26-Mavzu: Eng qadimgi davrlardan XIX asrning birinchi yarmida jahon pedagogika fanining rivojlanish tarixi. Y. A.Komenskiyning pedagogik nazariyasi.
REJA
Qadimgi Sharq, Qadimgi Yunoniston, Qadimgi Rim davlatlarida maktab va tarbiya. qadimgi Yunoniston faylasuflari tarbiya to‘g‘risida.
Qadimgi Rimda pedagogik g‘oyalar rivoji.
XII asrda Rossiyada pedagogik adabiyotlarning nashr etilishi.
Y.A.Komenskiyning pedagogik nazariyasi.
Rus pedagog-olimlarining pedagogik g‘oyalari. G‘arbiy Yevropada maktab va pedagogik fikrlar.
Iogann Genrix Pestalotsiyning didaktika va boshlangich ta’lim metodikasiga qo‘shgan hissasi.
Adolf Distervergning rivojlantiruvchi ta’lim nazariyasi. Y.A.Komenskiyning pedagogik nazariyasi
Tarixiy manbalardan bizga ma’lumki, qadimiy sharqda ibtidoiy jamoa tuzumi yemirilib, uning o‘rniga yangi quldorlik tuzumining paydo bo‘lishi moddiy va ma’naviy madaniyatga asos solinishiga zamin yaratdi. Ayniqsa qadimiy Yunoniston (Gretsiya) xalqlari bu madaniyatni ma’lum darajada qabul qilib, uni qaytadan rivojlantirdi va butun jahon madaniyatiga, maorifiga ulkan hissa qo‘shganlar. Masalan: Xitoyda birinchi marta qog‘oz ixtiro qilingan. Hindistonda hisoblashning o‘nlik tizimi kashf etilgan. Mesopotamiyada esa yer kurrasini graduslarga, sutkani soatlar, minutlar va diqiqalarga bo‘lish o‘ylab topilgan.
Bizga ma’lumki, quldorlik tuzimi davrida Qadimiy sharq mamlakatlari orasida, ayniqsa Yunonistonda madaniyat, tarbiya, maktab va dastlabki pedagogik fikrlar boshqa mamlakatlarga nisbatan juda erta rivojlangan. Yunoniston unchalik katta bo‘lmagan quldorlik davlatlaridan (polislardan) iborat mamlakat bo‘lgan.
Lakoniya (bosh shahri Sparta) va Attika (bosh shahri Afina) Yunonistondagi davlatlarning eng mo‘tabarlari edi. Bu davlatlarning har qaysisida tarbiyaning o‘ziga xos tizimi yaratildi va shunga monand Sparta usulidagi tarbiya va Afina usulidagi tarbiya deb ataldi. Ammo bu ikkala davlat ham quldorlik davlati bo‘lganligi uchun ijtimoiy tarbiya tizimi quldorlarning bolalariga xizmat qilgan.
Spartada o‘g‘il bolalar 7 yoshgacha uyda yashar, keyin agella deb ataluvchi davlat maktablariga joylashtirilar va 18 yoshga yetguncha ana shu muassasalarda tarbiyalanib o‘qitilar edi. Hukumatga taniqli kishi (pelenom) butun tarbiyaviy ish- larga rahbar bo‘lib tayinlanar edi. O‘smirlarni jismoniy jihatdan tarbiyalashga alohida e’tibor berilgan. Shu bilan birga bolalarga musiqa, ashula va diniy raqslar ham o‘rgatilar edi. Tarbiya butun jamoaning ishi hisoblanadi, lashkarboshilar, davlat arboblari bolalar bilan axloqiy va siyosiy mavzularda suhbatlar o‘tkazib turdilar.
Qadimgi yunon tarixchisi, faylasuf olim Plutarx Sparta maktablaridagi ta’lim-tarbiya haqida gapirib, shunday deydi:
«O‘qish va yozishga kelganda bolalarga faqat ularning eng zaruri o‘rgatilar edi, tarbiyaning qolgan qismi esa bitta maqsad: hech so‘zsiz itoat qildirishni, chidamli bo‘lishni va yengish ilmini o‘rgatishni ko‘zda tutar edi».
Spartada ta’lim-tarbiyaning yana bir muhim vazifasi yoshlarni qullarga nisbatan shafqatsiz, ularni mensimaydigan qilib tarbiyalashdan iborat edi. Shu maqsadda yoshlar «Kreptiyalar»da, ya’ni kechalari qullarni tutish mashqlarida qatnashar, shubhali bo‘lib ko‘ringan har qanday qulni o‘ldirar edilar.
Davlat rahbarlari yoshlar bilan maxsus suhbatlar o‘tkazib, shu yo‘l bilan ularga axloqiy va siyosiy tarbiya berar edilar, bunday suhbatlarda ular bolalarga vatan dushmanlari bilan kurashda ota-bobolarning ko‘rsatgan mardligi va jasurligi haqida hikoya qilar edilar.
Yoshlarga axloqiy tarbiya berishda davlat rahbarlari maxsus suhbatlar o‘tkazib, shu yo‘l bilan ularga axloqiy va siyosiy tarbiya berar, bolalarni savol- javob jarayonida aniq va lo‘nda javob berishga o‘rgatgan. Yigitlar 18-20 yoshga yetganda «Efeblar» o‘spirinlar guruhida harbiy xizmatni o‘taganlar.
Qizlar uyda tarbiyalandilar, tarbiyada ularning ham jismoniy sog‘lom bo‘lishlariga, harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lib yetishuvlariga e’tibor berildi.
Spartada qizlar tarbiyasiga ham alohida e’tibor berilgan. Ularni harbiy va jismoniy tarbiya malakalari bilan qurollantirib borilgan. Chunki erkaklar jangga ketganlarida ular shaharni qo‘riqlab, qullarni itoatda saqlashini ta’minlar hatto jangga ham qatnashardilar.
Afinada esa hayot, tartib, intizom, maktab tizimi va undagi talim-tarbiya spartanikidan butunlay farq qilar, qullar xususiy mulk hisoblanar edi. Afinada eramizdan ilgarigi V-IV asrlarda madaniyat gullab yashnadi. Fan, me’morchilik va haykaltaroshlik rivoj topdi.
Ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan yetuk kishini, Afinada eng ko‘rkam va barkamol inson (ideal) hisoblangan.
Bolalar 7 yoshga yetguncha uyda tarbiyalanar, o‘g‘il bolalar 7 yoshdan boshlab maktabga qatnar, qizlar esa oilada ona ko‘magida uy-ro‘zg‘or ishlariga o‘rgatilar, chunki xotin-qizlar uy doirasidan chiqmas edi. Afinada bolalar dastlab 7 yoshdan 13—14 yoshgacha «grammatist» (savod o‘rgatish ma’nosida) yoki «kifarist» (yunoncha musiqa o‘qituvchisi ma’nosida) maktablarda tahsil olganlar. Bu xususiy maktablarda o‘qish pullik bo‘lgan. Shuning uchun kamxarj fuqarolarning bolalari ushbu maktablarda ta’lim ololmagan.
Maktablarda «didaskol» deb atalgan o‘qituvchilar mashg‘ulot olib borar edilar. (Men o‘qitaman, degan ma’nodagi «didasko» so‘zidan keyinroq «didaktika» — ta’lim nazariyasi kelib chiqqan).
O‘g‘il bolalarni maktabga qullar yetaklab borar edi, bunday qul pedagog deb atalgan («pays» - bola, «agogeyn» - yetaklab borish degan so‘zlardan olingan). Grammatist maktabida o‘qish, yozish va hisoblash o‘rgatilar edi, o‘qishda harflarni hijjalab o‘qitish usuli, so‘ng qo‘shib o‘qish usulidan foydalanganlar. Yozuvnio‘rgatishda mo‘m surilgan yaltiroq taxtachalardan foydalangan va ingichka cho‘p yordamida yozganlar. Sonlar barmoqlar, sopol toshlar, sanoq taxtasi yordami bilan hisoblangan. Kifarist maktabida adabiy bilim va estetik tarbiya berilar, ashula, deplomatsiyalar o‘rgatilar edi.
O‘g‘il bolalar 13-14 yoshga yetganlaridan keyin palestra («kurash maktabi») deb atalgan o‘quv yurtiga o‘tar, bu yerda ikki-uch yil davomida jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanardilar. Masalan: sakrash, yugurish, kurashish, disk va nayza uloqtirish, suvda suzish kabilar. Palestrada o‘qish tekin bo‘lgani uchun yoshlarning ko‘pchiligi shu yerda o‘qish bilan cheklanib qolar edi. Badavlatroq oiladan bo‘lganlari esa palestrani tugatgach gimnasiyga (jismoniy, ijtimoiy tarbiya) kirar edi. Ularga falsafa, siyosat, adabiyot fanlari o‘rgatilar, tahsilni tugatganlar esa davlat boshqaruvida qatnashishlari mumkin edi.
Nihoyat, Spartada bo‘lgani kabi, Afinada ham 18 dan 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar efeblar qatoriga o‘tib, harbiy xizmatga tayyorlanar va o‘zlarining siyosiy bilimlarini oshirishni davom ettirar edilar.
Aholining ko‘pchilik qismi bolalarni maktablarda o‘qita olmaganligi sababli ularga kasb-hunar o‘rgatish odat tusiga kirgan edi. Ayrim xat-savodi bor ota-onalar bolalariga o‘qishni o‘zlari o‘rgatar edilar. Bu davlat tomonidan qonunlashtirilib qo‘yilib bechorahol tabaqaga mansub ota-onalar o‘z bolalariga biror kasbni o‘rgatishga majbur edilar. Aks holda ularning bolalari kelgusida keksayib qolgan ota-onalari to‘g‘risida moddiy g‘amxo‘rlik qilishdan ozod etilar edilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |