66-modda. Kasbga o‘qitishga doir davlat buyurtmasining ma’lumotlar bazasini shakllantirish Mehnat organlari kasbga o‘qitishga doir davlat buyurtmasining ma’lumotlar bazasini shakllantiradi va uni muntazam ravishda yangilab boradi.
Kasbga o‘qitishga doir davlat buyurtmasini shakllantirish va amalga oshirish “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi bilan integratsiya qilingan tegishli elektron platforma hamda dasturiy ta’minot orqali bajariladi.
Mazkur elektron platforma hamda dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va muntazam ravishda qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
67-modda. Kasbga o‘qitishga doir davlat buyurtmasi turlari Kasbga o‘qitishga doir davlat buyurtmasi quyidagi turlar bo‘yicha shakllantiriladi:
uzoq muddatli o‘qitish — o‘quv jarayoni o‘ttiz haftadan qirq haftagacha davom etadi;
o‘rta muddatli o‘qitish — o‘quv jarayoni besh haftadan yigirma besh haftagacha davom etadi;
qisqa muddatli o‘qitish — o‘quv jarayoni to‘rt haftagacha davom etadi;
ishlab chiqarishda kasbga o‘qitish — o‘quv jarayoni ish beruvchida bir vaqtning o‘zida olib boriladigan mehnat faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, bir nafar o‘quvchi uchun kelgusida ish beruvchida ishga joylashtirilgan holda kasbga tayyorlashdan (stajirovkadan) o‘tishi yigirma besh haftagacha davom etadi;
maqsadli o‘qitish — o‘quv jarayoni to‘rt haftagacha davom etadi.
Kasbga o‘qitishga doir davlat buyurtmasini shakllantirish uchun to‘lov qiymatini va moliyalashtirish hajmlarini belgilashda bir nafar o‘quvchiga sarflanadigan xarajatlar mezon bo‘ladi.
68-modda. Uzoq muddatli o‘qitish Ishsiz shaxslarni uzoq muddatli o‘qitish tarzidagi kasbga o‘qitishga doir davlat buyurtmasi mehnat organlari tomonidan shakllantiriladi hamda kasbga o‘qitish markazlari (kasb-hunar ta’limi muassasalari) tomonidan amalga oshiriladi.
Uzoq muddatli o‘qitish o‘quv muassasasining quvvatidan va ixtisoslashuvidan, qabul qilish parametrlaridan hamda o‘qitishning davomiyligidan kelib chiqqan holda, kasbga o‘qitish markazi (kasb-hunar ta’limi muassasasi), ish beruvchi, mahalliy mehnat organi va ishsiz shaxs o‘rtasida tuziladigan to‘rt tomonlama shartnoma asosida kasbga o‘qitish markazlari (kasb-hunar ta’limi muassasalari) tomonidan mustaqil ravishda tashkil etiladi.