agar Yevropa Uyg‘onish davrining natijalari sifatida adabiyot va san’at asarlari, arxitektura durdonalari, tibbiyot va insonni anglash borasida yangi kashfiyotlar yuzaga kelgan bo‘lsa, Sharq Uyg‘onish davrining o‘ziga xos xususiyati, avvalo, matematika, astronomiya, fizika, ximiya, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot kabi aniq va tabiiy fanlarning, shuningdek, tarix, falsafa va adabiyotning rivojlanishida namoyon bo‘ldi. Insonning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli, baxtli bo’lishining muhim omili – bu kitobga do’st bo’lish, hamisha kitob o’qish, kitob mutolaasini umr bo’yi kanda qilmaslikdir. Ayniqsa, yoshlarning baxt-u kamoli, osoyishta va farovon hayotida kitob mutolaasining alohida o’rni bor. Kitob ong va qalb ehtiyojini qondiruvchi omil sifatida inson ruhini tarbiyalaydi, shaxsni shakllantiradi. Kitob odamdan mutolaada nafaqat ko`z va aql, shuningdek, ko`ngil ham birdek ishtirok etishini talab qiladi. Kitob o`qishdan maqsad aql-tafakkur bilan uni mantiqiy muhokama etishgina emas, balki chin yurakdan zavqlanish, ta'sirlanish, o`zlikni, haqiqatni izlab topish hamdir.
Faylasuf Yan Mindan do`sti so`radi:
— Kitob o`qigandan so`ng hech narsa yodda qolmasa nima qilmoq kerak?
Van Yan Min dedi:
— Uni tushunmoq kerak, yodlash shart emas. Tushunmoq zaruriyati ham ikkinchi darajali narsa. Eng avvalo, kitobning asosiy mohiyatini anglamoq joiz. Kitoblarga ularni yozgan shaxslar o`z ruhiyati, tafakkuri, jismu jonini baxshida etadilar. Olamda neki alloma, donishmand, avliyolar, faylasuflar yetishib chiqqan bo`lsa, ularning barchasi kitoblar tufaylidir.
Kitob — insoniyat qahramoni, ustozlar ustozi.
Ilm-fan misli ko`rilmagan darajada rivoj topdi. Cheksiz bilimlar mohiyati, asriy sir-sinoatlar tilsimi hozirgi davrga kelib bashariyatga oshkor bo`lmoqda. Qadimda kitoblarni xattotlar ming bir mashaqqat bilan ko`chirishgan bo`lsa, bugungi kunda texnika yutuqlari tufayli ular millionlab nusxalarda chiqarilib, butun dunyo bo`ylab tarqatilmoqda. Biroq tezkor zamonning tezkor sur'atlarida hayot kechirayotgan odamzod shunchalik shoshadigan, betoqat bo`lib qoldi-ki, uning bir muddat xotirjam tin olishga imkoniyati yo`q, eng qayg`ulisi, bunga uning xohishi yo`q. Vaqt ayni zamonda oltindan ham yuqori qiymatga ega bo`ldi. Insonning ongi fikrlar, ma'lumotlarga to`la, ammo u fikrlashga layoqatsiz bo`lib bormoqda. Uning diqqati bir joyda jam emas, shoshganidan shoshadi-ki, kitoblar turfa xil va son jihatdan ko`p bo`lgani bilan uni mutolaa qilishga, teran fikrlashga fursati yo`q. Kitobning o`zini emas, uning syujeti, mohiyati to`g`risidagi qisqagina annotatsiya-ma'lumotlarni o`qish, aniqrog`i, ko`z yugurtirish afzal bo`lib qoldi. Kitobning hayotdagi o`rnini axborot deb atalgan hissiz va ruhsiz ashyo egallab oldi, natijada odamzod tinimsiz axborot qabul qilishga moslashib qoldi. Axborot oqimi shu qadar shiddatli-ki, uni qayta ishlashga, fikr yuritishga ulgurib bo`lmaydi. Dunyo kitobdan uzoqlasha boshladi, vaholanki, dunyoni shu yuksak taraqqiyot pog`onalariga olib chiqqan bilimlar manbai o`sha — kitob edi. Axborotlashuv omili global dunyo uchun birlamchi vazifaga, axborotga egalik hukmronlik belgisiga aylandi. Inson axborotga ega bo`lish ishtiyoqi tufayli kitobdan uzoqlashishi bilan birga tabiatdan, hayotning go`zalligidan, o`zligidan uzoqlasha boshladi. Moddiy, nafsoniy ehtiyojlar beqiyos darajada ortib ketishi, qalb va ruhning ma'naviy ehtiyojlari qondirilishiga to`siq bo`ldi. Bu borada ma'rifat fidoiylaridan birining kuyunchaklik bilan aytgan gapi bor: “Bilim deb hikmatdan, axborot deb ma'rifatdan ayrildik!..”.
Texnikaviy taraqqiyotning eng yuksak cho`qqisiga chiqqan odamzod ko`rdi-ki, uning ortida ma'naviy qadriyatlar, ruhiy xotirjamlik va qalb istaklarining boy berilishi oqibatida vujudga kelgan tubsiz jarlik mavjud ekan. Dunyodagi, ayniqsa, g`arb olamidagi taraqqiy etgan mamlakatlar jamiyatlarining ijtimoiy-ma'naviy hayotida sodir bo`layotgan “ommaviy madaniyat” niqobidagi axloqsizlik, vatanfurushlik, sotqinlik, jinoyatchilik, narkotrafika, korrupsiya kabi illatlarning keng urchishi, bu — ruhiy-ma'naviy inqirozning belgilaridir. Moddiy quyosh bilan birga ma'naviy quyosh hisoblanmish kitob ham bo`lmas ekan, dunyo zulmatga aylanadi. Zamonamiz analiz-sintez — mushohada zamoni. U bizdan shiddat bilan kechayotgan lahzalarda oxir-oqibatda qayerga borishi va nimaga erishishini bilmagan holda tinmay shoshishni emas, balki insoniyat o`tmishi, sirlari va yutuqlarini chuqur o`rganish, teran fikrlash asosida o`zlikni anglash hamda kelajak tomon mas'uliyat bilan qadam tashlashni talab qilmoqda. Biz ruhiyatimiz, qalbimiz, ya'ni o`z olamimiz va tabiat bilan qayta til topishmoqchi ekanmiz, kitoblar mutolaasiga qaytishimiz zarur. Shunisi ham borki, kitoblarning barchasi ham o`qib-o`rganilishi muhim bo`lgan bilimlar manbai sirasiga kirmaydi. Ular orasida ma'nisiz, maqsadsiz va yovuz g`oya-mafkuralarni targ`ib etadiganlari ham uchraydi. Inson asl kitoblar, durdona asarlarning keraklilarini tanlay olishi, uni aqli va qalbi bilan idrok etib, zavqlanib, ta'sirlanib hamda qiziqib o`qishi darkor. Kitobni shunchaki o`qib qo`yish bilangina ruhning, qalbning pok bo`lishiga erishib bo`lmaydi. Har bir kitobxon kitobdagi bilimlarni ongiga jo qilib, uni hayotiy faoliyatida munosib qo`llay olsagina, bu chinakam muvaffaqiyatdir.
Darhaqiqat, Inson ichki olamini hech narsa kitobchalik benazir boyita olmaydi. Ruhiyatimizni hech narsa kitobchalik, o‘qish-o‘rganish, mehnatchalik muvozanatga, to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi. Hattoki, intellektual rivojlanishda ham kitob eng asosiy o‘rin tutadi. Chunki kishining o‘zini-o‘zi tarbiyalashida kitob ham bilim manbai, ham o‘zini yaxshi tomonga o'zgartirish, taqqoslash, taqlid qilish, munozara yuritish, bahslashishda ma’lum darajada ko‘zgu vazifasini o‘taydi.
Hayotda inson yolg‘iz o‘zi yashay olmaydi. Albatta, atrofidagi odamlar bilan munosabatda bo‘ladi. Ana shu munosabatlarda qiynalgan, to‘g‘ri yo‘l izlagan paytda suygan kitobimizga murojaat qilamiz. Ba’zan ulardan quvvat olib, tog'ri yo‘lni o'zimiz uchun lozim tutamiz. Demak, biz avvalo kitobdan ilmni, sabrni, insonlar bilan go'zal muomalada bo'lishni hamda kechirimli bo'lishni o'rganamiz. Evaziga esa halovat topib, ruhiy muvozanatimizni to‘g‘rilaymiz. Xalqimiz orasida "Ilmsiz-bir yashar, ilmli-ming yashar", degan maqol bejizga aytilmagan. Inson har bir ilmni ustoz va albatta kitobdan o'rganadi. Kitob insonning eng yaqin do'stidir. Hozirda yoshlarimiz asosiy axborotlarni televideniya va internet orqali olmoqda. Shu bois yoshlarni kitob o’qishga bo’lgan qiziqishlarini kuchaytirish, ularning ma'naviy saviyasini oshirishda kitob muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo, bugungi kunda yoshlarimiz orasida kitob o'qish, kitobni o'rganish ancha sustlashib qoldi. Albatta bu achinarli holdir. Avvalo ota-onalar hushyor bo'laylik, farzandimiz nimaga qiziqishini va qanday kitob o'qishini muntazam nazorat qilib boraylik. Ularni kitob o'qishlari, ilm olishlari uchun sharoit yaratib, kutubxonamizni kitob bilan boyitaylik. Buyuk shoir va mutafakkir Hazrat Alisher Navoiy: "Kitob - beminnat ustoz. U har daqiqa bizni donishmandlarning bilim xazinasi bilan oshno eta oladi", degan edilar. "Yoshlarimizning ma'naviy dunyosini yuksaltirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash eng muhim vazifalarimizdan biridir",- deb ta'kidlagandi O’zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov. Kitob farzandlarimiz ta'limi va ma'naviy tarbiyasida eng muhim omil bo’lib xizmat qilmoqda. Kitoblar insoniyatning eng boy bilim xazinasi sandig’idir, desak xato qilmaymiz. Kitob doim bizni fikrlashga, dinni o'rganishga, halol yashashga, Vatanni sevishga, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilish va ma'naviy me'rosimizni asrashga hamda ezgulikka chorlab kelgan. Shuning uchun kitoblar millatning madaniy me'rosi sifatida boqiydir. "O’z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo’q", deb yozadi O’zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov o’zining "Yuksak ma'naviyat yengilmas kuch" asarida. O’zbekiston o’zining ko’p asrlik madaniyati durdonlarini, jahonga mashhur allomalarining ilmiy-adabiy me'rosini, jumladan ular qoldirgan noyob kitoblarini kelajak avlod uchun avaylab-asrab, yosh avlod o’rtasida ommalashtirib, keng targ’ib qilib kelmoqda. Darhaqiqat, kitob – bilim manbai. Kitob mutolaasi esa insonni hayoti davomida mukofot bilan taqdirlovchi sharafli mehnatdir. Bu borada farzandlarda kitob mutolaasiga mehr uyg’otishda oila muhim ahamiyat kasb etadi. Farzandlarimizda kitobga mehr uyg’otishga harakat qilaylik. Kitob bizga ulkan ta’sir ko‘rsatib, juda katta chuqur hayotiy tajriba berishini ham aslo yodimizdan chiqarmaylik. Olimlarimizdan biri kitob haqida shunday degan edi: "U kishini ziyoli qiladi, unda go'zallik tuyg‘usinigina emas, hayotni, uning butun murakkabliklarini tushuntirish kabi qimmatli tuyg‘uni rivojlantiradi, boshqa davrlar va boshqa xalqlarni tushunishda yo‘lboshchilik qiladi, sizga kishilarning qalbini ochib beradi. Bir so‘z bilan aytganda, sizni donishmand qiladi". Shunday ekan xulosa o'rnida shuni aytmoqchimizki, kitob o‘qishdan aslo to'xtamang. Hozir kitobdan olgan barcha yaxshi fazilatlarni bir umr qalbingizda saqlab qoling. Zero, kitob insonni doimo yaxshilikka yetaklaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |