Ayol kishi, avvalo, onadir. Qur’oni karimning bir necha oyatlarida onani e’zozlash, uning haqqini ado etish buyurilgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham hadislarining birida: “Jannat onalar oyog‘i ostidadir”, deb marhamat qilganlar. Islom ta’limotida oilali ayolning zimmasiga qator vazifalar yuklatilishi barobarida, oilada u o‘z haq-huquqiga ham ega ekani aytilgan. Rivoyat qilinishicha, sahobalar Rasulullohdan (s.a.v.): “Zimmamizda xotinlarimizning qanday haqlari bor?” deb so‘rashganida, u zot: “Yeganingizda uni ham yedirishingiz, kiyganingizda kiydirishingiz, yuziga urmaslik, qabih so‘zlar bilan haqorat qilmaslik, arazlashganda uydan chiqmagan holda o‘rinni boshqa qilib yotishingiz uning haqlaridir”, deganlar.
Payg‘ambarimizning (s.a.v.): “Ayollar erkaklarning ajralmas bir qismidirlar”, degan hadislariga binoan ayol kishi jamiyatning ajralmas bir bo‘lagi ekan, u ijtimoiy hayotda o‘z mavqeiga ega bo‘lib, ilm olishga, kasb-hunar qilishga haqlidir. Shunga binoan bugungi kunning ayoli ham unga berilgan haq-huquqlardan oqilona foydalanish bilan birga, ayollik iffatini saqlab, o‘z sha’niga dog‘ tushirmaslikka harakat qilishi lozim. Ularni turli yomonlik, xavf-xatar va illatlardan himoyalash, hurmatini joyiga qo‘yib, chiroyli munosabatda bo‘lish esa erkaklarning zimmasidadir. Chunonchi, Rasululloh (s.a.v.) ayollarga yaxshi munosabatli bo‘lishga buyurib, bunday marhamat qiladilar: “Mo‘minlarning imon jihatidan komilrog‘i xulqi yaxshi bo‘lganlaridir. Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahlu ayoliga yaxshi bo‘lganlaringizdir”.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini ta’minlash borasida izchillik bilan amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning huquqiy asosi Bosh qomusimizda o‘z ifodasini topgan. Insonning, shu jumladan, xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydigan milliy qonunchiligimiz me’yorlari esa Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga hamohangdir.
Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ayollarimiz salomatligini saqlash, ularni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, ijodiy-aqliy salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Bugun O‘zbekistonda xotin-qizlarga ehtirom ko‘rsatish, ularning huquqlarini muhofaza qilish, salomatliklari uchun qayg‘urish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar xalqaro miqyosda ham keng e’tirof etilmoqda. Ayollarimiz mohir uy bekasi, jonkuyar ona bo‘lishi bilan birga yurtimizdagi ijtimoiy, madaniy va siyosiy jabhalarda erkaklar bilan birdek faol ishtirok etayotirlar
Do'stlaringiz bilan baham: |