3-bob. Subsidiyalar, grantlar, kredit liniyalari
19-modda. Subsidiyalar
Subsidiya bandlikni rag‘batlantirish va tadbirkorlikka jalb etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan ko‘rsatiladigan moliyaviy ko‘makdir.
Subsidiyalar:
ish beruvchilarga mahalliy mehnat organlarining yo‘llanmasi bo‘yicha ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki ularning malakasini oshirishga doir xarajatlarning o‘rnini qoplash uchun;
tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlovchi ish qidirayotgan shaxslarga va ishsiz shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shu jumladan shtamplar va muhrlar olish, elektron raqamli imzo olish, tadbirkorlikka o‘qish xarajatlarini to‘lash va kreditni olish chog‘ida sug‘urta polisi haqini to‘lash uchun;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan bo‘lgan shaxslarni ish o‘rinlarining belgilangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga;
jismoniy shaxslarga yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish, urug‘liklar, ko‘chatlar, sug‘orish vositalari olish uchun ajratiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Subsidiyalarni taqdim etish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
(19-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
20-modda. Grantlar
Grant ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan ajratiladigan pul mablag‘lari va moddiy resurslardir.
Grantlar kasbga o‘qitish markazlariga (kasb-hunar ta’limi muassasalariga) quyidagilarni moliyalashtirish uchun ajratiladi:
ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni, ayniqsa, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolarni, kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan xotin-qizlarni kasbga tayyorlash xarajatlarini;
kasbga o‘qitish markazlarida (kasb-hunar ta’limi muassasalarida) fermer xo‘jaliklarining rahbarlari va xodimlarini, dehqon xo‘jaliklarining rahbarlari va a’zolarini, tomorqa yer uchastkalari egalarini agrotexnologiyalar, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilik sohasida kasbga tayyorlashni, qayta tayyorlashni hamda ularning malakasini oshirishni.
Grantlar fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan holda ishga qabul qilish doirasida fuqarolarni tadbirkorlik ko‘nikmalari, xorijiy tillar va kasbga o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun kasbga o‘qitish markazlariga (kasb-hunar ta’limi muassasalariga), shuningdek ishlab chiqarishning o‘zida o‘qitish uchun tashkilot hamda “usta-shogird” maktablariga ham ajratiladi.
Grant ajratilishi uchun talabnoma mehnat bozorining ehtiyojlari hisobga olingan holda, mahalliy mehnat organlari tomonidan shakllantiriladi va hududiy mehnat organlariga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi. Talabnomaga kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirishdan o‘tishni xohlovchi shaxslarning ro‘yxati ilova qilinadi.
Grant asosida kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishni kasbga o‘qitish markazlari (kasb-hunar ta’limi muassasalari) amalga oshirishi mumkin.
Kasbga tayyorlashni, qayta tayyorlashni va malaka oshirishni moliyalashtirish hududiy mehnat organlari hamda kasbga o‘qitish markazlari (kasb-hunar ta’limi muassasalari) o‘rtasida tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |