2.3.Buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish
Jinoyat kodeksining 40-moddasida, shaxsning buyruq yoki boshqa farmoyishni, shuningdek,, mansab vazifalarini qonunan bajarishi tufayli zarar yetkazilgan bo`lsa, jinoyat deb topilmaydi, deb ko`rsatilgan.
Buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish qonuniy hisoblansa:
buyruq deganda, muayyan hokimiyat organi, tashkilot, korxona, idora boshlig`ining o`z vakolatlari doirasida muayyan bir harakatni bajarish yoki bajarmaslik to`g`risida (yozma yoki og`zaki) buyruq berishi tushuniladi.
Buyruq vakolatli shaxsning ijro etish majburiyati yuklangan shaxsga bergan ma`lum bir harakat(harakatsizlik)ni bajarish haqidagi qonun va qonunosti aktlarga asoslangan talabidir. Aynan shu ta`rif buyruqni boshqa ta`sir choralari- iltimos, ishontirish, majburlovdan ajratib turadi.
Buyruq bilan birga «tavsiyalar», «farmoyishlar» va «farmonlar» ham berilishi mumkin. Bular masalalarni hal qilish, ularni qabul qilish vakolatiga ega bo`lgan shaxsning huquqiy maqomi bo`yicha o`zaro farqlanadi. Bu aktlarning asosiy umumiy jihati – ularning ijro etish majburiyati yuklangan shaxs tomonidan bajarilishidir.
Qonun tomonidan buyruq yoki boshqa farmoyishlarning shakli aniq belgilanmagan bo`lib, ular yozma, og`zaki yoki namoyishkorona(konklyudent) shaklda bo`lishi, shuningdek,, texnik aloqa vositalari orqali yuborilishi mumkin. Lekin ayrim hollarda buyruqning faqat yozma shaklda bo`lishi talab qilinadi. Bunday talablarga rioya etilmasligi uning haqiqiy emas deb topilishiga sabab bo`ladi.
Boshqa farmoyishlarga ta`rif berishda shuni inobatga olish lozimki, farmoyishlar berish usullari unchalik ahamiyat kasb etmaydi.
Buyruq yoki boshqa farmoyishlar, agar ular boshliqning vakolati doirasidan chiqilmagan bo`lsa, ijro etilishi majburiydir.
Buyruq yoki boshqa farmoyishlardan farqli ravishda xizmat majburiyatlari mansab vakolatiga qarab xodimlardan bajarilishi talab qilinadigan funksional majburiyatlar doirasini o`zida aks etadi. O`zR qonunchiligiga ko`ra, xizmat majburiyatlari ish beruvchi va xodim o`rtasidagi mehnat shartnomasida belgilangan yozma shaklda bo`lishi kerak. Aks holda ular g`ayriqonuniy deb hisoblanishi mumkin.
Bundan tashqari, farmoyishlar va boshqaruv aktlari belgilangan mazmunda qabul qilinishi, ya`ni qonun talablariga mos holda tuzilishi kerak.
Buyruq yoki boshqa farmoyishni ijro etish huquqiylik shartlariga mos kelgan taqdirda qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holat deb topilishi mumkin. Buyruq, farmoyish yoki boshqa xizmat majburiyatlari Jinoyat kodeksidagi talablarga zid bo`lmagan harakat yoki harakatsizlik orqali bajarilishi kerak. Aks holda bunday harakat yoki harakatsizlik mustaqil jinoyat sifatida kvalifikatsiya qilinadi.
Buyruq yoki boshqa vazifani ijro etishning huquqiyligi belgilari quyidagilardir:
birinchidan, buyruq va boshqa farmoyishlarni ijro etuvchi shaxslar shu buyruq va boshqa farmoyishlar beruvchi shaxsning bo`ysunuvida (qaramog`ida) bo`lishi kerak;
Do'stlaringiz bilan baham: |