Qonun tilining ahamiyati



Download 39,99 Kb.
bet1/2
Sana23.06.2022
Hajmi39,99 Kb.
#696425
  1   2
Bog'liq
QONUN TILINING AHAMIYATI


Salimov Murodjon yuridik fakultet 321-guruh talabasi
QONUN TILINING AHAMIYATI
Ona tilimizga davlat tili maqomi berilishi mustaqillikning ilk g‘alabasi sifatida qo‘lga kiritilgani, ona tilining erki, huquqi uchun kurash tarixda mustaqillik uchun kurashning ramzi sifatida muhrlangani, “Davlat tili haqida”gi qonunning xosiyatlari, uni hayotga tatbiq etish jarayonlari, muammolari to‘g‘risida “Istiqlol va ona tilimiz” kitobi (T.: “Sharq”, 1998) hamda o‘nlab maqolalarimizda milliy iftixor tuyg‘ulari bilan yozib keldik. 2004-yili “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganiga 15 yil to‘lishi munosabati bilan tahliliy, sarhisob maqolalar (qarang: “Tilga e’tibor — elga e’tibor”, “Xalq so‘zi”, 2004-yil, 5-avgust (Maqolaning asl nomi “Til va qonun ustuvorligi” edi); “Fikr quyushqoni yoxud o‘lik nutq — fikriy bo‘shliq saltanati”, “Fidokor”, 2004-yil, 21-oktabr; “Istiqlol tildan boshlangan”, “Fidokor”, 2004-yil, 26-oktabr) e’lon qildik va ularda davlat tiliga e’tibor pasayib ketayotgani, “Davlat tili haqida”gi qonunni amalga oshirishda sustkashlik yuz berayotganiga jamoatchilik e’tiborini tortishga harakat qildik.
Qonun amaliyotini kuchaytirishda yordami tegar degan ilinjda uning 1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan ilk matni hamda unga tegishli barcha hujjatlarni bir muqovada jamlab, o‘quv qo‘llanma yaratib ikki marta nashr ettirdik (“Ona tili — davlat tili”, “Davlat va millat ramzlari” seriyasi. “Adolat”, T., 2004, “Davlat tili haqida”, “Fan”, T., 2008). Qonunlarimiz tilini ilmiy-tanqidiy nuqtayi nazardan tahlil va tadqiq etib, “Qonun tili mezonlari” nomli risola chop ettirdik (“Qonun tili mezonlari”, “Muharrir” nashriyoti, T., 2010). Lekin ko‘targan muammolarimiz, qo‘ygan savollarimiz uzoq muddat muallaq qoldi. Davlat tili amaliyoti hayotda qonunda belgilangan maqomdan o‘zgacharoq kechdi. Nazarimizda, qonunchilik asoslari mustahkamligiga, uning hayotiy amaliyoti muammolariga yanada jiddiyroq e’tibor lozim ko‘rinardi.

Nihoyat, O‘zbekiston Respublikasi Prezi­denti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 21-­oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ayni muddao bo‘ldi. Mazkur farmon davlat tili qismatiga najot, yangi hayot bag‘ishladi. “Davlat tili haqida”gi qonun amaliyotini tubdan yangilash va to‘g‘ri izga solishga asos yaratdi. Ayniqsa, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida xodimlarining umumiy cheklangan soni 9 ta shtat birligidan iborat Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilishi” haqidagi band juda katta amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Bu “Davlat tili haqida”gi qonun ijrosiga doir eng zarur va ko‘pdan beri kutilayotgan amaliy mexanizmdir. Endi qonun ijrosining qanday tus olishi ko‘p jihatdan ana shu mexanizmning sifatli tashkil topishi va ishlashiga bog‘liq. Ishning taqdirini mazkur departamentga qanday kadrlar tanlanishi hal etadi. Agar munosib kadrlar tanlansagina ishda kutilgan siljish bo‘ladi, aks holda, har qan­day oliy mexanizm ham natija berishi qiyin. Biz bir ona tili jonkuyari sifatida Departament muvaffaqiyatli tashkil topishi va mahsuldor faoliyat ko‘rsatishidan umidvormiz.

Qonun va qat’iyat

“Qonun” degan tushunchaning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri qat’iyatlilikdir. Qat’iyati bor ekan – u qonun kuchlidir. Qat’iy nazoratini yo‘qotgan qonun zaiflashadi. Bu hol qonunga itoatsizlikni keltirib chiqaradi. Fuqarolarning qonunga rioya qilish immunitetini susaytiradi. Bunday qonunni amalga oshirish ham imkonsiz bo‘lib qoladi. Qat’iyatsizlik rahna solsa, qonun ustuvorligi tantana qilolmaydi. Shu jihatdan keyingi yillarda o‘tkazilgan ayrim tashkiliy-huquqiy tadbirlar shundoq ham qator moddalari ishlamayotgan “Davlat tili haqida”gi qonunning nufuziga ijobiy ta’sir etmadi.

2004-yil 30-aprel kuni “Davlat tili haqida”gi qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi. Unga binoan, yangi o‘zbek lotin alifbosi va imlo qoidalariga to‘liq, uzil-kesil o‘tish muhlati 2005-yildan 2010-yilga ko‘chirildi. Ushbu o‘zgartish 1995-yil 21-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qo­nuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuniga mohiyatan zid edi. Chunki u asosiy ikki maqsadni ko‘zlagan edi: “davlat tilini izchil joriy etish jarayonini takomillashtirish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tilishini ta’minlash”. Oradan to‘qqiz yil o‘tib, keskin ravishda besh yil orqaga sakrash ana shu “izchil joriy ­etish” va yangi yozuvga “mukammal o‘tish” jarayonlarini sezilarli darajada sekinlashtirdi. Aslida, bunga hayotiy zarurat bormidi? Qonun amaliyoti izchil davom etardi. Maktab ta’limi bosqichma-bosqich lotin yozuviga o‘tib bo‘lgandi, respublikaning barcha jamoalaridagi fuqarolar yangi imloga davlat tomonidan bepul o‘qitib-o‘rgatilgandi. Mantiqan endi amaliyotga to‘liq o‘tish va lotin yozuvida savodxonlikni oshirishga kirishish mumkin edi.

Qo‘shimcha va o‘zgartishlar keng xalq ommasi orasida “lotin imlosiga o‘tarmi­kanmiz yo kirilda qolarmikanmiz” degan ikkilanish, taraddud kayfiyatini ham uyg‘otdi. Holbuki, bunday maqsad yo‘q edi. Mabodo shunaqa bo‘lsa, birrov referendum o‘tkazib, xalqning fikrini aniqlab olgan ma’qul bo‘lardi.

Yozuv va savodxonlik — uzoq yillar davomida shakllanadigan hodisa. Yangi bir yozuvni o‘rganish va unda savod chiqarish uchun jamiyat juda sermashaqqat jarayonni boshidan kechirishi, bu sohadagi bilimdan tashqari, ko‘z xotirasi, qo‘l ko‘nikmasini shakllantirishi shart. Bu esa yillar mobaynida ming betlab matnlarni o‘qish, yozish, uzluksiz va muttasil shug‘ullanishni taqozo etadi. Til va yozuv amaliyot bilan tirik va rivojla­nishda. 2004-yilgi qo‘shimcha va o‘zgartishlardan keyin yozuvni o‘rgangan, malaka hosil qilayotgan fuqarolar bu mashg‘ulotni kamida besh yilga to‘xtatdilar. O‘rganmaganlar esa bu ishga kirishmay qo‘ya qoldilar. “Davlat tili haqida”gi qonunga yana bir qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilsa-yu, lotin yozuviga o‘tish yana besh-o‘n yil orqaga surilsa, ungacha biz avlodimiz bilan nafaqaga chiqib ketamiz, o‘rnimizga lotinda savod chiqargan avlod kelib o‘rnashadi, deya xulosa chiqa­rib yurgan kishilar toifasi ham yo‘q emas. Qonunda qat’iyatdan chekinish ularning shunday taxmin-gumonlariga asos berib qo‘ydi. Bu – masalaning ma’naviy tomoni.
Masalaning siyosiy mohiyati ham bor. “Davlat tili haqida”gi qonunni hayotga tatbiq etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan edi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti siyosatining tarkibiy qismiga aylangan, qonunni izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi tuzilgan va joriy qilingan edi. Qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritaverish yo‘li bilan qonun amaliyotini muddatdan muddatga ko‘chiraverish davlat dasturi bajarilmasligiga olib keldi.

