Qoraqalpoqlarning ijtiimoiy-iqtisodiy hayoti. Bexistun yozuvlarida miloddan avvlgi VI asrda hozirgi Qoraqalpog’iston hududida saka tigraxauda (cho`qqi kigiz qalpoqli) qabilalari yashab o`tganligi haqida ma`lumot beriladi. VI-VIII asrlarda Orol dengizi atroflarida bijanak va o`g’uz etnik guruhlari shakllandi. Ana shu bijanaklar qoraqalpoqlarning ajdodi hisoblanadi. VIII-X asrlarda qoraqalpoq halqi tashkil topa boshlagan davrda, Orol atrofi Kerder viloyati deb atalgan.
1221 yilda Chingizxon qo`shinlari Urganchni egallab, Amudaryo to`g’onini buzib tashladi. endi Amudaryo Kerder viloyati tomon emas, g’arb tarafga oqa boshlagan: ekin erlarining qurib qolishi sababli qoraqalpoqlarning bir bo`lagi Volga va Yoyiq daryolari bo`ylariga, Qora dengiz qirg’oqlari, Sirdaryo yoqalari sari kuchayib ketganlar.
XII-XIII asr rus yilnomalarida qoraqalpoqlar «chernie klobuki», sharq manbalarida «qora bo`rkli» tarzida tilga olinadi. XIV asr oxirlarida qoraqalpoqlar Volga va Yoyiq daryolari oralig’ida tashkil topgan No`g’oy (Mang’it) xonligi tarkibida bo`lganlar. No`g’oy xoni Idigu (Edigey) 1419 yilda o`ldirilgach, taxt talashishlar natijasida xonlik kuchsizlandi.
No`g’oy xonligida mang’itlar tarkibida yashagan qoraqalpoqlar o`troq va yarim ko`chmanchi halq edi. No`g’oy xonligini qoraqalpoqlar boshqargan.
XVI asr oxirida No`g’oy xoni Ismoil avlodlari o`rtasida hokimiyat uchun kurash kuchaydi. Shu kurash davomida O`rmambetbiy o`ldirilgach, XVII asr boshlarida Tinaxmadning avlodi eshtarak Mirzo hokimiyat tepasiga keladi. Uning davrida ham o`zaro urushlar to`xtamadi. Ulug’ No`g’oy o`rdasi Azov va Kuban, Kaspiy va Terek daryolari oralig’ida ko`chib, o`troqlashib turadi. 1613 yili No`g’oylar Xo Urluk boshchiligidagi qalmoqlarning hujumiga duchor bo`ladi. XVII asrning 30 yillarida qalmoqlar Volga va O`rol daryolari quyi oqimlarini egallagach yaylovlaridan ajralgan no`g’oylar g’arbga Qrim tarafga ko`chishga majbur bo`ladi. No`g’oylarning Olti ul ulusi Sharqqa, Orol dengizi bo`ylariga kelib o`rnashadi. XVII asr oxirida qoraqalpoqlar Sirdaryo bo`yiga ko`chib kelganlar.
1714 yilda Sirdaryo bo`ylarida qoraqalpoqlar eshimxon (EshMuhammad) ni xon ko`targanlar. Bu davlat Sirdaryoning quyi oqimi, Volga bo`yi qalmoqlari, Boshkurt ulusi va qozoq xonlari bilan chegaradosh bo`lgan. 1722 yilda qoraqalpoqlar Jung’or qalmoqlari hujumiga duchor bo`ldilar. 1723 yili Jung’or qalmoqlari qozoqlar yurtiga bostirib kirdilar. Qozoqlar uch tarafga bo`linib ko`chib ketdilar. Sirdaryo qoraqalpoqlari ham qozoqlarga qo`shilib, bir guruhi Orol tarafga, ikkinchi bo`lagi Sirdaryo bo`ylab yuqoriga-Toshkent tarafga jilishga majbur bo`ladi: Farg’ona vodiysiga kelib o`troqlashdi.
Qoraqalpoq xonligiga Orol bo`ylari ham qaragan. eshimxon Qorao`zak tumanida eshimyop kanalini qazdirgan. 1715 yili Xiva taxtiga Sherg’ozi o`tirgach, Orol bo`ylarini o`ziga bo`ysundiradi. 1723 yili qoraqalpoqlar Shohtemir boshchiligida xonga qarshi qo`zg’olon ko`taradilar va shunda Sherg’ozi o`ldiriladi.
XVIII-XIX asrlarda Amudaryoning sharqiy tarafidan oqib, Orol dengiziga quyilgan Ko`ko`zak daryosi bo`yidagi ko`psonli qoraqalpoqlar bilan orollik o`zbeklarda dehqonchilik, chorvachilik, baliqchilik gullab yashnagan. Mazkur daryo bo`yida Oqyoqish nomli qabilalar uyushmasi vujudga keladi. Oqyoqish oti bilan mashhur bo`lgan hozirgi Taxtako`prik tumani hududida saqlanib qolgan qal`ani halq Oydo`st qal`a deb ataydi.
Hujjatlarda XVII-XVIII asrlardagi qoraqalpoq xonlari orasida Kuchukxon, Taburchak sulton bo`lgani eslatiladi. 1709 yili Taburchak sultonning o`g’li G’oyib sulton Iris Muhammad qoraqalpoq hukmdori bo`lgan.
1747-1748 yillari Abulxayrxon qoraqalpoqlar ustiga chopovul yasagan: ularning bir qismini Talas daryosining bo`yiga ko`chirib keltirib, dehqonchilik bilan shug’ullanishga majbur qilgan. Qoraqalpoqlarning asosiy qismi Yangidaryo va Quvondaryo bo`ylarida dehqonchilik, chorvachilik, ovchilik qilib kun kechirishgan.
Muhammad Rahimxon I Xiva xonligini markazlashgan, iqtisodiy kuchli davlatga aylantirish maqsadida Yangidaryo bo`yidagi qoraqalpoqlar ustiga qo`shin tortgan, qoraqalpoq zodagonlarini o`z tarafiga og’dirishga harakat qilgan. Shuningdek natijasi o`laroq qoraqalpoq biyi Oydo`stbiyning Yangidaryo bo`yidagi qoraqalpoqlarni Orol bo`yiga ko`chirib keltirishga yordam bergan.
Amudaryo etaklarida yashovchi qoraqalpoqlar ham Xiva xonligi qaramog’iga o`tgan.
XIX asrning birinchi yarmida qoraqalpoqlarning ijtimoiy-siyosiy hayotida jiddiy o`zgarishlar yuz bera bordi. Bu o`zgarish avvalo ularning endi ko`proq dehqonchilik bilan shug’ullana boshlashida namoyon bo`ldi.
Qoraqalpoqlar hayotida baliqchilik muhim ahamiyat kasb etadi. endilikda baliqchilarning qishloqlari vujudga keldi. Sol ustiga qurilgan suzib yuruvchi uylar paydo bo`ldi. Bu davrda hunarmandchilik ma`lum darajada qaddini rostlab bormoqda edi. Qoraqalpoqlar endilikda olacha, dag’al ip gazlama mato, gilam to`qiy boshladilar, yog’ochdan turli buyumlar yasay boshladilar, teri pishirdilar, egar, yugan, ayil, kigiz tayyorlash bilan shug’ullandilar.
XIX asrning o`rtalarida bir boy qoraqalpoqning qo`rg’oni atrofida bozor paydo bo`ldi, keyinchalik bu erda Chimboy shahri barpo etildi. O`zining qulay geografik holati tufayli shahar ma`muriy markazga aylandi.
Qoraqalpoqlar ijtimoiy hayotida urug’-qabilachilik an`analari ustun edi. Erga jamoa egaligi hukmron edi.
XIX asr boshlarida qoraqalpoq erida yangi-yangi urug’lar vujudga keldi. Masalan, 1810 yilda el qabilasidan chiqqan kiyotli qoraqalpoqlar biyi ekinlikning 400-500 o`toviga ko`nqirot va mang’itlardan 200 o`tov qo`shilgan. Bunday holat boshqa o`tovlarda ham sodir bo`lgan. Natijada 14 ulus deb nom olgan yirik urug’lararo birlashma tashkil topgan.
XIX asr o`rtalaridan boshlab qoraqalpoq erida ham urug’ qabilachilik munosabatlarida o`zgarish boshlandi. Ayni paytda erga jamoa bo`lib egalik qilish ham barham topa boshladi. endilikda uning o`rnida yirik zamindorlik qaror topdi. Ular orasida 15 ming tanobgacha erga egalik qiluvchilar ham bor edi.
XIX asr boshlaridan boshlab Xiva xonligi qoraqalpoqlarni o`ziga tobe etish uchun kurash boshladi. 1803 yilda xon eltuzar qabilalararo nizodan foydalandi va qoraqalpoqlarning xitoy qabilasini bo`ysundirdi.
1811 yilda qoraqalpoqlar Xiva xonligi tarkibiga kirganlar. Xon qoraqalpoqlar erida qal`alar qurdira boshladi. Qoraqalpoqlar endi xon uchun harbiy majburiyat o`taydigan bo`ldilar.
Urush davrida qoraqalpoqlar 1000 nafardan 2000 nafargacha navkar etkazib berish majburiyatini oldilar. Bundan tashqari, urush paytida har bir xo`jalik qozon solig’i degan soliq to`lashga, sug’orish inshootlarini qurish va ta`mirlash ishida ishtirok etishga duchor etilganlar. Qoraqalpoqlar 1827 yilda xonga qarshi qo`zg’olon ko`tardilar. Qo`zg’olonga qoraqalpoqlarning eng badavlat toifalariga mansub Oydo`stbiy rahbarlik qilgan.
Muhammad Rahimxon I davri (1806-1825) da Oydo`stbiy yuqori mansabga ko`tarilib, saroyga yaqinlashgan. Muhammad Rahimxon taxtga o`tirgan kuni unga zarbof to`n, oltin sopli xanjar sovg’a qilingan. U barcha qoraqalpoq halqining biyi darajasiga ko`tarilgan. O`shanda Orol, Qo`ng’irot eli To`ramurod so`fi boshchiligida mustaqil bo`lishga harakat qilgan.
Bu harakat oldidan Oydo`stbiy xondan yordam so`ragan. Xiva xoni yordamida Oydo`stbiy Oqyoqish bo`yida (Hozirda Taxtako`prik tumanida) ulkan qo`rg’on qurdirgan.
Qo`zg’olon oldidan qoraqalpoqlar orasida soliq yig’ish uchun Gadoyniyoz mahram yuborilgan. U qoraqalpoqlarning xitoy qabilasi boshlig’i Bekpo`latbiydan qo`zg’olon tayyorlanayotgani to`g’risida eshitadi. Shundan keyin mahram qo`ng’irot qabilasi boshlig’i Cho`nqorabiyning o`g’li Qobilbiy huzuriga keladi. Uning uyida qolib, odamlarini Xivaga jo`natadi. 1827 yil 25 iyul’ kuni xon Oydo`stbiy boshchiligidagi tayyorlanayotgan qo`zg’olon haqida eshitadi. Xon Oydo`stbiy qo`zg’olonchilarini yo`qotish uchun mahsus qo`shin to`plab, unga Muhammad Nazarbiy inoqni qo`mondon tayinlaydi va Xo`jayli shahriga jo`natadi. Shahar atrofida askarlar o`rnashadi.
Oydo`stbiy qoraqalpoq kadxudo va biylarni to`plab, Orol dengizi bo`yida Sori atov degan mavzuda mashvarat qiladi. Yig’ilganlar maslahati bilan qoraqalpoq ovullariga otliq choparlar jo`natib, shunday buyruq beradi: «Hamma bola-chaqasi bilan qo`zg’olonga yig’ilsin. Kimda-kim bosh tortsa, u dushman hisoblanadi». Natijada barcha qoraqalpoqlar to`planib qulay erda xandak qazib, shoh-shabbalar va aravalar bilan mudofaa to`sig’i qurishgan. 29 iyulda Oydo`stbiy o`zining ikki o`g’li Rizo va To`rani 300 botirga bosh qilib, Qo`ng’irot qo`rg’oniga chopovulga yuboradi. O`shanda Qo`ng’irot hokimi Muhammad Ya`kub Mushrif qo`rg’on mudofaasini uyushtirgan. Urush peshingacha davom etgan. Oydo`stbiy askarlarining bir qanchasi nobud bo`lgan. Ba`zilari dengiz tomon qochgan. Rizo ham, To`ra ham bor imkoniyatni ishga solsalar-da, engilganlar.
Xo`jayli shahri atrofida turgan Muhammad Nazar inoq hamda Muhammad Rizo qushbegi uchun ham xonning qo`zg’olonchilariga qarshi qo`shin yuborish haqidagi farmoni keladi. Ular yovmut va shavdor qabilalaridan askar to`plab, Suyinbiy, Do`simbiy, Muhammad Niyoz yasovulboshilar boshchiligida qo`zg’olonchilarga qarshi jo`natadi. Bular orasida qoraqalpoqlardan yig’ilgan odamlar ham bor edi. Jumladan, Davlatnazarbiy boshchiligida askarlar Oydo`stbiy odamlarining engilganini eshitib, o`ziga yaqin odamlari bilan Sori otovni tashlab ketishga majbur bo`ladi va Qo`qon tarafga yo`l oladi. Muhammad Nazar inoq uning habarini eshitib, Oydo`stbiy odamlari orasidan saralangan qo`shin jo`natadi. Qo`shin ikki kun deganda Chirikrabot mavzeida Oydo`stbiy odamlarini o`rab oladilar. Natijada qo`zg’olonchilar mag’lubiyatga uchradilar.
Qoraqalpoq halqining madaniyati. Chimboy, Qo`ng’irot, Xo`jayli shaharlarida qoraqalpoq hunarmandlari ko`pchilikni tashkil qilgan. Masalan, temirchi, duradgor, kigiz bosuvchilar, zargarlar, bo`yoqchi, kulolchi, to`qimachi kabilar. Ustaxonada 3-4 odam ishlagan. Shogirdlar 12-13 yoshdan qabul qilingan.
Orol dengizi bo`yi Terbenbes ovulida Arzimbet zargarning ishlari tarixiy asarlarda ta`kidlanadi. U qoraqalpoq ayollarining sevimli bezagi savkalani moxirona ishlagan. Sirg’a, bilaguzuk, uzuk, haykal, o`ngirmunchoq, zebigardon tumorchalar ham yasagan. Ayniqsa, qoraqalpoq yigitlari qiyadigan cho`girmalarini tikish yuksak mahorat talab etgan.
Yana bo`rk tikib kiyishgan. Uni qoraqalpoqlar quroch deb atashadi. Ayollar, qizlar kiyimlari orasida ham asrlar osha qadri tushmay kelayotganlari bor.
Qoraqalpoqlar Nukus, Qiyot, Qo`ng’irot, Qipchoq kabi shaharlarda yashaganlar. Zarafshon vodiysida XIX asrning birinchi yarmida qoraqalpoqlarning 37 ovuli mavjud bo`lgan. Mazkur shaharlarning eng yirigi Qo`ng’irot bo`lib, u Orolliklar markazi bo`lgan. Xo`jayli Orol birlashmasi bilan Xiva orasidagi savdo markazi bo`lib, bojxona shu shaharda joylashgan.
Yana Mang’it, Chimboy, Janga qal`a, Oydo`s qal`a, ernazar qal`a, Ko`k o`zak, eshon qal`a shaharlari qoraqalpoq halqi tomonidan yaratilgan madaniy va me`morchilik yodgorligi markazlari hisoblanadi.
Qoraqalpoq yoshlari Buxoro va Xiva shaharlarida o`qiganlar. Qoraqalpoqlar yurtida XIX asr boshlarida 318 ta maktab, Qoraqum eshon, Qalila oxun, egambergan oxun, Oybit eshon, eshonqal`a va boshqa mavzelarda madrasalar bo`lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |