83-modda. Malaka, bilim va ko‘nikmalarni baholashdan o‘tkazish tartibi Malaka, bilim va ko‘nikmalarni baholash:
kasbiy malakasi, bilimi va ko‘nikmalarini baholashdan o‘tishni xohlovchi shaxsning tashabbusiga ko‘ra — ushbu shaxsning mablag‘lari hisobidan;
ish beruvchining yo‘llanmasiga ko‘ra — ish beruvchining mablag‘lari hisobidan;
kasbga o‘qitish markaziga xizmatlar ko‘rsatish doirasida — kasbga o‘qitish markazining mablag‘lari hisobidan o‘tkaziladi.
Malakani baholashdan o‘tish uchun ish kasbiy malakasi, bilimi va ko‘nikmalarini baholashdan o‘tishni xohlovchi shaxs (ish beruvchi, kasbga o‘qitish markazi) tomonidan quyidagi hujjatlar malakani baholash markaziga bevosita yoki pochta aloqasi orqali yoxud axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron shaklda taqdim etiladi:
ishchilarga malaka razryadi va mutaxassislarga malaka toifasi berish bo‘yicha imtihonda ishtirok etish to‘g‘risidagi ariza;
pasportning yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatning ko‘chirma nusxasi;
malaka, bilim va ko‘nikmalarni baholashdan o‘tkazganlik uchun xizmatlarga haq to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov hujjatining ko‘chirma nusxasi;
Oldingi tahrirga qarang. zarur bo‘lganda, agar qonunchilikda nazarda tutilgan bo‘lsa, kasbiy faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish uchun tegishli ruxsat olinganligi to‘g‘risidagi hujjatlarning ko‘chirma nusxalari.
(83-modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Ariza va u bilan qo‘shib topshiriladigan hujjatlar to‘plami malakani baholash markazida ular kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n yil davomida saqlanadi.
Malakani baholash markazi ariza beruvchini hujjatlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinganligi, ishchilarga malaka razryadi va mutaxassislarga malaka toifasi berish bo‘yicha imtihonni o‘tkazish sanasi, joyi, vaqti va tartib-taomillari to‘g‘risida besh ish kuni ichida xabardor qiladi.
Ishchilarga malaka razryadi va mutaxassislarga malaka toifasi berish bo‘yicha imtihonga uzrli sababga (kasallik yoki hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa holatlarga) ko‘ra kelmagan shaxs imtihonni malakani baholash markazi tomonidan belgilangan muddatda qayta topshirishga qo‘yiladi.
Shaxs ishchilarga malaka razryadi va mutaxassislarga malaka toifasi berish bo‘yicha imtihonga uzrli sababsiz kelmagan taqdirda, ushbu shaxs uchun imtihon bekor qilinadi, ilgari amalga oshirilgan to‘lov esa qaytarilmaydi.
Malaka, bilim va ko‘nikmalarni baholashdan o‘tkazish uchun mo‘ljallangan baholash vositalari hamda baholash usullari, shu jumladan foydalaniladigan moddiy-texnika resurslari va onlayn-sinov uchun dasturiy ta’minot O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan belgilanadi.