Madaniyat funksiyalari. Ijtimoiy hodisa sifatida madaniyat ko‘p sonli funksiyalarni bajaradi. U insonning bilish faoliyatini o‘z ichiga oladi, ijtimoiy tajribani avlodlarga qoldirish va boshqa xalqlar madaniyatini o‘zlashtirish vositasi sifatida informativ funksiyani bajaradi. Madaniyatning rivojlanishi u boshqa madaniyatlar bilan aloqa qilishini taqozo etadi. Madaniyat normativ funksiyani ham bajaradi: u muayyan sivilizatsiyada shakllangan me'yorlarni amalga joriy etadi, shuningdek o‘z me'yorlari va qadriyatlarini yaratib, ularni inson hayoti va faoliyatining barcha jabhalariga tatbiq etadi. Ijtimoiy-madaniy jarayonda davlat hayoti qadriyatlari muhim ahamiyat kasb etadi: ideokratik, teokratik yoki siyosiy davlat boshqa-boshqa madaniy mo‘ljallarga tayanadi. Davlat o‘z negizini mustahkamlaydigan me'yorlarning ustunligini ta'minlaydi va o‘ziga tahdid solishi mumkin bo‘lgan me'yorlarni siqib chiqaradi. O‘z navbatida, madaniyat ham ijtimoiy tajribani saralash, uni ramziy tizimlarda mustahkamlashni amalga oshiradi.
Madaniyatning yana bir muhim funksiyasi insonni kamol toptirish hisoblanadi: individ madaniyatni o‘zlashtirish jarayonida shaxsga aylanadi. Madaniyat normativ tartibga solinadigan faoliyat sanalgani bois, u qadriyatlarni yaratish sohasi sifatida namoyon bo‘ladi. Madaniyat hodisalari ijtimoiy o‘zgarishlarni boshqaradi, ularni ijtimoiy muhim maqsadlarni amalga oshirishga yo‘naltiradi. Madaniyat qadriyatlari mazkur hamjamiyatda ijtimoiy mo‘ljal berish va tartibga solish funksiyasini bajaradi. Madaniyat ijtimoiy munosabatlar tizimiga xizmatlar ko‘rsatadi, bu yerda yuz beruvchi o‘zgarishlar va siljishlarni belgilaydi va tayyorlaydi, inson xulq-atvorini tartibga solishni ta'minlovchi maxsus mexanizmlarni yaratadi. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bevosita tartibga solish bo‘lishi mumkin (huquq, axloq, taqiq). Bu jamiyatning u yoki bu qadriyatlari va talablarini aks ettiruvchi ba'zi bir harakatlarni bajarishni buyurish orqali amalga oshiriladigan bilvosita tartibga solish bo‘lishi ham mumkin.
Madaniyat insonning jamiyatdagi o‘rnidan, uning diniy mansubligi yoki siyosiy qarashlaridan dalolat beruvchi ramzlarning keng tizimini yaratadi. Ba'zan mazkur guruhlar yoki qadriyatlarga bevosita mansublik ramziy xususiyat kasb etadi: individ diniy rasm-rusumlarda ma'naviy taskin topish vositasini izlamaydi, lekin o‘zining dindorligini namoyish etadi; u muayyan siyosiy maqsadlarga erishishga harakat qilmaydi, lekin o‘z niyatlarini e'lon qiladi va h.k. Shunga qaramay rasm-rusumlarni ado etish amaliyoti ham, jamiyat talablarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bajarish ham etnosning, uning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotining yaxlitligini ta'minlaydi.
Madaniyat vayronkor jarayonlarga qarshilik ko‘rsatadi, chunki u qadriyatlarni saralash mexanizmlariga ega. Natijada sivilizatsiyaning tor tarixiy ahamiyat kasb etuvchi hodisalari yo‘qlikka chekinadi, tarix uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan madaniy hodisalar esa umuminsoniy madaniyat xazinasidan o‘rin oladi. Bunyodkor hodisalarni ham, vayronkor hodisalarni ham o‘z ichiga oluvchi sivilizatsiyadan farqli o‘laroq, madaniyat o‘zining insoniyligi, ijobiyligi bilan tavsiflanadi. U inson faoliyati ijodiy asosining manbai hisoblanadi. Inson yaratgan har qanday predmet madaniyat hodisasi hisoblanavermaydi, xuddi shuningdek har qanday inson ham madaniyatli bo‘lavermaydi.
Madaniyatsizlik yoki madaniyat darajasining pastligi aholining bir qismi o‘z madaniyatidan ajralib qolganini anglatadi. Savodsizlik, axloqsizlik, madaniy me'yorlarga muvofiq bo‘lgan xulq-atvor, muloqot, mehnat ko‘nikmalari mavjud emasligi, tabiatga nooqilona munosabat va madaniyatsizlikning boshqa shunga o‘xshash ko‘rinishlari oqilona bo‘lmagan madaniy siyosat yoki uning umuman mavjud emasligi natijasidir. Ayni vaqtda madaniyatsizlik ongli siyosat natijasi bo‘lishi ham mumkin.
Madaniyat inson faoliyatining barcha jabhalarini qamrab oladi, jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va ma'naviy kichik tizimlarini birlashtiradi. Ammo madaniy jarayon chegarasi sivilizatsiya, uning me'yorlari bilan belgilanadi. Madaniyat sivilizatsiyada chuqur ildiz otgan bo‘lib, u bilan bir jon va bir tan hisoblanadi. Madaniyat va sivilizatsiyaning o‘zaro aloqasi shu darajada kuchliki, aksariyat faylasuflar va olimlar bu tushunchalarni ayniy deb hisoblaydilar. Bu bejiz emas: jamiyatning normal holatida ularni deyarli farqlab bo‘lmaydi. Sivilizatsiya va madaniyat birdir: o‘z madaniyatisiz sivilizatsiya bo‘lmaganidek, sivilizatsiyasiz madaniyat ham bo‘lmaydi. Madaniyat ham, sivilizatsiya ham normativ tabiatga ega. Ularning o‘rtasidagi farq shundaki, sivilizatsiya madaniy jarayonga shart-sharoit yaratadi, uni tartibga soladi. O‘z navbatida, madaniyat yangilik ijodkori sifatida sivilizatsiyaning rivojlanishiga zamin hozirlaydi. Ammo madaniyat sivilizatsiya bilan ayniy emas. U sivilizatsiya belgilagan ijtimoiy me'yorlarni amalda mujassamlashtirishni nazarda tutuvchi erkin faoliyatdir. Madaniyat jamiyat qadriyatlari, moddiy va ma'naviy boyliklari majmuidir.
Sivilizatsiya elementlaridan biri sifatida madaniyat unga muvofiq bo‘ladi, lekin mustaqil rivojlanishga qodir element sifatida u sivilizatsiya bilan ziddiyatga kirishishi mumkin. Mazkur ziddiyatning mavjudligi madaniyatning ham, sivilizatsiyaning ham rivojlanish manbaidir. Ularning o‘rtasida ayniylik nazariy jihatdan faqat sivilizatsiya madaniyatga o‘z hukmini to‘la o‘tkazishi sifatida mavjud bo‘lishi mumkin. Bu hayot faoliyatining texnik-mexanik, ma'naviyatsiz shakllari hukm surishini, shaxsning ijodiy tashabbusi bo‘g‘ilishini anglatgan bo‘lur edi. Inson hayotining barcha jabhalarida uning xulq-atvorini qattiq tartibga solish jamiyatni turg‘unlik saltanatiga aylantiradi. U o‘zgarayotgan sharoitlarga moslashish qobiliyatini yo‘qotadi. Shu sababli madaniyatning o‘limi muqarrar tarzda butun sotsiumni halokatga eltadi. Bu o‘z halokatidan keyin bir vaqtlar gullab-yashnagan madaniyat xarobalarini qoldirgan sivilizatsiyalar tarixida ko‘p karra kuzatilgan.
Ammo madaniyat va sivilizatsiya o‘rtasida tub tafovut mavjudligi ham sivilizatsiyaning halokatiga sabab bo‘ladi. Shu sababli sivilizatsiya madaniyatni ijtimoiy nazorat qilish mexanizmlariga ega bo‘ladi. Sivilizatsiya madaniyatning rivojlanishini belgilash va rag‘batlantirish yo‘li bilan uni cheklaydi, o‘z manfaatlariga bo‘ysundiradi. Sivilizatsiyaning yashovchanligi va faolligi sivilizatsiya mexanizmlarining madaniy shakllar rang-barangligini o‘z ideallari va andozalariga bo‘ysundirish qobiliyati bilan belgilanadi. Zero madaniyat vositalari bilan sivilizatsiyaning rivojlanishi, uning yangi sharoitlarga moslashishi muammolari hal qilinadi. Ayni vaqtda sivilizatsiyaning mavjudligi madaniyat vujudga kelgan andozalar, me'yorlar va qoidalarga rioya qilishga o‘zini majburlovchi cheklashlar konservatizmiga chek qo‘yishga qay darajada qodirligi bilan belgilanadi. Madaniyat o‘z tabiatiga ko‘ra qolip va andozalarga toqatsiz bo‘lgan ijod sohasidir. Agar u qat'iy normativ cheklashlarga barham bera olmasa, sivilizatsiya, aytaylik, ekologik halokatdan yoki aholi sonining o‘sishi va uni ommaviy halokat, ochlik va kasalliklardan himoya qilish qobiliyati o‘rtasida ziddiyatlarning kuchayishi natijasida halok bo‘lishi mumkin. Shu sababli madaniyat va sivilizatsiya o‘rtasidagi ziddiyatlar ularning rivojlanish manbai hisoblanadi, ularning ayniyligi esa turg‘unlik va halokatni anglatadi.
Sivilizatsiya madaniy jarayonga umumiy shart-sharoit yaratadi, u ulkan mintaqalar va qit'alarni qamrab oladigan olamshumul hodisadir. Madaniyat sivilizatsiya yaratgan zaminda vujudga keladi, individual, betakror, etnik xususiyat kasb etadi. Har bir sotsium individual asosining ifodasi sifatida madaniyat bir sivilizatsiyaga mansub xalqlar o‘rtasidagi farqlarni belgilaydi. U mazkur xalqqa xos bo‘lgan, uning etnik-ijtimoiy individualligini tashkil etadigan omillar: til, tarixiy taqdir, din, boshqa xalqlar bilan aloqalar va hokazolarni xulq-atvor qoidalari, odatlar, ma'naviy hayotda aks ettiradi. Ayni bir sivilizatsiya ko‘p sonli madaniyatlarni yaratadi. Masalan, yevropa sivilizatsiyasi fransuz, nemis, ingliz va hokazo madaniyatlarni o‘z ichiga oladi.
Me'yorlar, qoidalar, taqiqlar va amr-farmoyishlar majmui sifatida sivilizatsiya odamlar faoliyatini o‘ziga bo‘ysundiradi, uni tartibga soladi. Madaniyat – mazkur normalarga muvofiq amalga oshiriladigan erkin ma'naviy va moddiy faoliyat. Ammo normativ jihatdan maqbul bo‘lgan har qanday harakat madaniy bo‘lavermaydi. Masalan, tosh qurol teng darajada madaniyat predmeti deb nomlanishi, ayni vaqtda yashab qolish vositasi ham bo‘lishi mumkin. Erkin yunon dehqoni yerga ishlov berishi madaniy faoliyat bo‘lishi mumkin, ayni shu ish qul tomonidan nazoratchining qamchisi ostida bajarilishini esa, garchi qul erkin odam bilan ayni bir dehqonchilik amalini bajarayotgan bo‘lsa-da, madaniy deb nomlash mumkin emas. XX asr sivilizatsiyasi o‘zidan keyin inson tomonidan muhandislik hisob-kitoblariga ko‘ra, qurilish me'yorlari va qoidalariga muvofiq yaratilgan chiriyotgan sun'iy dengizlarni qoldirdi. U Orol dengizini quritdi, lekin Kaspiy dengizida suvni toshirib yubordi, natijada madaniyat ob'ektlarini suv bosmoqda.
Madaniyat inson faoliyati bilan uzviydir. Uning taraqqiyoti madaniy-tarixiy ijodda individlar va ijtimoiy guruhlar ishtiroki bilan belgilanadi. Sivilizatsiya – o‘z-o‘zini quvvatlovchi o‘zgarmas jamiyat, ijtimoiy statika manbai. Madaniyat – ijtimoiy dinamika manbai, u tarix talabiga javob berish va ijtimoiy o‘zgarishlarga zamin yaratishga qodir shaxslarni shakllantiradi va ayni vaqtda o‘zi ham mazkur shaxslar tomonidan shakllantiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |