18.5 Bort ziylariga ishlov berish usullari.
Bortga bezak baxyaqatorli ishlov berilsa, bort va adip qaytarma uchlari o’ngiga ag’dariladi va bort bilan etak ziylariga pirovard shakl berish uchun, shuningdek, bu shaklni vaqtincha saqkab turish uchun, bort bilan adip qaytarmasi ziylarini ko’klanadi, kiyim etagi esa bukib ko’klanadi. Ziylar maxsus mashinada ko’klanadi. Adip qaytarma ziylari old bo’lak tomondan ko’klanadi. Etak, bukish haqi tomondan belgi chiziq bo’ylab bukib ko’klanadi. Ort bo’lak kesimli bo’lsa, kesim burchaklarini ham ziyi ko’klanadi. Ziy ko’klanayotganda adip qaytarmasida 0,1-0,15 sm kenglikda adipdan, bortlarda 0,1-0,2 sm kenglikda old bo’lakdan kant hosil qilinadi. Taqilmasi yuqorigacha yetadigan kiyimlarda old bo’laklardan 0,1-0,2 sm kenglikda kant hosil qilib, adip tomondan bort ziylari ko’klanadi. Adipning ichki cheti maxsus mashinada, qirqimidan 2-3 sm masofada baxyaqator yuritib old bo’lakka ilintirib ko’klanadi.
Bort ziyiga yolg’on qaviq bilan ishlov berishda, ziy yashirin baxyali maxsus mashinada, qo’lda yashirin qaviq bilan yoki yelim plyonka bilan mahkamlanadi. Bu operatsiya bort ziyi ko’klanganda, hamda kiyim etagi bukib ko’klangandan keyin bajariladi.
Ziy yelim plyonka bilan ishlanganda ,old bo’lak teskarisiga uning ag’darma chokidan 0,1 sm masofada yelim plyonka qo’yiladi. Buning uchun ,bort ag’darma chok bilan tikilayotganda, kengligi 0,3-0,4 sm chok haqi qoldiriladi. Kiyim etagining teskarisiga uning bukish haqi chizig’idan bukish haqi tomondan 0,1 sm qoldiriladi. Kiyim etagining teskarisiga, uning bukish haqi chizig’idan bukib ko’klangandan keyin maxsus mashinada yoki qo’lda yolg’on qaviq solinadi.
Bort ziyiga o’rgimchak uya yelimli material qo’yib ishlanganda, bort bilan adip uchlari o’ngiga ag’darib to’g’rilanadi. Bort bilan adip qaytarmasi ziylarini ko’klayotganda, kengligi 1-1,5 sm bo’lgan o’rgimchak uya yelimli materialni chok haqi tagiga qo’yib ketiladi.
Bort chetlari dazmollangan paytida, bu yelimli material asosiy materialga yopishtirib bort ziylarini va etak bukish haqini mahkamlaydi.
Bortning chetlariga uzil-kesil shakl berish uchun namlab-isitib ishlov beriladi. Kiyim chetlari bo’lib-bo’lib presslanadi. Adip qaytarmasi old bo’lak tomondan, bort esa adip tomondan taqilma yuqori izmasidan boshlab, kiyim etagigacha presslanadi. Bortning bezak baxyaqatorini yoqasi avrali gazlamadan bo’lgan kiyimlarda kiyimga yoqa o’tkazikgandan keyin ,ayni vaqtda bortni, adip qaytarmasini yoqaning cheti bo’ylab yuritish, mo’yna yoqali kiyimlarda esa yoqaning kiyimga o’tkazishdan oldin yuritish tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |