“QISHLOQ QURILISH BANK” AKTSIYADORLIK TIJORAT BANKINI TASHKIL ETISH TO'G'RISIDA”
Qishloq qiyofasini va qishloq aholisining uy-joy sharoitlarini sifatli yaxshilash, qishloq joylarda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, uy-joy qurilishini uzoq muddatli imtiyozli kreditlash tizimini keng joriy etish maqsadida hamda tasdiqlangan “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturiga muvofiq:
1. “G'alla-bank” aktsiyadorlik tijorat banki aktsiyadorlari qarori va O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Markaziy bankining:
“G'alla-bank” aktsiyadorlik tijorat banki negizida “Qishloq qurilish bank” aktsiyadorlik tijorat bankini tashkil etish to'g'risidagi;
“Qishloq qurilish bank” aktsiyadorlik tijorat banki ustav kapitalini 150 milliard so'm miqdorida shakllantirish, ulushlarni uning aktsiyadorlari orasida ilovaga muvofiq taqsimlash to'g'risidagi takliflariga rozilik berilsin.
Belgilansinki, “Qishloq qurilish bank”, aktsiyadorlik tijorat banki ochiq aktsiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi hamda mulkiy, moliyaviy va boshqa majburiyatlar, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablag'larini saqlash hamda o'z vaqtida qaytarishni kafolatlovchi talablar bo'yicha “G'alla-bank” aktsiyadorlik tijorat bankining huquqiy vorisi hisoblanadi.
2. “Qishloq qurilish bank” aktsiyadorlik tijorat bankining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
uy-joy-kommunal, ijtimoiy soha va qishloq aholi punktlarini obodonlashtirish borasidagi ehtiyojlarni amalga oshirishda aholi hamda yuridik shaxslarga kredit berish va bank xizmati ko'rsatish;
qishloq joylarda tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo'yicha uy-joylar, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma ob'ektlarini qurish hamda ta'mirlashni amalga oshiradigan ixtisoslashtirilgan pudrat tashkilotlarga kredit berish va lizing xizmatlarini ko'rsatish;
yangi, zamonaviy qurilish materiallari va konstruktsiyalari ishlab chiqaradigan, tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo'yicha qishloqda ob'ektlar qurishning industrial va yig'ma texnologiyalarini joriy etadigan barcha mulkchilik shaklidagi korxonalarga kredit berish va kompleks tarzda bank xizmatlarini ko'rsatish;
qishloq qiyofasini sifatli yaxshilashni, qishloq joylarda muhandislik hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va takomillashtirishni, jumladan, yo'llar, energiya va suv ta'minoti tizimlari, qishloq vrachlik punktlari, maktablar, bolalar sporti ob'ektlarini rekonstruktsiya qilish, qishloq aholi punktlarini transport kommunikatsiyalari, ichimlik suvi, xizmat ko'rsatish va servis sohasi ob'ektlari, telekommunikatsiya tarmoqlari bilan ta'minlashni nazarda tutgan holda investitsiya faoliyatini olib borish, shuningdek, loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni moliyalashtirish;
universal tijorat banki sifatida yuridik va jismoniy shaxslarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibdagi boshqa kompleks bank xizmatlarini ko'rsatish.
3. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankining “Qishloq qurilish bank” aktsiyadorlik tijorat bankining resurs bazasini quyidagilar hisobidan qo'shimcha shakllantirish manbalari borasidagi takliflari qabul qilinsin:
O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining yillik 3 foizli foiz stavkasi bo'yicha va 2010 yilda Maktab ta'limini rivojlantirish jamg'armasiga ajratmalar hisobidan 5 yil imtiyozli davr bilan 170,0 milliard so'mgacha miqdorda kamida 15 yil muddatga beriladigan maqsadli kredit liniyasi;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy moliya-kredit tuzilmalarining maqsadli, uzoq muddatga mo'ljallangan imtiyozli kreditlari, investitsiyalari hamda grantlari;
“Qishloq qurilish bank” aktsiyadorlik tijorat banki tomonidan qo'shimcha chiqariladigan aktsiyalar va boshqa qimmatli qog'ozlarni yuridik va jismoniy shaxslarga sotishdan tushadigan mablag'lar.
4. Belgilansinki:
O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi tomonidan, shu jumladan, “Qishloq qurilish bank” aktsiyadorlik tijorat bankining ustav kapitalini shakllantirish uchun ajratiladigan mablag'lar tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishini moliyalashtirishga maqsadli tarzda yo'naltiriladi;
jismoniy shaxslarga namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasi bilan eng kam ish haqining 1000 barobarigacha miqdorda 15 yil muddatgacha kreditlar beriladi;
loyihalarni bank tomonidan bozor shartlari asosida jalb etilgan mablag'lar hisobidan moliyalashtirish hamda boshqa bank xizmatlarini ko'rsatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tijorat asosida amalga oshiriladi.
5. O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda bankning resurs bazasini mustahkamlash uchun xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy moliya-kredit tuzilmalarining imtiyozli kreditlari, investitsiyalari hamda grantlarini jalb etishda “Qishloq qurilish bank” aktsiyadorlik tijorat bankiga ko'mak bersin.
6. “Qishloq qurilish bank” aktsiyadorlik tijorat banki foyda va mulk solig'i, shuningdek, olib kelinadigan bank jihozlari va texnikasi uchun bojxona to'lovlari to'lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig'imlardan tashqari) 2012 yilning 1 yanvarigacha ozod etilsin, bo'shaydigan mablag'lar O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining bank ustav kapitalidagi ulushini ko'paytirishga maqsadli tarzda yo'naltirilsin.
7. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
o'n kun muddatda “Qishloq qurilish bank” aktsiyadorlik tijorat banki Kengashining shaxsiy tarkibini va filial shoxobchalari joylashuvini tasdiqlasin;
bir oy muddatda tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishini kreditlash tartibini tasdiqlasin.
8. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari R.S.Azimov va O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M.Mullajonov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
I.KARIMOV
Toshkent sh.
Do'stlaringiz bilan baham: |