QISHLOQ XO‘JALIGIGA MO‘LJALLANGAN YER UCHASTKALARINI IJARAGA BERISH TARTIBIGA DOIR NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 24 va 242-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmonining 14-bandi, “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 23-noyabrdagi PQ-20-son qarorining 4-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlovga chiqarish materiallarini tayyorlash, tanlovni tashkil etish, unda ishtirok etish, tanlov g‘olibini aniqlash va tanlov natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani rasmiylashtirish hamda tanlov g‘olibining yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini nazarda tutuvchi Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti 1-ilovaga muvofiq;
qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlovga chiqarish materiallarini tayyorlash, tanlovni tashkil etish, tanlov g‘olibini aniqlash va tanlov natijalarini tasdiqlash hamda tanlov g‘olibining yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini nazarda tutuvchi Yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti 2-ilovaga muvofiq;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ikkilamchi ijaraga berish tartibi, ikkilamchi ijaraga berganlik uchun to‘lovlarni amalga oshirish, ikkilamchi ijaraga berish shartnomasiga o‘zgartirish kiritish va uni bekor qilish tartibini nazarda tutuvchi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ikkilamchi ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
tuman (shahar) hokimliklari manfaatdor davlat tashkilotlari bilan birgalikda har yili noyabr oyiga qadar (zaruratga ko‘ra, yilning boshqa davrlarida) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan samarali foydalanish, hududlarni ixtisoslashtirish, bo‘sh turgan, zaxiradagi va kelgusida zaxiraga olinadigan yer maydonlarini qishloq xo‘jaligi korxonasi yoki dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun ochiq elektron tanlovga chiqarish bo‘yicha loyihalarni tayyorlaydi hamda ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining navbatdan tashqari sessiyasiga kiritadi;
kiritilgan loyihalar xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan ma’qullangandan so‘ng, tuman (shahar) hokimligi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarini ochiq elektron tanlovga qo‘yish choralarini ko‘radi;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan tasdiqlangan hududlarni ixtisoslashtirish yo‘nalishlari yil davomida zaxiradagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha loyiha tayyorlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini ijaraga olish huquqini qo‘lga kiritish uchun yerning normativ qiymatidan kelib chiqib 30 yil muddatga hisoblanadigan qo‘shimcha to‘lovlar tegishli tuman (shahar) mahalliy budjetiga yo‘naltiriladi hamda ularning alohida hisobi yuritiladi;
mazkur bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan mablag‘lar qat’iy ravishda investitsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturlariga muvofiq tegishli hududda qishloq va suv xo‘jaligi infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan sug‘orish tizimlarini yaxshilash, zamonaviy sug‘orish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun zarur infratuzilmani yaratish, yer tuzish ishlarini institutsional rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi sohasidagi so‘ngi ilmiy yangilik va innovatsion yondashuvlarni joriy etish, kadrlar malakasini oshirish hamda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish tadbirlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.
Moliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan mablag‘larning aniq hisobini yuritish, undirish muddatlarini belgilash va ushbu mablag‘larni sarflash tartibini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “2004 — 2006-yillarda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2003-yil 30-oktabrdagi 476-son qaroriga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev zimmasiga yuklansin.