13-modda. Ish beruvchilarning aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etishi O‘zbekiston Respublikasida ish beruvchilar aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda quyidagilar orqali ishtirok etadi:
ish o‘rinlarini zaxiraga qo‘yish hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini zaxiraga qo‘yilgan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish;
bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har oyda, shuningdek xodimlarning ishdan bo‘lg‘usi ozod etilishi to‘g‘risidagi axborotni har bir xodimni ko‘rsatgan holda, ular ishdan ozod etilishidan kamida ikki oy oldin hududiy mehnat organlariga taqdim etish;
mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi shartnomalar va kelishuvlar shartlarini bajarish;
xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish uchun sharoitlar yaratish;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga ijtimoiy soliqni to‘lash orqali moliyaviy ajratmalar ajratish;
aholi bandligiga ko‘maklashishga doir dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga ularning mehnatiga haq to‘lash uchun mablag‘larning o‘rnini O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan to‘liq yoki qisman qoplagan holda jalb etish.
Bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ish beruvchi tomonidan mahalliy mehnat organiga har bir hisobot oyining oxiridagi holatga ko‘ra elektron tarzda yoki qog‘ozda taqdim etiladi. Bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari milliy bazasiga kiritiladi. Ma’lumotlar qog‘ozda taqdim etilganda, ular ish beruvchining vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadi.
Xodimlarning ishdan bo‘lg‘usi ozod etilishi to‘g‘risidagi axborotda ishdan ozod etiladigan xodimlarning shaxsiy ro‘yxati ishdan ozod etiladigan har bir xodimning kasbi, mutaxassisligi, malakasi va mehnatiga haq to‘lash miqdori, shuningdek xodimlarni ozod etishni amalga oshirish mo‘ljallangan muddatlar majburiy tartibda ko‘rsatiladi.
Oldingi tahrirga qarang. Ish beruvchilarning aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish o‘rinlarining belgilangan eng kam miqdoridan ortiq qo‘shimcha ish o‘rinlarini tashkil etish, shuningdek ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi yangi ish o‘rinlarini tashkil etishni rag‘batlantirish hududiy jamg‘armalarining mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan kompensatsiya qilinadi.
(13-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun tashkil etilgan yoki zaxiraga qo‘yilgan ish o‘rinlarini qisqartirish yoki tugatish kasaba uyushmalari yoxud xodimlarning boshqa vakillik organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.