Nihoyat, masala iqtisodiy mohiyatga ham ega. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 16-iyunda qabul qilingan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekis­ton Respublikasi qonunini amalga oshirishni ta’minlash yuzasidan davlat dasturini tasdiqlash haqida”gi qarori 3-moddasida shunday deyiladi: “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yilgi davlat budjetini shakllantirish chog‘ida budjetdagi tashkilotlar uchun lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish bilan bog‘liq masalalarni hal qilishga zarur mablag‘lar ajratishni nazarda tutsin”. Demak, o‘n yil mobaynida lotin yozuvini o‘qitishga sarflangan mablag‘ zoye ketgan, davlat budjetiga zarar yetkazilgan bo‘lib chiqadi. Ehtimol, lotin yozuvini o‘rganib, amal qilmagan fuqarolar yana besh yilgacha uni unutar va ularni qayta o‘qi­tishga, hali qanchadan-qancha savodsizlikni tugatish kurslari ochib, ularni ham mablag‘ bilan ta’minlashga to‘g‘ri kelar. Bular uchun davlat xazinasidan hazilakam xarajat sarflanmaydi. Yangi yozuvga o‘z izchilligida o‘tib ketilga­nida, lotin yozuvini o‘rganishga tabiiy ehtiyoj, zarurat, balki majburiyat sezilardi va ko‘zlangan maqsadga tejamli ravishda eri­shilardi.

Ish yuritish qanday maqomda?

O‘zbek tili davlat tili maqomida bo‘lganidan keyin, ish yuritish qanday maqomda bo‘lardi, davlat tili maqomida bo‘ladi-da, dersiz hoynahoy. Ammo shu paytgacha bunday bo‘lmadi. Buning sababi ham qonun ijrosi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganiga borib taqaladi.

Hozirgacha ham ish yuritish hujjatlarining ko‘pchiligi o‘zbek tiliga ko‘chgani yo‘q. Yaqingacha hamma hujjatlar yuqoridan rus ti­lida keladi, deya shikoyat qilishardi idoraviy hamkasblar. Hozir hujjatlarni o‘zbek tilida rasmiylashtirib olib borsak, rus tiliga o‘girib olib kelinglar deb qaytarishyapti, demoqdalar. Xo‘sh, o‘rta bo‘g‘indagi muhtaram rahbarlarimizning bunday talab qo‘yishlariga biror qonuniy asos bormidi?! Afsuski, bor edi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunining yangi tahririni amalga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi qarorining dastlabki moddalari quyidagicha:

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:

1. Yangi tahrirdagi “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni (9- va 10-moddalaridan tashqari) e’lon qilingan kundan amalga kiritilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki, “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonu­nining 9- va 10-moddalari lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tilgan paytdan, ya’ni 2005-yilning 1-sentabridan e’tiboran kuchga kiradi”.

Anglashilayotirki, hamma gap qonunning 9-, 10-moddalariga borib taqalmoqda. Xo‘sh, u moddalarda nima deyilgan? Mana, o‘sha moddalar matni:

“9-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi ta’minlanadi.

O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanlarda davlat tili, shuningdek, qatnashchilarning o‘zlari tanlagan tillar anjumanning ish tili hisoblanadi.

10-modda: Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuri­tish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarning ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin”.

Bugungi kunda ushbu moddalarni qayta mutolaa qilib, mag‘zini chaqib ko‘rib, ular­ning amalga kiritilishini, oz emas, naqd o‘n yil orqaga surishga nima zarurat bor ekan, asli shundoq qonun e’lon qilingan kundan kuchga kiritib yuboraversa bo‘ladigan moddalar ekan-ku, deb o‘ylab qolasiz. Haqiqatan ham, shunday. Ehtimolki, o‘shanda qonun kuchli­roq, qat’iyatliroq, ustuvorroq bo‘lardi.

Qonunni kuchga kiritish tartibi to‘g‘risi­dagi qarorda belgilangan mazkur moddalar amalini o‘n yil orqaga surish muhlati, asli­da, davlat tilida ish yuritolmaydigan ayrim rahbarlarga bu sohada malaka hosil qilishlari uchun berilgan qo‘shimcha imkoniyat bo‘lsa, ajab emas. Lekin bu — o‘n yilgacha davlat tilida ish yuritishni o‘rganmaslik, bilmaslik, qonunga rioya qilmaslik mumkin degani emas edi. Aftidan, o‘shanday shaxslar yillar mobaynida hujjatchilik tizimini rus tilida saqlashda, quyi idoralardan hujjatlarni rus ti­lida talab qilishda shuni dastak qilib oldilar va o‘zlarining o‘zbek tilini bilmasliklarini shu bilan xaspo‘shlab keldilar. Asl mohiyatda, bu qonun hujjati matnini suiiste’mol qilishdan boshqa narsa emas. O‘n yilgacha davlat tilini bilmaslik, shuncha vaqt rus tilidagi ish yuritish tizimini saqlash mumkin, deb hech qayerda yozilmagan edi.

Xo‘sh, bu borada endigi ahvol qanaqa? Qonunan, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishi kerak edi, lekin... Darvoqe, qonunga 2004-yili kiritilgan qo‘shimcha-o‘zgartishlarning ikkinchi qismi ana shu ijobiy tomonga o‘zgarishga qaratilgan edi. Zotan, davlat tilida ish yuritish tizimiga amal qilishni lotin yozuviga to‘liq o‘tish muddatiga doimiy ra­vishda bog‘lab qo‘yib bo‘lmaydi-ku. Qonunga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlarning ikkinchi qismida mana nima deyilgan:



“VIII. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Maj­lisining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonunining yangi tahririni amalga kiritish to‘g‘risida”gi Qarorining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi­ning axborotnomasi, 1995-yil, № 258-modda) 2-bandidagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tilgan paytdan, ya’ni” degan so‘zlar chiqarib tashlansin”.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-son Farmonini ijro etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bir hafta muddatda Departament mudiri, bo‘lim mudirlari va mutaxassislarning funksional vazifalari taqsimoti tasdiqlanishini ta’minlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.
2019-yil 12-dekabr
Davlat tilini rivojlantirish departamenti to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Davlat tilini rivojlantirish departamenti (keyingi o‘rinlarda Departament deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.
2. Departamentning faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Bosh vazirini, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini (keyingi o‘rinlarda Vazirlar Mahkamasi deb ataladi), uning Rayosatini, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi apparatini davlat tilini rivojlantirish masalalari bo‘yicha axborot-tahliliy jihatdan ta’minlashga yo‘naltirilgan.
3. Departament o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Departament o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarligida amalga oshiradi, ayni paytda uning faoliyati Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
5. Departament o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqa tarkibiy bo‘linmalari, vazirliklar, idoralar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvi boshqa organlari (keyingi o‘rinlarda davlat boshqaruvi organlari deb ataladi), mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
2-bob. Departamentning asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari hisoblanadi:
davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoring olib borish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish;
davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosati olib borilishi bo‘yicha takliflar tayyorlash;
o‘zbek tilining yozma matni me’yor va qoidalarini ishlab chiqish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish;
davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;
davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar va «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish, shuningdek, «O‘zbek tili bayrami kuni»ni nishonlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;
ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni iste’molga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash, geografik va boshqa toponimik obyektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni monitoring qilish va muvofiqlashtirish monitoring olib borish;
davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
7. Departament o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoring olib borish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish sohasida:
davlat va jamiyat hayotida davlat tilining nufuzini oshirish, shu jumladan uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llanish doirasini kengaytirish, davlat tilining zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida tutgan o‘rni va rolini oshirish choralarini ko‘radi;
davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoring olib boradi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari davlat tilida tayyorlanishi va kiritilishining monitoringini olib boradi, bu sohada qonun talablarining buzilishi haqida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga tegishli ko‘rsatmalar yuboradi;
davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratining samarali va amaliy shakllarini joriy etadi, ushbu yo‘nalishda davlat boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
b) davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:
davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda ularga har tomonlama ko‘maklashadi;
davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtiradi;
v) davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatiolib borilishi bo‘yicha takliflar tayyorlash borasida:
davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlaydi, ularni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha yagona davlat siyosatini belgilab beradigan qonun hujjatlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda bevosita ishtirok etadi;
g) o‘zbek tilining yozma matni me’yor va qoidalarini ishlab chiqish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish sohasida:
o‘zbek tilining yozma matni me’yor va qoidalarini puxta va tizimli tahlil qilib boradi va ularni yanada takomillashtirishga qaratilgan asoslangan takliflarni ishlab chiqadi;
lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘g‘ri qo‘llashni ta’minlash bo‘yicha zarur tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etadi;
d) davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish sohasida:
davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini puxta va tizimli tahlil qilib boradi hamda ularni yanada takomillashtirishga qaratilgan asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqadi;
davlat tilini rivojlantirish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
xorijiy mamlakatlarning davlat tilini rivojlantirish sohasidagi tajribasini, qonun hujjatlarini o‘rganadi, tahlil qiladi va ularning natijalari bo‘yicha qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
ye) davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar va «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish, shuningdek, «O‘zbek tili bayrami kuni»ni nishonlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish sohasida:
davlat tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha davlat, hududiy va tarmoq dasturlarini hamda «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha davlat, hududiy va tarmoq dasturlari hamda «yo‘l xaritalari»ning amalga oshirilishini nazorat qiladi;
«O‘zbek tili bayrami kuni»ni keng nishonlash, barcha hududlarda bayram tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi;
j) ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni iste’molga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash, geografik va boshqa toponimik obyektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish va monitoring qilish sohasida:
ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtiradi;
ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish bo‘yicha Atamalar komissiyasining faoliyatini tashkil etadi;
zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
geografik va boshqa toponimik obyektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni monitoring qiladi va muvofiqlashtiradi va monitoring olib boradi;
z) davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni amalga oshirish sohasida:
davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari istiqbollarini belgilash, xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar va o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan chet el fuqarolari uchun o‘zbek tili darsliklari va elektron dasturlarni ishlab chiqish va ularni keng miqyosda tarqatish, o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslarni tashkil etish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
davlat tilini rivojlantirish sohasida xalqaro hamkorlik qilish jarayonlarini muvofiqlashtiradi.
3-bob. Departamentning huquqlari va javobgarligi
8. Departament o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlar Mahkamasida ko‘rib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va tayyorlash uchun zarur materiallar va ma’lumotlarni Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqa tarkibiy bo‘linmalaridan, davlat boshqaruvi organlaridan, mahalliy ijroiya hokimiyati organlaridan, boshqa organlar va tashkilotlardan belgilangan tartibda so‘rash va olish;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazish;
ilmiy-tadqiqot markazlari va institutlarning xodimlarini, mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda axborot-tahliliy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun ekspert guruhlari tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining, uning o‘rinbosarlari va Bosh vazir maslahatchilarining topshirig‘iga binoan davlat organlarining, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning Departament vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan majlislarida va yig‘ilishlarida qatnashish;
zarurat bo‘lganda Vazirlar Mahkamasida ko‘rib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish uchun davlat boshqaruvi organlarining, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillarini belgilangan tartibda jalb etish, tegishli masalalar bo‘yicha vaqtinchalik ishchi guruhlar tashkil etish;
zarurat bo‘lganda «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining reglamenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining reglamenti va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilgan holda tushayotgan hujjatlarni puxta ishlab chiqish uchun qaytarib yuborish.
Departamentning zarur materiallarni, ma’lumotlarni taqdim etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari hamda boshqa hujjatlar loyihalarini puxta ishlab chiqish bo‘yicha talablari, agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari va Bosh vazir maslahatchilari, shuningdek Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlarida bajarishning boshqa muddatlari belgilanmagan bo‘lsa, ularda belgilangan muddatlarda bajarilishi kerak.
9. Departament:
tegishli davlat boshqaruvi organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, Parlament va deputatlik so‘rovlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari ijrosi monitoringi olib borilishi;
ushbu Nizomning 7 va 8-bandlarida ko‘rsatilgan o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning zarur tarzda va samarali bajarilishi;
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga kiritiladigan takliflar va hujjatlar loyihalarining asoslanganligi, ushbu topshiriqlar amalga oshirilishi samaradorligi va qabul qilingan qarorlar, shuningdek, erishilgan natijalar;
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va Departament vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha boshqa qonun hujjatlari bilan Vazirlar Mahkamasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi;
qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, bayonnomalari va topshiriqlari, «yo‘l xaritalari», Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati topshiriqlarining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi;
Departamentdagi ishlarning holati, tegishli davlat boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar faoliyatining zarur darajada muvofiqlashtirilishi va nazorat qilinishi, Departament vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflar va hujjatlar loyihalarining har tomonlama ko‘rib chiqilishi;
xorijiy mamlakatlarga oliy darajadagi tashriflar, shuningdek, respublika hududlariga safarlar yakunlari bo‘yicha Departament vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha tasdiqlanadigan «yo‘l xaritalari»ning zarur darajada va samarali bajarilishi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy ta’minlash faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018-yil 3-apreldagi PF-5395-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida» 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son, «Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qarorlariga va Vazirlar Mahkamasining «Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq ijro intizomiga so‘zsiz rioya etilishi uchun javob beradi.
4-bob. Departamentning tuzilmasi
10. Departamentning tuzilmasiga Departament mudiri, shuningdek quyidagilar kiradi:
Davlat tilini rivojlantirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosi monitoringini olib borish mudiri;
Atamashunoslik va toponimik obyektlarga nom berish faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi mudiri;
davlat tilini rivojlantirish masalalari bo‘yicha 2 nafar bosh mutaxassis;
Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosi monitoringini olib borish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis;
Atamashunoslik va toponomika sohasida qonun hujjatlari ijrosi monitoringini olib borish masalalari bo‘yicha 2 nafar bosh mutaxassis;
Toponomik obyektlarga nom berish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis.
11. Departamentning tuzilmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
12. Departament mudiri, bo‘lim mudirlari va mutaxassislari belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
13. Departament mudiri Departament faoliyatini muvofiqlashtiradi va unga rahbarlik qiladi.
5-bob. Departament faoliyatini tashkil etish
14. Departament faoliyati «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi reglamentiga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati to‘g‘risida nizomga, ushbu Nizomga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida ish yuritish bo‘yicha yo‘riqnomaga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining, uning o‘rinbosarlari va maslahatchilarining topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining buyruqlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ish rejalari, Departamentning ish rejalari, Departament mudiri, bo‘limlar mudirlari va mutaxassislarning shaxsiy ish rejalari asosida tashkil etiladi.
Departamentning ish rejasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati tasdiqlaydigan Vazirlar Mahkamasi ish rejasi asosida shakllantiriladi. 
Departamentning ish rejasi, Departament mudirining shaxsiy ish rejasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi bilan kelishiladi va O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanadi. 
Bo‘lim mudirlari va mutaxassislarning shaxsiy ish rejalari Departament mudiri tomonidan tasdiqlanadi.
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlarda Departament faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, bayonnomalari va topshiriqlari, «yo‘l xaritalari», Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari amalga oshirilishi tizimli monitoringini olib borish bo‘yicha Departamentning faoliyati kompleks o‘rganishlar o‘tkazish va Vazirlar Mahkamasining ish rejasiga muvofiq rejali masalalarni Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida va O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri huzurida ko‘rib chiqish yo‘li bilan ta’minlanadi. 
15. Departament mudiri:
Departamentga bevosita rahbarlik qiladi, bo‘lim mudirlari va mutaxassislar ishlarini tashkil qiladi hamda Departamentga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan Departament faoliyatiga taalluqli masalalar bo‘yicha takliflar va hujjatlar loyihalarining puxta ishlab chiqilishini tashkil qiladi va tayyorlangan hujjatlar loyihalariga viza qo‘yadi. Tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingandan keyin ularning bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni ta’minlaydi;
davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoring tashkil etilishini hamda axborot tizimi shakllantirilishini, shuningdek, sohaga oid muammoli masalalarni hal etish, vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va bajarilishini ta’minlaydi;
Departamentning tasdiqlangan tuzilmasi va shtatlar jadvaliga muvofiq lavozimga tavsiya etilayotgan nomzodlar, bo‘lim mudirlari va mutaxassislarning kasbiy darajasi va ish malakasini oshirish, ularni rag‘batlantirish va jazolash choralari bo‘yicha takliflarni puxta ishlab chiqadi hamda Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga ko‘rib chiqish uchun kiritadi;
bo‘lim mudirlari va mutaxassislar o‘rtasida vazifalar taqsimotini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, Departamentning yarim yillik uchun ish rejasi loyihasini kelishish uchun O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga kiritadi;
Vazirlar Mahkamasiga tushgan, Hukumat qarorini talab qilmaydigan hujjatlarni tegishli davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy ijroiya hokimiyati organlariga, boshqa tashkilotlarga ko‘rib chiqish uchun yuboradi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari, Bosh vazir maslahatchilari o‘tkazadigan yig‘ilishlarda, Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar hamda kengashlar majlislarida, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan Departament faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda qatnashadi;
kadrlarni tanlash tizimini takomillashtirish, Departament xodimlari malakasini oshirishning samarali shakllari va usullarini joriy etish, kadrlarning amaldagi zaxirasini tayyorlash va ularni moddiy rag‘batlantirish choralarini ko‘radi;
Vazirlar Mahkamasi apparatida amalda bo‘lgan Yo‘riqnomaga muvofiq ish yuritilishini ta’minlaydi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, Departament vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha ularning murojaatlarini ko‘rib chiqadi; 
chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi. 
16. Departament mudiri vaqtinchalik bo‘lmaganda uning vazifasini bo‘lim mudirlaridan biri bajaradi.
17. Bo‘lim mudiri:
bo‘lim mutaxassislari ishlarini muvofiqlashtiradi va bo‘limga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi va ijro intizomining holati uchun shaxsan javob beradi;
bo‘limga biriktirilgan masalalar bo‘yicha materiallar va hujjatlar loyihalari sifatli va o‘z vaqtida tayyorlanishini tashkil etadi, topshiriqlar bajarilishi nazorat qilinishini ta’minlaydi;
tegishli masalalar bo‘yicha axborot tizimi tashkil etilishi va yuritilishi, ularning muntazam to‘ldirilishi va yangilanishi ustidan nazorat qiladi;
materiallar to‘g‘risida Departament mudiriga, shuningdek, belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga, Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisiga axborot beradi;
uning faoliyati sohasiga kiradigan masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari, Bosh vazir maslahatchilari o‘tkazadigan yig‘ilishlarda, Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar va kengashlar majlislarida, Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi o‘tkazadigan kengashlarda belgilangan tartibda ishtirok etadi; 
Departament mudirining topshirig‘iga ko‘ra chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi;
tegishli mutaxassislar o‘rtasida vazifalarini taqsimlash bo‘yicha Departament mudiriga takliflarni kiritadi;
lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, mutaxassislar malakasini oshirish, rag‘batlantirish va ularni jazolash to‘g‘risida Departament mudiriga takliflar kiritadi;
vazifalar taqsimotiga muvofiq boshqa funksiyalarni bajaradi.
18. Departamentning bosh mutaxassisi:
o‘z funksional vazifalariga muvofiq takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifati, ishonchliligi va o‘z vaqtida tayyorlanishi, topshiriqlar va qabul qilingan hujjatlarning bajarilishi yuzasidan nazoratning ta’minlanishi uchun shaxsan javob beradi;
tegishli davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan takliflar va hujjatlar loyihalarini har tomonlama tahlil qiladi, ular yuzasidan zarur tahliliy materiallarni va ekspert xulosalarni tayyorlaydi, shuningdek, ularning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi reglamentiga muvofiq zarur tarzda kelishilishini ta’minlaydi;
materiallar va hujjatlarning loyihalari to‘g‘risida tegishli bo‘lim mudiriga, Departament mudiriga, shuningdek, belgilangan tartibda — O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga va Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga axborot beradi;
tegishlicha davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari hamda atamashunoslik va toponomika sohasida qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan doimiy monitoring olib boradi; 
tegishli funksional masalalar va hujjatlar bo‘yicha ma’lumotlarning turkumlangan bazasini shakllantirishni va yuritishni, uning muntazam ravishda to‘ldirib va yangilab borilishini tashkil qiladi;
tegishli davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari markaziy apparatlarining tegishli tarkibiy bo‘linmalari ishlarining holati va natijadorligini doimiy ravishda o‘rganib boradi, ularning kollegial organlari majlislarida qatnashadi, ularning faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar kiritadi;
davlat tilini rivojlantirishning istiqbolli vazifalari samarali hal etilishi bo‘yicha tegishli davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishini muvofiqlashtiradi;
o‘ziga biriktirilgan masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari va Bosh vazir maslahatchilari o‘tkazadigan yig‘ilishlarda, Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar hamda kengashlar majlislarida, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi o‘tkazadigan yig‘ilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari va Bosh vazir maslahatchilari o‘tkazadigan yig‘ilishlarda ko‘rib chiqishga materiallar tayyorlash uchun, shuningdek, ijrodagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarini ularni zarur darajada tayyorlash maqsadida muhokama qilish uchun o‘ziga birkitilgan masalalar bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar vakillari, olimlar va mutaxassislar bilan yig‘ilishlar o‘tkazadi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, o‘zining vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha ularning murojaatlarini ko‘rib chiqadi;
vazifalar taqsimotiga muvofiq boshqa funksiyalarni bajaradi, shuningdek, Departamentda ish yuritilishini ta’minlaydi, hujjatlarning Departamentdan o‘tishini nazorat qiladi, hujjatlar yig‘ma jildlarining tayyorlanishini va arxivda saqlashga o‘z vaqtida berilishini amalga oshiradi.
Ona tilida fikrlashga, toza gapirishga, nutqingizni har xil yot unsurlardan saqlashga harakat qiling. Qayerda va kim bo‘lmasin, ona tili kamsitilishiga yo‘l qo‘ymasin. Til mavsumiy libos emaski, ob-havoning o‘zgarishiga qarab almashtirilsa, Onaizor, Vatan, millat har biri bittadan, Ona tili ham bitta. Agar o‘z xalqingiz orasida gungalak-soqov va yot bo‘lishni istamasangiz, ona tilini puxta o‘rganing. Boshingizga ko‘taring. Kishi boshqa tilda bilimli bo‘la oladi, ammo faqat o‘z tilida bekami-ko‘st bo‘lishi mumkin.

Download 39,99 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish