qimmatli qog‘ozlarning muomalasi — qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va sotish, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan, qimmatli qog‘ozlarning egasi almashuviga olib keladigan boshqa harakatlar;
(3-moddaning o‘ttiz to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
qimmatli qog‘ozlarni nominal saqlovchi — qimmatli qog‘ozlar egasining yoki u vakil qilgan shaxsning topshirig‘iga ko‘ra qimmatli qog‘ozlarni hisobga olishni va ularga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlashni qimmatli qog‘ozlarning egasi bo‘lmagan holda amalga oshiruvchi investitsiya vositachisi, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi;
qimmatli qog‘ozlarni chiqarish — yuridik shaxsning fuqarolik huquqlarining obyekti sifatida qimmatli qog‘ozlar paydo bo‘lishiga qaratilgan harakatlari;
qimmatli qog‘ozlar egasi — qimmatli qog‘ozlar o‘ziga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida tegishli bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
qimmatli qog‘ozlar egalarining reyestri — ro‘yxatdan o‘tkazilgan qimmatli qog‘ozlar egalarining belgilangan sanadagi holatga ko‘ra shakllantirilgan, ularga qarashli egasining nomi yozilgan qimmatli qog‘ozlar emitentining nomi, ushbu qimmatli qog‘ozlarning soni, nominal qiymati, turi va xili, shuningdek reyestrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxslarga axborot yuborish imkoniyatini beradigan ma’lumotlar ko‘rsatilgan ro‘yxati;
qimmatli qog‘ozlar emissiyasi — emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va joylashtirish;
qimmatli qog‘ozlarning emissiya risolasi — emitent va u chiqaradigan qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek investorning qimmatli qog‘ozlar olish to‘g‘risidagi qaroriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa axborotni aks ettiruvchi hujjat;
qimmatli qog‘ozlarning hosilalari — o‘z egalarining boshqa qimmatli qog‘ozlarga nisbatan huquqlarini yoki majburiyatlarini tasdiqlovchi va yuridik shaxslar tomonidan opsionlar, qimmatli qog‘ozlarga doir fyucherslar, depozitar tilxatlar va boshqa moliyaviy vositalar tarzida chiqariladigan qimmatli qog‘ozlar;
hisobga olish registrlari — investitsiya vositachisida va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysida qimmatli qog‘ozlarni saqlash hamda qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan huquqlarni hisobga olish bo‘yicha depozitar operatsiyalar standartlari bilan belgilangan yozuvlar tizimi.
Do'stlaringiz bilan baham: |