O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining Davlat katalogi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining Davlat katalogi to‘g‘risidagi Nizom (keyingi o‘rinlarda Nizom deb ataladi) “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan va arxiv hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi (keyingi o‘rinlarda MAF deb ataladi) tarkibiga kiritilgan arxiv fondlarining markazlashtirilgan davlat hisobini yuritishning yagona tartibini belgilaydi.
II. Umumiy tushunchalar
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
Milliy arxiv fondining Davlat katalogi — arxiv hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv fondlarining hajmi va tarkibi to‘g‘risidagi asosiy ma’lumotlardan iborat bo‘lgan hisobga olish hujjati;
fond varaqasi — arxiv hujjatlarining soni, tarkibi, saqlanish joyi haqidagi ma’lumotlardan iborat bo‘lgan hamda arxiv ishi bo‘yicha hududiy boshqarmalardagi fondlarni va saqlov birliklarining umumiy sonini hisobga olish uchun mo‘ljallangan varaqa;
saqlov birligi — arxivdagi o‘z hisob raqamiga ega bo‘lgan (yig‘majild, loyiha, albom, fotohujjat, kinolentalar o‘rami, mikrofilm va h.k.) alohida hujjatlar guruhi (alohida hujjat);
fond katalogi — fondlar varaqalaridan iborat bo‘lgan hamda arxiv hujjatlari MAF tarkibiga kiritilgan arxiv fondlarining hajmi va tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning markazlashtirilgan hisobini yuritish uchun mo‘ljallangan katalog;
arxivni jamlash manbalari — arxivlarni ularning yo‘nalishi bo‘yicha tarixiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa arxiv ahamiyatiga ega bo‘lgan hujjatlar bilan tizimli ravishda to‘ldirib boruvchi yuridik va jismoniy shaxslar (fondlarni tashkil etuvchilar).
III. O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi Davlat katalogining maqsadi va vazifalari
3. O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining Davlat katalogi (keyingi o‘rinlarda Davlat katalogi deb ataladi) MAF tarkibiga kiritilgan hamda davlat va nodavlat arxivlari (keyingi o‘rinlarda arxivlar deb ataladi), shuningdek idoraviy arxivlarning mas’ul saqlovida bo‘lgan arxiv fondlari, arxiv hujjatlarining markazlashtirilgan davlat hisobidir.
4. Davlat katalogi:
arxiv hujjatlari MAF tarkibiga kiritilgan arxiv fondlarining tarkibi, hajmi, ularning to‘ldirib borilishi, harakati va arxivlarga doimiy saqlashga berilishining tizimli va markazlashtirilgan hisobini, nazoratini olib borish;
arxiv hujjatlari MAF tarkibiga kiritilgan arxiv fondlarining tarkibi va hajmi, ularning o‘zgarishi, shuningdek ularni saqlash joylari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini tizimli shakllantirish uchun yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |