afig’iylar hukmronligi ostidagi Qiyot (o’ng qirg’oq) va arab amiri tomonidan boshqariladigan Gurganjga bo’linib ketdi.
VI asrning oхiri va VII asr boshlarida Amudaryoning Orolbo’yi havzasida o’zining tangalari, o’ziga xos ganjkor kulolchiligi va shaharlarining yangicha tuzulishi bilan ajralib turgan Kerder madaniyati vujudga keldi. Uning markazi Nukus tumanidagi Hayvon-qal’a shaharchasi o’rnidagi Kerder shahri bo’lgan.
XI asrda Qadimiy Xorazm o’rnida Xorazmshohlar davlatiga asos solindi. Bu davlat XIII asrdagi mog’ul istilosigacha mavjud bo’lgan. Amudaryo g’arbiy sohili yerlaridagi katta talofotlarga qaramasdan, Xorazmshohlar davlati, Oltin O’rda hukmronligi davrida qayta tiklandi. Shunday qilib, XIV asrda Xorazm Oltin O’rdaning eng boy va madaniy jihatdan eng rivojlangan qismiga aylanib, Xitoydan Rimgacha va Boltiq dengizidan Hindistongacha bo’lgan hududdagi xalqaro savdoda muhim rol o’ynadi.
XIX asrda hozirgi Qoraqalpog’iston, Xiva xonligi tarkibida bo’lgan. 1924-yilda Qoraqalpog’iston avtonom viloyati tashkil etildi hamda uning markazi To’rtko’l shahri etib belgilandi. 1992-yilda Qoraqalpog’iston, O’zbekiston Respublikasi tarkibidagi Qoraqalpog’iston Respublikasi sifatida tashkil etildi.