3. Ehtiyojning cheksizligi. Ehtiyojning yuksalib borish qonuni.
Ishlab chiqarishning pirovard maqsadi iste’mol ya’ni ehtiyojni qondirish hisoblanadi.
Jamiyat ehtiyojlarida korxona va davlat ehtiyojlari ham o‘z o‘rniga ega. Korxonalarga ishlab chiqarish maqsadlarini amalga oshirish, ya’ni tovarlar ishlab chiqarish uchun ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi kerak bo‘ladi. Davlat, butun mamlakat aholisining umumiy ehtiyojlarini aks ettirib, avtomobil va temir yo‘llar, maktablar, kasalxonalar qurilishiga ijtimoiy ne’matlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun davlatga ham zaruriy ne’matlar va iqtisodiy resurslar kerak bo‘ladi.
Jamiyat ehtiyojlariga bir qator omillar ta’sir ko‘rsatadi. Bular quyidagilar:
jamiyatning iqtisodiy taraqqiyot darajasi. Iqtisodiyoti rivojlanishdan orqada qolgan mamlakatlarda ehtiyojlar doirasi tor bo‘lsa, aksincha, iqtisodiyoti gurkirab rivojlangan mamlakatlarda keng va xilma-xil bo‘ladi;
jamiyatdagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy tizim. Agar jamiyatdagi tizim bozor iqtisodiyoti tartiblari asosida qurilgan bo‘lsa, undagi ijtimoiy guruhlar boylar va kambag‘allar, mulkdor va mulksizlarga bo‘linib, ularga mansub kishilar ehtiyojlari o‘rtasida katta farq mavjud bo‘ladi. Yuqori daromad oluvchilar juda sifatli, noyob mahsulotlar va xizmatlarga ehtiyoj bildirsa, kambag‘allarning ehtiyojlari o‘z hayotini saqlash uchun juda zarur mahsulotlar va xizmatlar bilangina cheklanadi;
tabiiy-geografik sharoitlar. Bu omil ham ehtiyojlarning miqdori va tarkibiga ta’sir qiladi. Masalan, nisbatan sovuq iqlim sharoitida, issiq iqlim sharoitiga qaraganda hayot kechirish uchun oqsil va yog‘ga boy oziq-ovqat, issiq kiyim-kechak, uy va transport vositalariga ko‘proq ehtiyoj bo‘ladi;
tarixiy-milliy an’analar va urf-odatlar, tarixan shakllangan milliy va diniy marosimlar, urf-odatlar. Jumladan, Navro‘z bayrami, ro‘za va hayitlar o‘ziga xos ehtiyojlarni yuzaga keltiradi;
aholi sonining o‘sishi, uning tarkibidagi o‘zgarishlar;
xalqaro, davlatlar, millatlar va mintaqalar o‘rtasidagi aloqalar, ayniqsa, ular o‘rtasidagi mahsulot va axborot ayirboshlashning rivojlanishi.
Alohida kishilarning ehtiyojlari ularning yoshi, jinsi, oilaviy ahvoli, kasbi, mehnatning tabiati kabi omillarga bog‘liq. Masalan, keksa kishilar yoshlardan farq qilib, engil hazm bo‘ladigan ovqatga, dori-darmonga, shovqin-suronsiz yashash muhitiga ko‘proq ehtiyoj sezadi. Ko‘p bolali oilalarda bolalar kiyimi, o‘yinchoqlarga ehtiyoj yuqori bo‘lsa, farzandsiz oilalarda bunday ehtiyojlar bo‘lmaydi. Murakkab, og‘ir va engil mehnat turlari bilan shug‘ullanuvchi kishilar ehtiyojlari ham bir-biridan tubdan farq qiladi.
Ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan, moddiy ehtiyojlarni to‘liq qondirish mumkin emas. Jamiyatda har bir ma’lum davrda ko‘plab qondirilmagan ehtiyojlar bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan yangi buyumlarning paydo bo‘lishi, reklamaning ta’siri va bozorlarning rivojlanishi natijasida ehtiyojlar tarkiban o‘zgaradi va miqdoran o‘sib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |