SUDLAR TOMONIDAN NIKOHDAN AJRATISHGA OID ISHLAR BO‘YICHA QONUNCHILIKNI QO‘LLASH AMALIYOTI TO‘G‘RISIDA
Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga doir ishlarni ko‘rishda qonunchilikning qo‘llanilishi shuni ko‘rsatadiki, sudlar oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni asosan to‘g‘ri hal etishmoqda. Ayni paytda mazkur toifaga oid ishlarni ko‘rishda sud amaliyotida nikohning tugatilishi, uni haqiqiy emas deb topish, shuningdek iqtisodiyot erkinlashuvi sharoitida er-xotin mulkiy munosabatlarini tartibga soluvchi qonunchilikni qo‘llash bilan bog‘liq masalalar kelib chiqmoqda.
Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga doir ishlarni ko‘rishda qonunchilikning to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga tayangan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida e’tirof etilganligi, unda oila davlat tomonidan himoya qilinishi kafolatlanganligi to‘g‘risidagi normalarning mavjudligi nikoh-oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishda sudlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Sudlar oila to‘g‘risidagi qonunchilik vazifalaridan kelib chiqib, qonunda nazarda tutilgan hamda oilani mustahkamlash, er-xotin va ularning bolalari huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan barcha choralarni ko‘rishlari lozim.
2. Tushuntirilsinki, Oila kodeksining 37-moddasiga muvofiq nikoh er-xotindan birining vafoti yoki ulardan biri sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida tugaydi.
Er va xotin hayotligida nikoh ulardan biri yoki har ikkalasining arizasiga ko‘ra nikohdan ajratish yo‘li bilan tugatilishi mumkin. Zarur hollarda, agar buni muomalaga layoqatsiz er yoki xotin manfaatlari himoyasi taqozo etsa, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ariza uning vasiysi tomonidan berilishi mumkin.
3. Oila kodeksining 42-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmagan umumiy bolalari bo‘lmagan er-xotinning o‘zaro roziligi bo‘lgan taqdirda nikohdan ajratish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida (bundan buyon matnda-FHDY organlari) amalga oshiriladi, er-xotin o‘rtasida mehnatga layoqatsiz muhtoj er yoki xotinga moddiy ta’minot berish yoki umumiy mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risida nizo mavjud bo‘lgan hollar bundan mustasno.
4. Oila kodeksining 43-moddasiga muvofiq, nikohdan ajratish quyidagi hollarda er-xotindan birining arizasi bo‘yicha, ular o‘rtasida voyaga yetmagan umumiy bolalar borligidan qat’i nazar, FHDY organlarida amalga oshiriladi, agar er-xotindan biri sud tomonidan:
bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa;
ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa;
sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa.
Qayd etilgan asoslardan birortasi mavjud bo‘lganda FHDY organi nikohdan ajratish to‘g‘risidagi talabni rad etishga haqli emas. Er-xotin o‘rtasida bolalar to‘g‘risida, mehnatga layoqatsiz muhtoj er yoki xotinga moddiy ta’minot berish yoki umumiy mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risida nizo mavjud bo‘lgan hollar bundan mustasno.
5. Tushuntirilsinki, OK 42-moddasi ikkinchi qismi va 43-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan barcha hollarda nikohdan ajratish sud tartibida amalga oshiriladi.
Nikohdan ajratish masalasi FHDY organlari vakolatiga taalluqli bo‘lgan ayrim hollarda ham u sud tartibida amalga oshirilishi mumkin, chunonchi, agar er-xotindan biri nikohdan ajratish to‘g‘risida ariza berishdan bosh tortsa yoki FHDY organiga ariza berish uchun shaxsan kelish imkoniyatiga ega bo‘lmasa yoxud ariza berib, nikohdan ajratishni qayd etish uchun hozir bo‘lmasa. Bunday holatlar mavjudligi FHDY organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ma’lumotnomalari va h.k.lar bilan tasdiqlanishi mumkin.
Shuni nazarda tutish lozimki, OK 43-moddasi birinchi qismida belgilangan nikohdan FHDY organlarida ajratish tartibi spirtli ichimliklar, narkotik vositalar yoki psixotrop moddalarni suiiste’mol qilishi oqibatida muomala layoqati cheklangan shaxslar bilan nikohdan ajratish hollariga tatbiq etilmaydi. Bunday shaxslarga nisbatan berilgan, shuningdek bunday shaxslar tomonidan berilgan da’volar bo‘yicha nikohdan ajratish sud tartibida amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |